So‘nmagan tabassum

"Qirq yildan buyon saraton (rak) kasaliga yo‘liqqan bemorlarni davolayman. Bu vaqt mobaynida turli hodisalarga duch keldim. Shularning ichidan 1976 yili sodir bo‘lgan bir voqeani hikoya qilib bermoqchiman...
Bosh shifokor bo‘lib ishlagan paytimda Sarob ismli yosh bemorim bo‘lib, ko‘krak saratoniga chalingan edi. Uni shaxsan o‘zim davolar edim. Allohning izni bilan qisqa muddat ichida uning ahvoli yaxshilana boshladi. Faqat u kamida besh yilgacha o‘zini qattiq parvarishda saqlashi kerak edi.
To‘rt yil o‘tib, Sarob Izmirga borib kelishni istadi. Qish oyi bo‘lgani uchun samolyotda ketish sharti bilan ruxsat berdim.
Afsuski, u samolyotga chipta ololmay, avtobusda yo‘lga chiqibdi. Buning ustiga avtohalokat tufayli olti soat sovuqda qolib ketibdi. Kasallik tezda uning suyak va o‘pkalariga tarqab ketdi. U metastaza (kasallikning boshqa a’zolarga yoyilishi) sababli umuman yura olmas, o‘pkasiga doimiy kislorod jihozlari qo‘llanar, shuning uchun gapirishi ham oson emas edi.
Bir safar uyiga borganimda:
"Doktor... Men sizdan... juda xafaman", - dedi u.
"Nima uchun?" deb so‘radim.
"Siz dindor odam... ekansiz... Nega menga ham... Allohni, o‘limni, oxiratni tushuntirmadingiz?".
Uning diniy ilmi oz edi. Buni bilar edim. Shuning uchun uning bu savolidan bir oz shoshilib qoldim.
Sarobning ko‘nglini olishga, xafa qilmaslikka harakat qilib:
"Doktorlarga bog‘lanish oson, pulini berasan-u, istagan muolajangni olaverasan. Ammo iymon muolajasini chin dildan istashing kerak", - dedim.
U "Istayman" degan ma’noda bosh ig‘radi. Shundan so‘ng umidsiz tibbiy muolajaning yoniga shifobaxsh iymon muolajasi qo‘shildi. U men o‘rgatayotgan iymon haqiqatlarini butun vujudi bilan tinglar, ora-sira savollar so‘rab turar edi.
"Doktor, - dedi u vafotiga biror hafta qolganida. - Men... o‘layotganimda nima deyishim... kerak?".
"Sening holating o‘ziga xos. Senga kalimai shahodatni aytish uzunlik qiladi. U onni sezganingda "Alloh, Muhammad". desang kifoya", - dedim. U tabassum bilan bosh silkidi.
Og‘riq kuchli bo‘lgani uchun Sarobga davomli ravishda morfin qilar edik. Orada safarga ketib qolib, bir muddat uni ko‘ra olmadim. Qaytib kelganimda onasi qo‘ng‘iroq qilib:
"Sarob bir haftadan beri morfin qildirmayapti", - dedi.
Tezda uning uyiga bordim va nima uchun ukol qildirmayotganini so‘radim. Sarobning javobini haligacha unutolmayman. Eslasam, titrab ketaman:
"Dorining ta’siri bilan o‘limga uyquda duch kelsam va "Alloh, Muhammad", deya olmay qolsamchi?" - dedi u.
O‘shanda juma kuni edi, uning chamasi to‘rt kunlik umri qolgan edi. Ertasi kuni unga:
"Hech qo‘rqma, - dedim, - bemalol ukol olishing mumkin".
Sarob bu uchrashuvimizda oxirgi savolini berdi:
"Doktor! Azroil... menga qay... shaklda ko‘rinadi?".
"Qizim, Azroil alayhissalom bir farishta. Hech siqilma, u senga go‘zal ko‘rinishda keladi", deya taskin berdim.
Seshanba kuni Sarobning og‘irlashganini eshitgan zahotim, uyiga yo‘l oldim. Lekin afsuski, u bilan vidolashish menga nasib qilmadi. Uning oilasi butunlay parishon holatda edi. Faqat uni uzoq muddat parvarishlagan bir dindor ayol qarindoshi tik turgan edi. Meni ko‘rgan zahoti yonimga kelib, uning so‘nggi onlarini gapirib berdi:
"Doktor, bir oz oldin bu uyda mo‘’jiza sodir bo‘ldi. Sarob kislorod jihozini yechib, otdi va "O‘rningdan qimirlama", deyishimizga qaramasdan, turib, tahorat qildi. So‘ng ikki rak’at namoz o‘qidi. Hammamiz qotib qoldik. Keyin esa kalimai shahodat keltirdi va "Doktorga aytinglar, o‘lim farishtasi u aytganidan ham go‘zal ekan", dedi-yu, joni uzildi".
O‘lim farishtasi kelganida g‘aflatda qolmaslik uchun morfin qabul qilmay, qattiq og‘riqlarga ham bardosh bergan qizni Alloh yolg‘iz tashlab qo‘ymadi...
"Mukammal saodat yo‘li" kitobidan.