Bashar Asad ham Samarqandga kelishi mumkin: uning Erdo‘g‘an bilan uchrashuvi kutilmoqda
Turkiya va Suriya prezidentlari Rejep Tayyip Erdog‘an va Bashar Asad sentyabr oyida O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadigan ShHT sammitida uchrashishi mumkin, deb xabar berdi “Tasnim” agentligi o‘z manbalariga tayanib.
Avvalroq Erdog‘an rossiyalik hamkasbi Vladimir Putin uni sentyabr oyida O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadigan ShHT yig‘ilishiga taklif qilganini ma’lum qilgan edi.
"Rossiya prezidenti (Vladimir Putin) Rejep Tayyip Erdog‘anni Shanxay hamkorlik tashkilotining O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadigan yig‘ilishida ishtirok etishga taklif qildi. Putin Bashar Asaddan ham ushbu yig‘ilishda ishtirok etishni so‘radi", deb yozadi agentlik.
Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, Turkiyaning “Rodina” partiyasi yetakchisi Dog‘u Perinchek yaqin orada siyosiy-diplomatik delegatsiya tarkibida Suriyaga boradi va u yerda prezident Bashar Asad bilan uchrashadi va muzokaralar o‘tkazadi.
"Olingan ma’lumotlarga ko‘ra, Perinchekga ushbu safarda bir qator sobiq vazirlar va turk diplomatiyasining faxriylari hamrohlik qiladi. Bu safar haqida Turkiya rasmiylariga hisobot taqdim etiladi", deyiladi xabarda.
Ta’kidlanishicha, ushbu sayohat 12 o‘rinli maxsus samolyotda amalga oshiriladi va bu Turkiya aeroportidan Damashqqa 10 yil ichida birinchi parvoz bo‘ladi (2011 yildan beri to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslar amalga oshirilmaydi).
"Ushbu sayohatning diqqat-markazida aloqalarni tiklash yo‘llari, Suriya shimolida terrorizmga qarshi birgalikda kurash va qochqinlarni qaytarish masalasi turadi. Shuningdek, olingan ma’lumotlarga asoslanib, agar bu uchrashuv ijobiy bo‘lsa va hisobot Damashqda taqdim etilsa ikki davlat rahbarlari Shanxay Hamkorlik Tashkilotining O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadigan yig‘ilishi doirasida bir-birlari bilan uchrashishlari mumkin. Bu uchrashuv sentyabr oyining so‘nggi kunlarida O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadi”, – deyiladi agentlik xabarida.
Mamlakat hukumatining muhim nashrlaridan biri Türkiye gazetasida ham bu haqida ma’lumot berilgan. Unda sharhlovchisi Fuat Ugur ham Turkiya va Suriya prezidentlari o‘rtasida bo‘lishi mumkin bo‘lgan uchrashuv haqida yozgan.