“Avval shifokorlarni izlab uzoq yo‘l bosib borardik, bugun ular o‘zlari kelyapti”
Payariq tumani G‘allakor mahallasi viloyat markazidan 80 kilometr uzoqlikda joylashgan. Ammo olis hudud aholisi e’tibordan chetda qolayotgani yo‘q. Viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan press-turda bunga amin bo‘ldik.
22-oilaviy poliklinika G‘allakor va Nakurt mahallalari aholisiga tibbiy xizmat ko‘rsatar ekan. Bu poliklinikaga qarashli 4 ta tibbiyot punkti ham faoliyat yurityapti.
- Bundan bir necha yillar ilgari tibbiy ko‘rikdan o‘tish yoki farzandlarimizni emlatish uchun mahalla markaziga 18 kilometr yo‘l bosib borib kelardik, - deydi Ko‘rsafar qishlog‘ida yashovchi Marg‘uba Kenjayeva. – O‘tgan yili qishlog‘imizda tibbiyot punkti tashkil qilinib, uzog‘imiz yaqin bo‘ldi. Bugungi kunda shifokorlar o‘zlari kelib, shu yerning o‘zida malakali tibbiy xizmat ko‘rsatyapti.
- Tibbiyot muassasamiz G‘allakor mahallasi markazida joylashgan, - deydi oilaviy poliklinika mudiri Sirojiddin Normo‘minov. – 2019 yilda bunyod etilgan zamonaviy binoda aholiga birlamchi tibbiy xizmat ko‘rsatish uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Avval hududda bor-yo‘g‘i ikki nafar umumiy amaliyot shifokori faoliyat yuritgan bo‘lsa, bugungi kunda bu yerga nufuzli tibbiyot muassasalarida ishlagan, tajribali 4 nafar mutaxassis kelib ish boshladi. Oilaviy poliklinikada jami 112 nafar tibbiyot xodimi ishlaydi. Ular brigadalarga bo‘linib, olis qishloqlar aholisiga xizmat ko‘rsatib kelyapti.
Bugungi kunda tumanda 3 ta oilaviy poliklinika, 21 ta oilaviy shifokorlik punkti aholiga xizmat ko‘rsatyapti. Shu kunlarda tumanda "Sayyor mammografiya" apparati orqali tumandagi 40 yoshdan oshgan ayollar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilyapti.
Press-tur ishtirokchilari Oqqo‘rg‘on va Ko‘paki mahallalarida joylashgan oilaviy poliklinikalar faoliyati bilan ham yaqindan tanishdi.
To‘lqin SIDDIQOV.