AvtoKross: Samarqandliklar 2-o‘rinni egalladi
26-28 noyabr kunlari Jizzax shahridagi "Navro‘zbuloq" poygagohida avtokross bo‘yicha O‘zbekiston chempionati o‘tkazildi. Unda respublikamizning sakkiz viloyatidan kelgan 100 nafarga yaqin poygachi to‘rt sinf toifasida musobaqalarda qatnashdi.
Umumjamoa hisobida Jizzax viloyati jamoasi bosh sovrinni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, ikkinchi va uchinchi o‘rinlar Samarqand viloyati va Toshkent shahri jamoalariga nasib etdi.
– Bu galgi chempionatda 12 nafar sportchi bilan qatnashdik, – deydi Samarqand viloyati avtosport federatsiyasi vitse prezidenti Komil G‘ofurov. – Shogirdlarimiz yaxshi natija ko‘rsatdi. Kelgusida Samarqand tumani hududida 60 gektarlik poygagoh barpo etishni rejalashtirganmiz va bu ish amalga oshsa, jamoamiz bellashuvlarda yana ham yuqori natijalarga erishadi.
Joriy yilning 4-6 dekabr kunlari Navoiyda motokross bo‘yicha O‘zbekiston kubogi bahslari o‘tkazilishi kutilmoqda.
Zoir ERGAShEV,
“Jizzax haqiqati”.