Baxt o‘zi nima?

(Esse)

Baxtni har kim o‘zicha, har xil tasavvur qiladi, biroq bu tushuncha qamrovi bizning tafakkur doiramizdan ancha keng va uni birgina hol bilan ifodalab bo‘lmaydi. Aytaylik, insonning dunyoga kelishi – baxt! Kimgadir sevganiga uylanish – baxt! Farzandli bo‘lish – baxt! Kimgadir mehr qo‘ygan kasbi bilan shug‘ullanish – baxt! Ota-ona duosini olish – farzand uchun baxt! Mashinali bo‘lish, dang‘illama uy qurish, to‘y qilish, biror boshqa orzusiga erishish… Bular ham kimlar uchundir baxt. Odamlar baxt, deb biladigan bu hollarni istalgancha davom ettirish mumkin.
Ammo ular orasida shunday baxt borki, unga musharraf bo‘lish komillikning yuksak namunasidir. Bu – Vatanga, elga sodiq bo‘lish, jamiyat ravnaqi, yurtdoshlar tinchligi, osoyishtaligi yo‘lida fidoyilik ko‘rsatish. Odamlarni sevish, ularga beg‘araz, mehr ko‘zi bilan qarash, hamma o‘ziga o‘xshagan inson ekanligi, Yaratgan oldida tengligini e’tirof etish. Bulardan ham buyuk baxt – O‘zbekiston degan ozod yurt farzandi ekanligimiz.
Nadomatlar bo‘lsinki, ko‘p hollarda hamma ham bunday fidoyilik, bag‘rikenglik ko‘rsata olmaydi. Ko‘pincha ajdod-avlod, ota-ona, bola-chaqaga ko‘rsatgan mehribonlikni begonalarga ravo ko‘rmaydi. Faqat o‘zim bo‘lsam, deydi. O‘ziga tinch va to‘q insonlarni ko‘rsa, havas emas, hasad qiladi.

Lev Tolstoyning gapi bor: "Inson yolg‘iz o‘zi hech qachon baxtiyor bo‘lolmaydi, barcha insonlar baxtli bo‘lgandagina u baxtli bo‘ladi!".
Esimda. Sho‘rolar zamonida "Hamma narsa inson uchun, insonning baxt-saodati uchun", "Barchamiz tenglar ichra tengmiz", "Kommunizm quruvchisining axloq kodeksi" kabi balandparvoz shioru da’vatlar har kuni ongu shuurimizga singdirilardi. Ammo amalda gap boshqa, hayot boshqa bo‘lib chiqdi. Yolg‘on va aldamchilikka qurilgan qizil imperiyaning chuvi chiqdi. Ijtimoiy adolatsizlik, mehnatga haq to‘lashdagi nohaqlik – ishlaganning ham, ishlamaganning ham bir xil haq olishi, ma’muriy-buyruqbozlik oxir-oqibat odamlarda kelajakka ishonchni yo‘qotdi, ularda tashabbuskorlikni so‘ndirdi, boqimandalik kayfiyatini keltirib chiqardi. Tinimsiz takrorlanaverishi oqibatida "baxt" degan tushunchaning qadr-qimmati tushib ketdi.
Oliy baxt – Vatanga fidoyi bo‘lish, dedik. Bir qarashda balandparvoz so‘z bo‘lib tuyulgan bu da’vatning falsafiy mazmun-mohiyati aslida juda tiyran. Negaki, Vatan degan so‘zning o‘zi keng ma’noli. Vatan – kindik qonimiz to‘kilgan tabarruk go‘sha. Vatan – ota-ona, oila, opa-singil, aka-uka, qarindosh-urug‘, do‘stu birodar, taqdirdosh millat, ilk bor qo‘limizga qalam tutqazgan ustoz-muallim, qadriyatlar. Atrofimizni qurshab turgan ona tabiat, ota-bobolardan meros ona yer! Biz ularni ardoqlasak, e’zozlasak, bunga o‘zimizni burchli, mas’ul deb bilsak – baxt! Tanish-bilish, qo‘ni-qo‘shni, qarindosh-urug‘, og‘a-ini, do‘stu birodar muammosiga, mushkulini oson qilishga jindak ko‘maklashsak, ularni ozod, tinch-totuv, osoyishta, farovon yashashiga hissamizni qo‘sha olsak – baxt!

Bu borada ibrat oladigan qadriyatlarimiz talaygina. Masalan, baxt kuychisi Hamid Olimjonga bo‘lgan sevgi-sadoqat va Vatan, xalq taqdiriga o‘zini mas’ul deb jon fidolik ko‘rsatish timsoli Zulfiyaxonimda aks etgan. Xalqimizning ardoqli shoir va yozuvchilari Fafur Fulom, Oybek, Abdulla Qodiriy, Abdulla Qahhor, Abdulla Oripov, Erkin Vohidov, akademik Baxtiyor Nazarov, Ibrohim Fafurov, yaqinda olamdan o‘tgan akademik Aziz Qayumov va ular kabi yuzlab ziyolilar el-yurtga xizmat qilib, chinakam baxtga erishgan insonlar emasmi? Insoniyat sivilizatsiyasiga bebaho hissa qo‘shgan alloma va mutafakkirlarimiz – Alisher Navoiy, Ibn Sino, Beruniy, Xorazmiy, Farobiy, Farg‘oniy, Amir Temur, Jaloliddin Manguberdi, Mirzo Ulug‘bek, Bobur kabilar-chi? Ular baxtni ona-yurtga sadoqat bilan xizmat qilish deb bilishgan, zarur bo‘lganda jonlarini ham ayashmagan. Mana, chinakam baxt nima degani! Lekin bunday baxtga o‘z-o‘zidan erishilmaydi. Atoqli shoirimiz Fafur Fulom aytganidek, "Foyibdan kelajak baxt bir afsona…". Har kim taqdirni, baxtni o‘z qo‘li bilan o‘zi yaratadi. Bunga yuqorida ta’kidlaganimizdek, Vatan, el manfaatini o‘zining shaxsiy hoyu havaslaridan ustun qo‘yib, baxtli kelajakning muazzam binosiga hech bo‘lmaganda bitta g‘isht qo‘ygan kishi erishadi.

Jumaqul KARIM.