AQSh “Mustaqillik deklaratsiyasi”ni Samarqandga kim olib kelgan?
Bugun 4 iyul - Amerika Qo‘shma Shtatlarining mustaqillik kuni. Amerikada Mustaqillik kuni mamlakatning asosiy bayrami hisoblanadi. Butun dunyoda demokratik qadriyatlarning shakllanishi, rivojlanishi, mustahkamlanishi va himoya qilinishida aynan AQSh ning roli beqiyos. Amerikaning o‘zida esa bu qadriyatlarning asosi rasman 1776 yil 4 iyulda qabul qilingan “Mustaqillik deklaratsiyasi”dan boshlanadi.
Mustaqillik deklaratsiyasi qabul qilinishining qisqacha tarixi quyidagicha. Ma’lumki, AQSh Buyuk Britaniyaning koloniyasi hisoblangan va Angliya qirollari, qirolichalari tomonidan boshqarilgan. O‘sha vaqtda Amerikada 13 ta shtat bo‘lgan. Mana shu 13 shtat birlashib Buyuk Britaniyadan mustaqil bo‘lishni istagan. Filadelfiya shahrida majlis o‘tkazayotgan Ikkinchi kontinental kongress 1976 yil iyun oyida mustaqillik e’lon qilish haqida rezolyusiyani muhokama qilgan. Majlisda deklaratsiya tayyorlash bo‘yicha komitet tuzishga qaror qilinadi. Deklaratsiyani tayyorlash bo‘yicha tuzilgan komitetga Tomas Jefferson (Thomas Jefferson), Jon Adams, Benjamin Franklin, Rojer Sherman va Robert R. Livingston kiritiladi. Komissiyaning boshlig‘i etib T.Jefferson saylanadi. Uchrashuvlarning birida komitetning boshqa a’zolari bir ovozdan deklaratsiyaning boshlang‘ich variantni yozishni T.Jeffersondan so‘rashadi. Chunki o‘sha vaqtda T.Jefferson yozuvchi sifatida yaxshi ma’lum bo‘ladi. Bundan tashqari o‘sha vaqtda komitet a’zolarining birortasi buni juda muhim deb hisoblamagan. T.Jefferson deklaratsiyaning birinchi variantini yozgan. Komitet tomonidan ba’zi o‘zgartirishlar kiritilgandan keyin deklaratsiya loyihasi 1776 yil 28 iyunda Kongressga taqdim etiladi. Kongress 2 iyulda mustaqillik uchun ovoz berib Deklaratsiyani muhokama etishga o‘tadi. Ikki kunlik muhokamadan keyin Deklaratsiya matnining to‘rtdan bir qismi chiqarib tashlanadi. Deklaratsiyaning oxirgi varianti Kongress tomonidan 1776 yil 4 iyulda qabul qilinadi. Shundan beri bu sana Amerika Qo‘shma Shtatlarining asosiy bayrami Mustaqillik kuni sifatida nishonlab kelinadi.
Jefersonni mashhur qilgan deklaratsiyaning kirish qismi (preambulasi) inson huquqlari to‘g‘risida yozilgan eng mashhur matn hisoblanadi. Aynan T.Jefferson tomonidan yozilgan AQShning Mustaqillik deklaratsiyasi boshqa davlatlar mustaqillik e’lon qilganda qabul qilingan deklaratsiyalarga, inson huquqlari bo‘yicha xalqaro hujjatlarga asos bo‘lib xizmat qilgan.
Mustaqillik deklaratsiyasini 17 kunda yozgan T.Jeferson o‘sha vaqtda 33 yoshda bo‘lgan. Keyinchalik T. Jefferson ikki marta (1801 – 1809 yillar) AQSh Prezidenti lavozimiga saylangan. Mustaqillik deklaratsiyasini o‘sha vaqtda mavjud bo‘lgan 13 shtatning 56 vakili imzolagan va ularning nomi AQSh tarixiga kirgan.
T.Jeffersonning Amerika xalqi oldidagi buyuk xizmatlarini inobatga olib, Prezident Franklin Ruzveltning tashabbusi bilan Vashington shahridagi Milliy Alleyada 1943 yilda unga atab salobatli me’moriy yodgorlik qurilgan. 1947 yilda yodgorlikning ichiga T. Jeffersonning haykali o‘rnatilgan. Haykalning orqa tomonidagi devoriga Mustaqillik deklaratsiyasi prembulasining matni o‘yib yozilgan.
1976 yilda AQSh mustaqilligi e’lon qilinganining 200 yilligi nishonlandi. Shu munosabat bilan Moskvada Sokolniki parkida bir oy mobaynida AQShning katta ko‘rgazmasi namoyish qilindi. O‘sha vaqtlarda Amerika Qo‘shma Shtatlari Sovet Ittifoqining birinchi dushmani edi, tabiiyki bu ko‘rgazma to‘g‘risida matbuot, radio, televideniyada hech qanday ma’lumot berilmadi (Balki Moskva shahridagi matbuotda bo‘lgandir, tabiiyki buni Moskvadan tashqaridagilar bilmaydi). O‘sha vaqtlarda men Leningrad davlat universitetining aspiranti edim. Ba’zida vaqt bo‘lganda «Svoboda» radiosining eshittirishlarini kichkina radiopriyomnigim orqali eshitardim. Bir kuni shu radio ko‘rgazma haqida bir necha marta reklama – xabar berdi. Iyun oyining boshi bo‘lsa kerak Moskva shahriga ilmiy konferensiyaga borishimga to‘g‘ri keldi. Konferensiya tugagach Moskvada qolib ko‘rgazmani ko‘rishga bordim. Navbat juda katta edi, 3 soatlarcha navbatda turib ko‘rgazmaga kirdim. Men bilan kirganlarning bir qismi eksponatlarni tomosha qilmasdan keta boshladi. Keyin bilsam ular chiqish eshigi tomonga qarab yurgan ekan. Chiqish eshigida har bir tomoshabinga bittadan znachok, polietilen paket va Mustaqillik deklaratsiyasi, AQSh Konstitutsiyasi va Inson huquqlari haqida Bil (AQSh Konstitutsiyasiga kiritilgan birinchi 10 ta qo‘shimcha modda) nashr qilingan 8 betlik chiroyli jurnal berilarkan. Bitta paket o‘sha vaqtda “qora bozor” da 10 rublga sotilarkan. Navbatda turganlarning ko‘pchiligi aynan shu paket uchun kelgan ekan. Men ko‘rgazma eksponatlarini uzoq vaqt tomosha qildim. AQSh haqida 15-20 minutlik hujjatli film ko‘rdim. Film asosan Ikkinchi jahon urushi vaqtida ikkala davlat orasidagi hamkorlikka bag‘ishlangan va rus tiliga tarjima qilingan edi. Ko‘rgazmada Tomas Jeffersonning katta haykali va Mustaqillik deklaratsiyasining nusxasi ham qo‘yilgandi. Yangilikni qabul qilishga, oq-qorani ajratishga moyilligim bo‘lsa kerak, bu voqeadan keyin AQSh haqidagi taassurotlarim keskin o‘zgardi. Chunki o‘sha vaqt Amerika faqat “qora” rangda ko‘rsatilardi. Chiqishda menga ham jurnal va znachok berishdi, lekin paket tugagan ekan.
1-rasm. Mustaqillik deklaratsiyasining xattot tomonidan chiroyli qilib ko‘chirilgan varianti. Aynan shu qo‘lyozmaning ostiga 13 Shtatning 56 vakili imzo qo‘ygan.
Albatta, u vaqtlarda bu hujjatlarni topish qiyin edi. Dunyo mamlakatlari uchun mayoq bo‘lgan bu tarixiy hujjatlarning chiroyli nusxasi 44 yildan beri mening uyimda. Ehtimol, u deklaratsiyaning O‘zbekistonda mavjud eng eski (eng oldingi, yagona) nusxalaridan biridir. Shu bahona bo‘ldimi, sabab bo‘ldimi, bilmadim, bu sohaga qiziqib bo‘sh vaqtlarimda o‘qib ko‘p narsalarni o‘rgandim. Ozroq savodim chiqdi shekilli, 2004 yilda O‘zbekiston Konstitutsiyasining 7-moddasini boshqa 30 yaqin mamlakat Konstitutsiyalarining aynan shunday moddasi bilan taqqoslab bu haqda O‘z.R Prezidenti nomiga xat yubordim. Xatga javob bo‘lmagandan keyin uni maqola ko‘rinishida A’lo Xo‘jayevning “TRIBUNE.uz” Internet saytida chop qildim. Xuddi shunday O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2001 yil 17 avgustdagi “Oliy o‘quv yurtlari talabalariga stipendiyalar to‘lash tarkibi miqdorlari to‘g‘risida” gi qarorini o‘qib uning O‘zR Konstitutsiyasining 53-moddasiga zid ekanligini sezdim. Qarorni taxlil qilib “Mohiyat” gazetasining 2002 yil 23 avgustdagi 33-sonida bir guruh ota-onalar nomidan chiqqan maqolada bu qaror yuridik jihatdan Konstitutsiyaga zid eqanligini ko‘rsatib uni bekor qilish yoki tuzatish kerakligini yozdim. Shundan keyin qaror tuzatildi shekilli 2003 yilning yozidan boshlab 1, 2 va 3 – kurs talabalarining koeffitsiyentlar orqali chegirib qolingan stipendiyalari keyingi kursga stipendiya uchun o‘tkazildi, 4 – kurs bitiruvchi talabalarniki esa ularga qaytarib berildi. Qaror qaytadan to‘g‘ri bo‘lib chiqquncha pastki kurs talabalarining chegirib qolingan stipendiyalarini yuqori kurs hisobiga o‘tkazish, bitiruvchilarnikini esa qaytarib berish Respublikamizning hamma oliy o‘quv yurtlarida bir necha yil davom etdi. Bu o‘sha yillari talaba bo‘lganlarning esida bo‘lsa kerak.
2005 yilda yuqorida aytilgan ikki maqola va siyosiy turkumdagi boshqa maqolalarim bilan OBSE va Yevraziya fondi jurnalistlar uchun e’lon qilgan tanlovda qatnashib 2-mukofotga sazovor bo‘ldim.
O‘zbekistonda yangi davr boshlanganidan beri Prezidentning virtual qabulxonasiga O‘zR Konstitutsiyasining 4 moddasi bo‘yicha takliflar yubordim (takliflarning 3 tasi mening sahifamga qo‘yilgan). Takliflar Oliy Majlisda tashkil etilgan ishchi guruh tomonidan o‘rganib chiqilganligi va kelgusida mazkur sohadagi qonunchilikni takomillashtirishda muhokama qilinishi haqida iliq xatlar oldim.
Shunday qilib, Mustaqillik deklaratsiyasi, AQSh Konstitutsiyasi va Inson huquqlari haqidagi Bill bilan tanishuv mening hayotimda katta rol o‘ynagan.
Shuning uchun, agar Amerikaga borsam, albatta, T.Jeffersonning memorial yodgorligini, Mustaqillik deklaratsiyasi qabul qilingan tarixiy binoni ko‘raman, ziyorat qilaman degan orzu bor edi. Taqdirni qarangki Grin Kard lotoreyasi yutib AQSh ga ketgan singlimning oilasi sharofati bilan bu orzu amalga oshdi. 2015 yilda ularning taklifiga ko‘ra Amerikaga bordim va jiyanlarimning ko‘magi bilan bu tarixiy joylarni o‘z ko‘zim bilan ko‘rib ziyorat qilishga muyassar bo‘ldim.
2-rasm. T.Jefferson memorial kompleksidagi AQSh ning 3-Prezidenti Tomas Jefferson haykali oldida. Haykalning orqa tomonidagi devorga «Mustaqillik deklaratsiyasi»ning preambulasi matni o‘yib yozilgan.
3-rasm. Filadelfiya shahridagi AQShning «Mustaqillik deklaratsiyasi» qabul qilingan bino. Men singlim Dilorom bilan.
4-rasm. AQSh Konstitutsiyasiga kiritilgan birinchi 10 ta moddaning muallifi AQSh ning 4-Prezidenti Jeyms Medisonga (James Madison, Jr) o‘rnatilgan haykal yonida Haykalning orqa tomonida mashhur Billning matni o‘yib yozilgan. Jeyms Medison Amerika Konstitutsiyasining ham «otasi» hisoblanadi.
Abdulla QUVATOV,
SamDU dotsenti.