Chet tillarni o‘qitishda kommunikativ yondashuvning qanday samarasi bor?

Axborot almashinuvi jadallashib, xalqaro hamkorlik doirasi kengayib borayotgan hozirgi davrda chet tillarni bilish zamon talabi sifatida namoyon bo‘lmoqda. 

Ayniqsa, yosh avlodning raqobatbardosh mutaxassis sifatida shakllanishi, ularning kasbiy salohiyati va shaxsiy rivoji chet tillarni qanchalik samarali o‘zlashtirgani bilan chambarchas bog‘liq. Shu bois, chet tillarni o‘qitish jarayonida zamonaviy, ilmiy asoslangan va samarali pedagogik yondashuvlarni qo‘llash dolzarb ahamiyat kasb etadi. 

Ma’lumki, an’anaviy ta’lim tizimida chet tillarni o‘qitish jarayonida asosiy e’tibor, asosan, grammatik qoidalarni o‘rgatishga qaratilgan. Bunday yondashuv o‘quvchilarda muayyan nazariy bilimlarni shakllantirgan bo‘lsa-da, ularning tilni amaliy muloqotda qo‘llash ko‘nikmalarini yetarli darajada rivojlantirib berolmaydi. Holbuki, bugungi kun ta’lim talablari o‘quvchidan chet tilida erkin muloqot qila olishni, o‘z fikrini ravon va aniq ifodalashni hamda suhbatdosh nutqini to‘liq anglashni talab qiladi. Ana shu maqsadlarni amalga oshirishda kommunikativ yondashuv eng samarali usullardan biri sifatida alohida ahamiyat kasb etadi.

Kommunikativ yondashuvning asosiy mohiyati tilni o‘rganish jarayonini to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot faoliyati bilan bog‘lashdan iboratdir. Bu yondashuvda til qoidalar majmui sifatida emas, balki insonlar o‘rtasida fikr almashishga xizmat qiladigan tirik vosita sifatida o‘rgatiladi. Dars jarayonida o‘quvchilar turli hayotiy vaziyatlar asosida muloqotga kirishib, o‘z fikrlarini erkin bildirishga harakat qiladilar. Xususan, kundalik hayotda uchraydigan suhbatlar, rasmiy va norasmiy muloqot shakllari, turli ijtimoiy vaziyatlar modellashtirilishi o‘quvchilarning amaliy til ko‘nikmalarini shakllantirishga xizmat qiladi.

Kommunikativ yondashuv asosida tashkil etilgan darslarda dialog tuzish, rolli o‘yinlar, juftlik va guruhlarda ishlash kabi interfaol usullardan keng foydalaniladi. Bu kabi mashg‘ulotlar o‘quvchilarning faolligini oshirib, ularni ta’lim jarayonining bevosita ishtirokchisiga aylantiradi. Natijada o‘quvchi passiv tinglovchi bo‘lib qolmay, balki bilimni faol ravishda o‘zlashtiruvchi sub’yekt sifatida shakllanadi. Bu esa bilimlarning mustahkam va barqaror o‘zlashtirilishiga olib keladi.

Kommunikativ yondashuvning muhim jihatlaridan biri o‘quvchilardagi psixologik to‘siqlarni bartaraf etishga qaratilganidir. Ya’ni, o‘quvchilar chet tilida gapirish jarayonida xato qilishdan qo‘rqmaydi, o‘z fikrlarini erkin bayon etishga odatlanadi. Xatolar ta’lim jarayonining tabiiy qismi sifatida qabul qilinib, ular ustida tizimli ish olib borish orqali til ko‘nikmalari takomillashtiriladi. Bu holat esa o‘quvchilarning o‘ziga bo‘lgan ishonchini oshirib, nutqiy faollikning yanada rivojlanishiga zamin yaratadi.

Tajribalar shuni ko‘rsatadiki, kommunikativ yondashuv asosida tashkil etilgan darslar o‘quvchilarning nutqiy faolligini sezilarli darajada oshiradi. Ayniqsa, gapirish va tinglab tushunish ko‘nikmalarining qisqa vaqt ichida rivojlanishi kuzatiladi. Shu bilan birga, mazkur yondashuv o‘quvchilarda chet tilini o‘rganishga bo‘lgan qiziqishni kuchaytiradi, ularni mustaqil fikrlashga va faol muloqotga undaydi.

Xullas, kommunikativ yondashuv chet tillarni o‘qitishda zamon talablariga to‘liq javob beradigan, ilmiy jihatdan asoslangan va yuqori amaliy samaraga ega metod hisoblanadi. Ushbu yondashuvni ta’lim jarayoniga izchil ravishda joriy etish orqali o‘quvchilarning chet tilini amaliy jihatdan puxta o‘zlashtirishiga erishish, shu orqali ta’lim sifatini yanada oshirish mumkin. Bu esa kelajakda bilimli, faol va raqobatbardosh avlodni tarbiyalashda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.

Sanobar Qipchaqova, 

SamISI dotsenti.