“Aptis for teachers” test sinovlari chet tili o‘qituvchilariga nega kerak?
Past Darg‘om tumanidagi 21-umumiy o‘rta ta’lim maktabida tumandagi maktablarning chet tili fani o‘qituvchilari uchun “Chet tilini o‘qitishda zamonaviy innovatsion texnologiyalardan foydalanish va uning samaradorligi” mavzusida seminar-trening bo‘lib o‘tdi.
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti Samarqand filiali professor-o‘qituvchilari tomonidan tashkil etilgan tadbirda 2020 yil 2 martda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi va Britaniya Kengashi o‘rtasida imzolangan kelishuvga asosan chet tillari o‘qituvchilarining bazaviy lavozim maoshlariga oylik ustama belgilash uchun asos bo‘ladigan “Aptis for teachers” test sinovi va uning komponentlari haqida ma’lumot berildi.
- Seminar-trening umumta’lim maktablari hamda oliy ta’lim muassasalarining o‘zaro hamkorligini kuchaytirish, olis maktablarda ta’lim-tarbiya sifatini oshirish, o‘quvchilarni OTMlarga kirish ko‘rsatkichini ko‘paytirish maqsadida tashkil etildi, - deydi Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti Samarqand filiali direktori, professor O. Murtazoyev. – Tadbirda chet tili o‘qituvchilarining bilimlarini oshirish maqsadida o‘tkaziladigan “Aptis for teachers” imtihoni haqida tushuncha berildi. Imtihon har oyda bir marotaba Davlat test markazi tomonidan kompyuter orqali topshirilib, talabgorlarning so‘z boyligi, grammatik bilimlari, tinglab tushunish, o‘qish, yozish va gapirish ko‘nikmalari sinovdan o‘tkaziladi. Test natijalari 72 soat ichida www.dtm.uz saytida, o‘qituvchining shaxsiy kabinetida e’lon qilinib, natijalari CEFR shkalasi bo‘yicha “S” darajasiga to‘g‘ri keladi.
Seminar-treningda o‘qituvchilar faol ishtirok etib, umumta’lim maktablari bilan OTMlar o‘rtasida hamkorlik borasidagi ishlarni yanada takomillashtirish to‘g‘risida fikr va mulohazalar bildirildi.
Mustafo Osmanov.