Avtomobil shinasiga yashirilgan “gashish” va “opiy” fosh etildi

Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati ma’lum qilishicha, Samarqand va Jizzax viloyatlari bojxonachilari davlat xavfsizlik xizmati idoralari vakillari bilan hamkorlikda Samarqand viloyatida tezkor tadbir o‘tkazdi.

Tadbir davomida oldindan kuzatuvga olingan fuqaro F.B. boshqaruvidagi “Epika” rusumli avtotransport vositasi ko‘zdan kechirilganida unda 1 dona polietilen o‘ram borligi, uning ichidagi modda ekspertiza xulosasiga ko‘ra, sof og‘irligi 1 kilogramm 17 grammni tashkil qiluvchi “gashish” giyohvandlik vositasi ekanligi ma’lum bo‘ldi.

Tezkor tadbir davomida fuqaro B.B.ning xonadoni ham ko‘zdan kechirilganida, yerto‘ladagi avtomobil balloni shinasi ichiga 3 dona polietilen o‘ramlar yashirib qo‘yilganligi, mazkur o‘ramlarning ichida jami 3 kilogramm. 90 gramm og‘irlikdagi "opiy" va "gashish" giyohvandlik vositalari yashirilganligi aniqlandi.

Hozirda mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.