Yangi yil bayrami kunlari kommunal soha tashkilotlaridagi navbatchilik qismlari 24 soat ishlaydi
Prezident farmoniga asosan Yangi yil munosabati bilan berilgan dam olish kunlarida kommunal xizmat ko‘rsatish sohasi korxonalari xodimlari o‘z ishlarini davom ettiradi.
Jumladan, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Samarqand hududiy filiali ishchi-xizmatchilari dam olish kunlari ishlashda davom etadi. Biroq, hammasi emas. Ba’zi mutaxassislar o‘z xizmat joylarini tark etishmaydi. Chunki, korxonada belgilangan reja asosida kecha-kunduz navbatchilik tashkil etilgan.
“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Samarqand hududiy filiali bosh muhandis vazifasini bajaruvchi Ilhom Norboyev:
- Aholi xonadonlarini elektr bilan ta’minlashda cheklovlar qo‘yilmagan. Mabodo turli sabablarga ko‘ra, transformatorlarda nosozlik yoki tarmoqda uzilishlar bo‘lsa, qisqa muddatda, ya’ni, 2-4 soat ichida tarmoqqa ulanib, bartaraf etishga ulguramiz. Shu maqsadda shahar va tumanlardagi filiallarimiz tomonidan 542 nafar ishchi va 42 ta maxsus texnikalardan iborat 84 ta avariya brigadalari shakllantirilgan.
Birgina Samarqand shahrida tajribali mutaxassislardan iborat 10 ta navbatchilik brigadasi ishlamoqda. Bayram kunlari har qandlay avariyalarni tezkor bartaraf qilish uchun, 74 dona turli quvvatdagi transformatorlar 15 kilometr kabel va simlar, 1740 dona temir beton ustun, 59,7 tonna transformator moyi zaxirasi bor.
Bayram kunlari deyarli barcha singari Samarqand shahar obodonlashtirish boshqarmasi xodimlari ham oilasi bag‘rida nishonlashadi. Biroq, bu kunlari ular ishlamasa, nima bo‘ladi? Chiqindixonalar to‘lib, atrof-muhitni chiqindi bosib ketmaydimi? Agar qor yog‘ib, yaxmalaklar paydo bo‘lsa, yo‘llardagi muzlar va ariqlardagi chiqindilarni kim tozalaydi?
Samarqand shahar obodonlashtirish boshqarmasi boshlig‘i Yunus Bobonazarov:
- Buning chorasini ko‘rib qo‘yganmiz. Yangi yil kunlari korxonamiz ishchilarining 50 foizi, ya’ni, 425 nafari belgilangan grafik asosida o‘z xizmatlarini davom ettirmoqda. Ishga chiqqanligi uchun ularga ish haqlariga ustama qo‘shilib, o‘zlariga qulay bo‘lgan vaqtda qo‘shimcha ta’til beriladi. Shuningdek, 170 ta maxsus texnikaning 100 tasi ham o‘z vazifasini bajarishga kirishgan.
Samarqand shahrini obodonlashtirish ishlari Bog‘ishamol, Qorasuv, Siyob va Temiryo‘l hududlariga bo‘lingan holda olib boriladi. Bu hududlardagi ko‘chalarning tungi yoritish, favvoralar, qabristonlar, issiqxonalar hamda yo‘llarni tozalash xizmatini ko‘rsatuvchi brigadalar vakillari kecha-kunduz ish olib borishadi. Boshqarma mutaxassislari aholi murojaatlari bilan ham ishlashadi.
Shuningdek, “Hududgaz-Samarqand” gaz ta’minoti korxonasida ham navbatchiliklar tashkil etilgan.
Bir necha kun davom etadigan dam olish kunlari munosabati bilan gazchilar yana bir bor aholini tabiiy gazdan foydalanishda xavfsizlik qoidalariga rioya qilish, gaz jihozlarini qarovsiz qoldirmaslikka e’tibor berishi zarurligini eslatib o‘tmoqda.
- 2025 yilning 3 yanvarigacha filialimiz rahbari va o‘rinbosarlari, shuningdek, tuman-shahar gaz ta’minoti bo‘limlarining tajribali mutaxassislardan iborat kechayu-kunduz navbatchilik tashkil etildi, -deydi gaz ta’minoti korxonasi direktori o‘rinbosari Vahob Halimov. – Barcha gaz tarmoqlari va taqsimlash punktlari biriktirilgan mas’ullar tomonidan nazoratga olingan. Tarmoqlardagi kirish-chiqish bosimlari belgilangan parametrlarga sozlangan va doimiy nazoratda. Shuningdek, Bayram tadbirlari o‘tkaziladigan joylarda gaz ta’minoti bo‘yicha javobgar shaxslar tomonidan gaz tarmog‘iga ulangan gaz jihozlari va undagi qurilmalarning sozligi yuzasidan dalolatnomalar rasmiylashtirildi. Hududlar atrofidagi yer osti va yer usti gaz tarmoqlari hamda undagi qurilmalar texnik ko‘rikdan o‘tkazilib, yaqinidagi aholi va ulgurji iste’molchilarning gaz ta’minoti ko‘rib chiqildi.
Bayram kunlari ham iste’molchilardan kelib tushgan talabnoma va murojaatlar mutaxassislar tomonidan tezkorlik bilan o‘rganib chiqiladi hal etish choralari ko‘rilgan.
Bayram kunlari 200dan ziyod jamoat transportlari, «Maroqandobod» MChJ hamda "Toza hudud" MChJlarining chiqindi tashuvchi mashinalari va ishchilari belgilangan grafik bo‘yicha o‘z vazifalarini bajarishadi.
Dilmurod TO‘XTAYeV.