Tandir to‘la yopildi non...
Non – xalqimiz uchun tanovul qilinadigan, oziqlantiradigan, kuch beradigan oddiy ozuqadan o‘zgacha maqomdagi bir ne’mat. Uning ushog‘ini ham o‘pib, ko‘ziga surtadigan ota-bobolarimizdan meros bir qadriyat asosida tarbiyalangan avlodmiz.
Tandirdan uzilayotgan nonchalik xushbo‘y ifor bo‘lmasa kerak dunyoda. Va tandirda, chirsillab turgan cho‘g‘da qizarayotgan nonni tomosha qilishdan oladigan zavqni, bu go‘zallikni boshqa joydan topib ko‘ringchi. Topolmaysiz... Maqolada nonning mana shu sehri haqda so‘z yuritamiz.
Shunchaki yemak emas

U shunchaki yemak emas, uni azaldan muqaddas rishtalar bog‘lanish, uzoq safarga otlanish, qadrli insonlarni yo‘qlash va boshqa ko‘plab rishtalarni, bog‘lashda muhim bir ne’mat sifatida qadrlab keladi xalqimiz. Farzandlarimiz ulg‘ayib, ularni uylash harakatiga tushib, kelin izlay boshlaymiz, rozi-rizochilikdan so‘ng, avvalo, “non sindirish” marosimi bilan yaxshi niyatda, yangi hayotga poydevor qo‘yiladi. Bu yoshlar nasib etib, farzandli bo‘lishsa, beshik yostiqchasi yoniga kulcha non qo‘yadi momolarimiz, bolajonning rizqi butun bo‘lsin, degan yaxshi niyatlar bilan. Qadam tashlay boshlasa ham kulcha yopib, bo‘g‘irsoq pishirib, qo‘ni-qo‘shniga tarqatiladi. Qadamlari qutlug‘ bo‘lsin, deya ko‘nglimiz yorishadi. Safarga otlanayotgan kishilarga non tishlatadi, qo‘liga bir juft non tutqazadi onalar.
Ha, non bilan bog‘liq bunday marosimlarimiz juda ko‘p. Eng muhimi, har birimizning xotiralarimizda non hidi, ta’mi, pishirilishi bilan bog‘liq shirindan-shirin, totli, eslasak entikadigan voqealarimiz bor. Hatto ko‘ngli qattiq insonlar ham bunday holatlar bilan ishim yo‘q, desa-da eslasa, non bilan bog‘liq iliq xotiralari yuzaga chiqaveradi.
Non pishgan uyda ginalar unutiladi

Yaqinda qaysidir bir xalqning hikmatli fikrlari orasida “Non pishgan oilada baraka bo‘ladi, oila boshi shu ro‘zg‘ordan boshqasiga ketmaydi”, degan fikrlarni o‘qib qoldim. Rost, non hidi oilani jipslashtiradigan, ahillikka undaydigan eng sehrli bo‘ylardan biri. Aslida bir oilada, ayniqsa, bir nechta farzandlar ulg‘ayib, kamol topayotgan xonadonda birlikni, totuvlikni saqlab yurish oson yumush emas. Garchi bir qorindan talashib tushgan bo‘lsa-da, ulg‘aygach, kezi kelganda farzandlaring bilan qarashlaring ham to‘g‘ri kelmay qolishi mumkin. Nimadir kelishmovchiliklar, tushunmovchiliklar kelib chiqishi tabiiy hol.
Esimda, kelinlik paytimda oilamizda shunday tushunmovchiliklar bo‘lib qolsa, qaynonam hech kimga ortiqcha tanbeh bermas, darhol xamir qorishga unnab ketardilar. Garchi alohida yashasa-da, katta farzandlari oilasidagi gap-so‘zlarni sezardimi, ularga qo‘ng‘iroq qilardilar.
- Bolam, non yopyapman, kelin, bolalarni olib... tushlikka kelinglara...
Er-xotin gaplashmay yurgan bo‘lsa-da, onani gapini ikki qilib bo‘lmaydi, ikkisi bolalarini olib, bir-biriga achchiq-tiziq qilib, ota hovliga kirib borardi.
Ota hovlida esa tandirda gurillab olov yonayotgan, ona oshxonada mehr bilan non yasayotgan bo‘lardi. Kelin bu yumushlarga qarashgan, o‘g‘il bolalariga parvona bo‘lib qoladi. Tandir oqarishi bilan nonlar tandirga yopilar, onaning yuzi cho‘g‘ taftidan qip-qizil bo‘lib, bolalariga mehr bilan tikilardi. Axir unga ularning inoq yashashidan bo‘lak nima kerak. Biri gapirganda, biri to‘xtasa bo‘ldida. Non yopayotib, shu gaplarni keliniga aytib oldi. Tandirda non qizara boshlaydi, ona nonlarni yuziga suv sepadi, undan taralayotgan non isiga o‘ralashgan tutun hidi dimoqni qitiqlaydi. Beixtiyor bundan yoqimli hid bormikan, dunyoda, deb yuborasan.
- Aya, nonlar bugun boshqacha chiroyli chiqibdimi, - deydi kelinning chehrasi ochilib, ginalarni unutib.
- Otang yaxshi un tanlabdida, - deydi ona go‘yo hammasi oilaboshi, u xonadonga keltirgan bir qop un tufayli bo‘layotgan, uning bu zahmatlari arzimasday ma’noni yuklatib fikriga.
Mo‘’jazgina dasturxon atrofiga o‘g‘illaru, kelinlar, bola-baqra yig‘iladi, o‘rtadagi ikkita issiq non o‘rtasida sariyog‘ erib, hovuri chiqib turganini ko‘rgan bolalar chuvillashib, “mengayam” deya qo‘l cho‘zadi. Hammaning qo‘lida bo‘lak non, bitta nonga uzalib, sariyoqqa botirib, ishtaha bilan kim piyozli, kim go‘shtli, kim oddiy nondan tanovul qila boshlaydi.
- Ma, mana bu nondan yeb ko‘rgin, sen yoqtirganday “chitirlab” turibdi, - keliniga non uzatadi qaynonasi. Hamma bir-biriga mehr bilan qaraydi, shu taxlit gina-kuduratlar unutilib, hamma o‘z uyiga tarqaladi...
Tashrif qog‘ozimiz
Non boshqa millatlar uchun bilmadimu, ammo bizning xalq uchun ana shunday, juda ko‘p munosabatlarni tiklaydigan, mehmonnavozligu, diydor ko‘rishish, mehr-oqibat, ahillikni tiklaydigan bir vosita sifatida ulug‘lanadigan ne’matga aylanib ulgurgandi. Bir oiladagi muhitda nonning ahamiyatini ba’zida sezib, ba’zida sezmay ulg‘ayamiz. Ammo bugunga kelib biz bilgan, ko‘rgan bu qadriyatlar biroz unutilyaptimi, degan fikrga borasiz. Afsuski, bugun hatto qishloqlarda ham uylardagi tandirda non yopilmayyotgani eshitaman. Ehtimol, shuning uchun ham oiladagi mehr, ahillikka putur yetayotgandir, degan xayollar ham o‘tadi. Kim biladi, deysiz. Bu qadriyatlarni avloddan-avlodga o‘tkazish, bu zanjirni uzmaslik juda muhim jarayon.
Uyda pishirilgan non bizga yemak va mehr bo‘lsa, jamiyat miqyosida olib qaraydigan bo‘lsak, unga yuklatiladigan boshqa bir vazifalari ham borligini sezasiz. Non – bugun mamlakatlar, xalqlarning o‘ziga xos tashrif qog‘oziga aylanib borayotir. Keyingi yillarda uni alohida e’tirof etish, non ko‘rgazmalari o‘tkazish va boshqa qator choralar tashrif qog‘ozini butun dunyoga namoyish etish barobarida qadriyatlarimizni asrab qolish bilan ham belgilanadi. Bu qadriyat va ta’mni xalqaro miqyosda tanitish maqsadida yurtimizda ilk bor "Samarqand nonlari" festivali o‘tkazildi. Ushbu festival davomida mamlakatimizdagi 50 turdan ziyod noyob non turlari, non pishirish bo‘yicha ustalardan mahorat darslari, qadimiy tandirlarda non tayyorlash jarayonlari, hunarmandchilik va sharq shirinliklari ko‘rgazmalari namoyish etildi.
“Samarqand noni” o‘z maqomiga ega bo‘ldi
Muhim yangiliklardan biri "Samarqand noni" geografik ko‘rsatkich sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi bo‘ldi. Bu nima degani o‘zi?
"Geografik ko‘rsatkichlar to‘g‘risida"gi Qonunga ko‘ra, tovarni muayyan geografik ob’yekt hududidan kelib chiqqan tovar sifatida identifikatsiyalovchi belgi geografik ko‘rsatkich deb e’tirof etilib, unda tovarning sifati, nom qozonganligi yoki boshqa xususiyatlari uning geografik jihatdan kelib chiqishiga sezilarli darajada bog‘liq bo‘ladi.
Adliya vazirligi geografik ko‘rsatkichlarni huquqiy jihatdan muhofaza qilish sohasidagi vakolatli organ hisoblanadi. Samarqand viloyat adliya boshqarmasi va "Intellektual mulk markazi" davlat muassasasining ko‘magi bilan joriy yil dunyoga mashhur "Samarqand noni" geografik ko‘rsatkich sifatida Adliya vazirligi tomonidan davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.
Uch yilgacha saqlash mumkin
- Samarqand deyilganda, qadimiy shaharning bir necha asrlik tarixiy obidalari bilan birga quyoshga mengzalgan nonlari ko‘z oldimizga keladi, - deydi Samarqand turizm kolleji o‘qituvchisi, non va non mahsulotlari mutaxassisi Dilafro‘z Qurbonova. - Bu nonning o‘ziga xos mazasi, ko‘rinishi, sifati necha zamonlarki, barchani hayratlantiradi. Galaosiyo mahallasining aholisi novvoylik bilan shug‘ullanadi. Buning ham o‘ziga xos tarixi bor. Mahalladan qadimdan Siyob va Obi Rahmat ariqlari o‘tgan. Ular tezoqar ariq bo‘lib, ba’zi joylari balanddan pastga qarab tushadi. Shu bois bu yerda tegirmonlar ko‘p bo‘lgan. Tegirmonchilar yanchilgan bug‘doy changini yig‘ib, alohida xaltaga solgan va o‘zlari non qilib yeyishgan. Ajablanarlisi, bu undan tayyorlangan non boshqa joylarda galaosiyonikidek chiroyli, shakldor va mazali chiqmagan. Asta-sekin mahallada tegirmonchilardan novvoylar avlodi, sulolasi shakllangan. Bugungi kunda Samarqandda keng tarqalgan, sevib iste’mol qilinadigan non turlari orasida osiyoi noni, shirmoy non, uy noni, obi-non, gijda non, jizzali non, patir non, qatpatir noni, zog‘ora noni, yog‘li kulcha, lochira non, qozon patir, shirmoy patirni, ko‘k patir va boshqalarni sanash mumkin. Samarqand nonning 20 xili bo‘lib, ular bir-biridan xamirturushining retsepturasi, xamirning tayyorlanishi nonning yasalishi va naqshlari jihatidan farq qiladi.
Hozirgacha ham hech kim Samarqanddan Samarqand nonisiz kelmaydi. Aytishlaricha, haqiqiy Samarqand noni 3 yilgacha aynimas ekan. Uni ancha vaqtdan keyin ham yuziga suv purkab, tandir yoki pechda isitib tanovvul qilish mumkin. Samarqand nonlarida xamirni tayyorlash muhim o‘rin tutadi. Samarqand noni asosan qo‘lda tayyorlangani sababli ko‘p qo‘l mehnatini talab qiladi. Ammo shunday bo‘lishiga qaramay, bu ishni davom ettirayotgan sulolalar ko‘pchilikni tashkil etadi.
Maqolani yozar ekanman, ommaviy axborot vositalarida yana bir yaxshi xabar tarqaldi. Emishki, o‘zbek noni dunyoning eng yaxshi 50 noni ro‘yxatiga kiritilibdi. “CNN Travel portali dunyodagi eng yaxshi 50 non ro‘yxatini e’lon qildi, ular orasida o‘zbek noni ham bor. Ushbu ro‘yxat e’lon qilingan maqola izohida aytilishicha, gul va naqshlar bilan bezatiladigan, tandirda yopiladigan o‘zbek noni ta’mi, tayyorlanish usuli va ko‘rinishi bilan ajralib turadi. O‘zbekistonda har bir hududning noni o‘ziga xos shakl va mazaga ega ekanligi qayd etilgan. Ro‘yxatdan shuningdek, arman lavashi, italyan fokachchasi, fransuz bageti, gurji xachapurisi, rus karaviyi va yapon melonpani ham o‘rin olgan”.
Nima ham derdik, tandiri bor xonadonlar ko‘paysin, nonning totli ifori uyimizdan arimasin, ilohim!
Gulruh Mo‘minova.