AQSh kompaniyasi Jizzaxda soya yetishtiradi

Jizzax viloyat hokimligi va AQSh ning nufuzli “Alfa Eko” kompaniyasi negizida tashkil topgan “Amerika soya loviyasi korporatsiyasi” (American soybean corporation) o‘rtasida viloyat dalalarida soya yetishtirish bo‘yicha hamkorlik memorandumi imzolandi. Bu haqda xs.uz xabar bermoqda.

-Yurtingizning iqlimi, tabiiy sharoiti, quyoshga to‘yingan tuproq soya yetishtirish va uni parvarishlash uchun juda mos keladi, - deydi “American soybean corporation” prezidenti Fima Potik. – Biz, dastlabki yili 100 ming gektar maydonda dehqonchilik qilamiz, O‘zbekistonga moslab urug‘ navini yaratamiz, uning hosildorligini oshirish chorasini ko‘ramiz, mahalliy mutaxassislarni tayyorlaymiz hamda ularni Amerikada o‘qitib kelamiz.

Memorandum doirasida viloyatga 350 million AQSh dollari miqdorida investitsiya kiritishga erishildi. Shuningdek, soyani ekish, qayta ishlash, tayyor mahsulot holatiga keltirish, ichki bozorni ta’minlash, ortiqchasini xorijga eksport qilish, yangi logistika markazlarini qurish hamda klaster tashkil etish, soya chiqindisidan chorva mollari uchun ozuqa mahsulotlari ishlab chiqarish masalalari bo‘yicha ham kelishib olindi.