Avtomobilni ijara berish tartibi soddalashtirildi

Prezident tomonidan «Fuqarolarning va tadbirkorlik sub’yektlarining huquqlari kafolatlari yanada kuchaytirilishi munosabati bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun imzolandi.

Endilikda, avtomototransport vositalari elektron savdo platformasi vositasida elektron onlayn-auksion orqali ijaraga berilganda ijaraga berish shartnomalarini notarial tartibda tasdiqlash talab etilmaydi. Bunda, elektron onlayn-auksion natijalariga ko‘ra rasmiylashtirilgan bayonnoma ijara shartnomasi kuchiga ega buladi. Qo‘shimcha FKning 565-moddasiga kiritildi.

«O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi to‘g‘risida»gi qonunning 9-moddasining birinchi qismi oltinchi xatboshi bilan to‘ldirildi.

Endilikda, SSP xo‘jalik shartnomalari doirasida yuzaga keladigan yengib bo‘lmas kuch (fors-major) holatlarini tasdiqlaydi, bundan tashqi savdo bitimlari va xalqaro shartnomalar shartlariga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi hududida yuzaga kelgan yengib bo‘lmas kuch (fors-major) holatlari mustasno.