Baydarka va kanoeda eshkak eshish bo‘yicha jahon chempionatida qatnashadigan sportchilarimiz tarkibi e’lon qilindi
Shu yilning 23-25 avgust kunlari Samarqand eshkak eshish kanalida sportning baydarka va kanoeda eshkak eshish turi bo‘yicha jahon chempionati o‘tkaziladi.
O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi, O‘zbekiston Rowing&Canoe federatsiyasi hamda Xalqaro kanoe federatsiyasi (ICF) hamkorligida mamlakatimizda ilk bor o‘tkaziladigan musobaqada dunyoning 57 davlatidan 400 nafar atlet noolimpiya masofalarida bellashadi.
O‘zbekiston Rowing&Canoe federatsiyasi Samarqandda kechadigan dunyo birinchiligida Vatanimiz sharafini himoya qiladigan sportchilar ro‘yxatini e’lon qildi.
Unga ko‘ra, erkaklar o‘rtasidagi musobaqalarda Nurislom To‘xtasin o‘g‘li, Artur Guliyev, Elyorjon Mamadaliyev, Vilyam Ibragimov, Shahriyor Mahkamov, Yaroslav Slavgorodskiy, Vladlen Denisov, Samandar Haydarov, Kamronbek Axtamov, Muhammadali Mirusmanov, Ozodjon Amriddinov (samarqandlik), Mirjalol Komilov, Ziyodbek Yo‘ldoshaliyev, Davron Salimov, Dilmurod Shermurodov jahon chempionatining sovrinli o‘rinlariga da’vogarlik qiladi.
Ayollar ishtirokidagi bahslarda Yekaterina Shubina, Dilnoza Rahmatova, Nilufar Zokirova, Arina Tanatmisheva, Xonzoda Erkinova, Madinabonu Ismoilova, Shohsanam Sherzodova, Dinara Jo‘rayeva, Shahrizoda Mavlonova omadini sinovdan o‘tkazadi.
Eslatib o‘tamiz: Samarqanddagi eshkak eshish kanali bejiz musobaqa o‘tkaziladigan joy sifatida tanlanmagan. Chunki Markaziy Osiyoda bunday turdagi yagona sport inshooti bo‘lib, 2023 yilning 25-30 aprel kunlari bu yerda baydarka va kanoeda eshkak eshish bo‘yicha Osiyo chempionati o‘tkazilgan edi.