"SAM-FERRE" xalqaro standartlarni zabt etmoqda

Ommaviy axborot vositalari vakillari uchun Urgut tumanidagi “SAM-FERRE” korxonasiga press-tur uyushtirildi.
Korxonada asosan maishiy texnika vositalari, jumladan, muzlatkich, gaz plitasi, chang yutgich, elektr pechlar ishlab chiqariladi. Mahsulotlar ichki bozordan tashqari, Qozog‘iston, Tojikiston, Rossiya, Turkmaniston, Qirg‘iziston, Ozarbayjon, Afg‘oniston davlatlariga eksport qilinadi.
“SAM-FERRE” mas’uliyati cheklangan jamiyati eksport salohiyatini yanada oshirish maqsadida Germaniyaning TÜV Thüringen litsenziyasini olishga muvaffaq bo‘ldi.
– Korxona faoliyati bilan tanishman va bu yerda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning sifati juda yaxshi - deydi Germaniyaning TÜV Thüringen vakili, xalqaro auditor Marat Xabibulin. – Rangi va ko‘rinishi ham chiroyli. Barcha talablarga javob beradi.
“SAM-FERRE” 2025 yil may oyida Integratsiyalashgan menejment tizimining (IMT) sertifikatlash auditidan muvaffaqiyatli o‘tdi va birdaniga to‘rtta xalqaro standartga muvofiqligi tasdiqlandi: ISO 9001 (sifat menejmenti), ISO 14001 (ekologik menejment), ISO 45001 (mehnat muhofazasi va ishlab chiqarish xavfsizligi) va ISO 50001 (energiya menejmenti).
Integratsiyalashgan menejment tizimi korxonaga sifatni samarali boshqarish, mehnat xavfsizligini ta’minlash, atrof-muhitga salbiy ta’sirni kamaytirish va energiya resurslaridan oqilona foydalanish imkonini beradi. Bu nafaqat xalqaro talablarga muvofiqlik, balki barqaror rivojlanish va xalqaro bozorda raqobatbardoshlikni oshirish yo‘lidagi muhim qadamdir.
– Sakkiz yildan buyon shu yerda ishlayman, - deydi Dilafro‘z G‘afforova. – To‘rt yarim million so‘m oylik olaman. Tushlik, ishga kelib-ketish korxona hisobidan. Biz ishlab chiqarayotgan mahsulotlar xalqimizga xizmat qilayotganidan faxrlanamiz.
Nazira HAMIDOVA