Milliy qadriyatlar raqamli makonda jamoatchilikka taqdim etildi

Pushkin nomidagi viloyat axborot-kutubxona markazida Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limi tashabbusi bilan “Qadriyatim.uz” milliy platformasi hamda “Milliy qadriyatlar atlasi” kitob-albomi taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Taqdimot tadbirida ma’rifat targ‘ibotchilari, shoir va yozuvchilar, san’atkorlar, soha mutaxassislari hamda talaba-yoshlar ishtirok etdi. Ishtirokchilarga “Qadriyatim.uz” platformasining mazmun-mohiyati, asosiy vazifalari va imkoniyatlari, shuningdek, “Milliy qadriyatlar atlasi” kitob-albomining yaratilish jarayoni haqida batafsil ma’lumot berildi.

“Qadriyatim.uz” loyihasi Davlatimiz rahbarining topshiriqlari asosida ishlab chiqilgan bo‘lib, mamlakatimizning boy milliy, ma’naviy va madaniy merosini raqamli shaklda to‘plash, saqlash hamda keng jamoatchilikka yetkazishni maqsad qilgan.

Qayd etilganidek, ushbu platforma orqali o‘zbek xalqining milliy qadriyatlari, urf-odatlari va an’analari yagona markazlashgan axborot bazasida jamlanib, to‘liq raqamlashtirildi. Veb-sayt hamda Android va iOS operatsion tizimlari uchun mo‘ljallangan mobil ilovalar orqali foydalanuvchilarga qulay, zamonaviy va interaktiv formatda taqdim etilmoqda.

- Platformaning muhim jihatlaridan biri, - deydi Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limi rahbari Xolbek Ko‘bayev, - interaktiv xarita orqali hududlar kesimida milliy qadriyatlarni ko‘rish, video, foto va animatsion materiallar asosida tanishish, shuningdek, viktorina va so‘rovnomalarda ishtirok etish imkoniyati mavjudligidir. Bu esa, ayniqsa yoshlar orasida milliy qadriyatlarga bo‘lgan qiziqish va muhabbatni oshirishga xizmat qiladi.

Milliy qadriyatlarni asrab-avaylash va ularni kelajak avlodga yetkazish maqsadida Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tashabbusi bilan Madaniyat vazirligi hamda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi hamkorligida nashr etilgan “Milliy qadriyatlar atlasi” kitob-albomida milliy merosga oid suratlar, ma’naviyatni yuksaltirishga qaratilgan ilmiy va ma’rifiy fikrlar o‘z ifodasini topgan. Kitob-albom o‘zbek, rus va ingliz tillarida chop etilgan.