Arablar O‘zbekistondan futbol klubi xarid qiladimi?
Arab kapitaliga ega «No Limits Sport» investitsiya jamg‘armasi O‘zbekistondagi futbol klublarini sotib olish imkoniyatlarini ko‘rib chiqmoqda.
Jamg‘arma nafaqat O‘zbekiston, balki Belarus, Gruziya va Qozog‘istondagi futbol klublarini ham tahlil qilmoqchi. Jamg‘arma rejasiga asosan, yaqin kelajakda 10-12 ta klub chuqur tahlil qilinib, investorlar uchun eng istiqbolli aktivlar aniqlanadi.
Aktivlar qiymatining o‘sishi va investitsiyadan olinadigan daromad nuqtai nazaridan eng maqbul variantlarni belgilash uchun batafsil hisobot tayyorlanadi. Ushbu hisobot asosida jamg‘armaning keyingi sarmoya yo‘nalishlari belgilanishi kutilmoqda.
Ma’lum qilinishicha, jamg‘arma allaqachon Rossiya Birinchi ligasida ishtirok etayotgan «Rotor» futbol klubini sotib olishga qiziqish bildirgan. Arab investorlari Rossiyada yana ikki futbol klubini sotib olish masalasini ham ko‘rib chiqmoqda. Bu holat mintaqa futbol bozoriga xorijiy kapital qiziqishi ortib borayotganini ko‘rsatadi.
«No Limits Sport» jamg‘armasi MDH mamlakatlarida sport industriyasini moliyalashtirishga ixtisoslashgan investitsiya fondi hisoblanadi. Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, jamg‘arma o‘z faoliyatini «Belhasa Sports» kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshirmoqda.
D.To‘xtayev tayyorladi.