Assalomu alaykum. Bu kalomni har kuni aytasizmi?

Kechagidek esimda. Abituriyent edik. Bir do‘stim bilan o‘qishga hujjat topshirish uchun shaharga borganmiz. Taksi bizni institut darvozasi yaqinida qoldirdi. Biz bir tanishimizni shu yerda kutishimiz kerak edi.

U kelguncha yonimizdan o‘nlab odamlar u yoqdan-bu yoqqa o‘tardi. Ota-onamiz ko‘chada o‘zimizdan kattalarga salom berish kerakligini uqtirgani uchun o‘tgan-qaytgan kishiga “Assalomu alaykum!”, deymiz. Ularning yoshi ulug‘roqlari alik oladi. Aksariyati esa hayron boqib, o‘tib ketadi. Ayrimlari bezrayib eshitmaganga oladi. Sal narida turgan, ko‘rinishidan talaba yigit bizni kuzatib turan ekan shekilli, yaqinlashib shunday dedi:

- Shaharga birinchi marta kelib turganliklaring sezilib turibdi, ukalar. Bundan 3-4 yil ilgari men ham qishloqdan shaharga birinchi marta kelib, hammaga salom beraverganman. Bu yerda esa tanishlargagina salom berilar ekan.

Bu voqea 20 yillar ilgari bo‘lgan edi. Qishloqda tanishmi-notanishmi o‘zimizdan kattalarga salom bersak, albatta, alik olardi.

To‘g‘risi, o‘sha paytlarda tuman markazida ham yoshlar kattalarga tanisa-tanimasa salom berardi. Bugun esa boshqacharoq. Tuman markazlarida ham salom berish odati unutilgan, nazarimda. To‘g‘ri-da, deb o‘zimni o‘zim ovutaman. Tuman markazlari ham katta shahardan qolishmaydigan darajada hozir. Zamonaviy inshootlar qurilgan, yo‘llar ravonlashgan, velosiped va piyodalar uchun alohida yo‘laklar bor. Shunga yarasha odamlar bilan gavjum. O‘sha biz 20 yil ilgari ilk bor duch kelgan shahar muhiti bu yerlarga ham yetib kelgan.

Oliy o‘quv yurtini tugatib, ta’lim muassasalarida faoliyat yuritish nasib etdi. Bir necha yildan beri Kattaqo‘rg‘on tumanidagi 30-bolalar musiqa va san’at maktabida rahbarlik qilib kelyapman. Shuningdek, xalq deputatlari tuman Kengashi deputatiman. Musiqa maktabidagi bolalarni o‘z farzandlarimdek ko‘rib, kattalarga salom berishni unutmaslikka chaqiraman. Ba’zan mahallalarda madaniy-ma’rifiy tadbirlarda ishtirok etganimda ham farzandlariga tarbiya berishda ota-onalar salom berish odobiga alohida e’tibor qaratishi lozimligini aytaman. Biroq bir voqeadan keyin mening bolalarga berayotgan tarbiyam ham, ma’ruzalarim ham uncha ta’sirga ega emasligiga amin bo‘ldim.

Xullas, bir kuni yoshi ulug‘ ustoz bilan qishlog‘imiz ko‘chasida ishdan uyga piyoda suhbatlashib qaytayotgan edik. Farzandga ota-onaning tarbiyasi yetarli bo‘lmasligi haqida so‘zlayotgan ustoz qarshimizdan kelayotgan ikki yosh yigitga ko‘zi tushib, gapini to‘xtatdi. Qo‘llarida shapaloqdek telefonlar, o‘zlari bilan o‘zlari ovora yoshlar bizga e’tibor ham bermay yonginamizdan o‘tib ketayotganda, ularga qarab baland ovozda “Assalomu alaykum, bolalarim!”, dedi.

Yigitlar to‘xtadi. Ulardan biri uyalganday bo‘lib, sekingina “Assalomu alaykum”, dedi-da boshini egib turdi. Ikkinchisi esa alik ham olmay ko‘zini lo‘q qilib, ustozga qarab turibdi.

Ustoz ular bilan yaqindan tanishdi. Kimlarning farzandi ekanligini bilgach, bobolari bilan qadrdon ekanligi va ularning yaxshi fazilatlari haqida gapirdi. Yigitlar ustozning nima demoqchi ekanligini angladi, shekilli, ikkisi ham salom bermaganligi uchun uzr so‘rab, bu holatni boshqa qaytarmaslikka va’da berdi. Bobolariga bu voqea haqida aytib qo‘ymasligini iltimos qildi.

Bundan xulosa chiqardim. Ko‘chada uchragan bola salom bersa alik olaman va indamay o‘tib ketayotganiga esa qo‘limni ko‘ksimga qo‘yib, salom berishga qaror qildim. Shu yo‘l bilan ham kichiklarga salom berish odobini o‘rgatsa bo‘lar ekan.

Shodiyor AMIROV.