Behbudiy o‘zbek va tojik tillarida 200 dan ortiq maqola va asarlar yaratgan

Ma’rifatparvar va jamoat arbobi Mahmudxo‘ja Behbudiy tavalludiga 145 yil to‘ldi. Shu munosabat bilan Samarqand shahrida “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Markaziy kengashi, partiyaning Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi hamda viloyat hokimligi hamkoriligida Respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi o‘tkazildi.
“Milliy o‘zlikni anglashda jadidchilik harakati va Mahmudxo‘ja Behbudiy ma’naviy merosining o‘rni” mavzusidagi anjumanda Markaziy kengash raisi o‘rinbosari Feruza Muhammedjanova, xalq deputatlari viloyat Kengashi deputatlari, tarixchi va adabiyotshos olimlar, Behbudiyning evarasi Shohruhxon Behbudiy ham ishtirok etdi.
Konferensiya bejiz Samarqandda tashkil etilmadi. Chunki ma’rifatparvar Mahmudxo‘ja Behbudiy 1875 yilda aynan shu shaharda tavallud topgan. Ziyolilar oilasidagi muhit undagi adabiyotga, siyosatga, ma’rifatga bo‘lgan qiziqishini oshirdi. U adabiyot, tarix fanlari qatori siyosatshunoslik bilan ham shug‘ullandi. Gazeta va jurnallar orqali jahonda sodir bo‘layotgan siyosiy voqealar bilan yaqindan tanishdi.
Behbudiy adib sifatida o‘zining «Padarkush» dramasini yaratdi. Unda turkistonlik yoshlarni Yevropa ilm dargohlarida o‘qitishni targ‘ib qildi. Mazkur asar o‘z davrida Abdulla Qodiriyning «Baxtsiz kuyov», Mirmuhsin Fikriyning «Befarzand Ochildiboy», Hamza Hakimzodaning «Yangi saodat» kabi asarlari yaratilishiga ta’sir ko‘rsatgan. Hatto, u Amerikaning Kaliforniya universitetida tarjima ham qilingan. Bundan tashqari, Behbudiy o‘zbek va tojik tillarida ikki yuzdan ortiq maqola va asarlar yaratgan.
Umuman, hozirgi kunda u qoldirgan adabiy-madaniy meros xalqimiz tomonidan o‘rganilmoqda va uning ma’naviy merosini yanada kengroq targ‘ib etish hamda undan yoshlarimiz, aholimizni bahramand etish maqsadida “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi tomonidan mazkur ilmiy-amaliy anjuman tashkil etildi.
Anjumanda Behbudiy merosini chuqur o‘rganish, ularning ma’naviy xazinasini xalqimiz, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida keng targ‘ib qilishdagi ishtiroki uchun bir guruh tadqiqotchilarga partiyaning tashakkurnomalari topshirildi. Bir guruh yurtdoshlarimiz esa partiya a’zoligiga qabul qilindi.
Tadbir yakunida anjuman ishtirokchilarining Mahmudxo‘ja Behbudiy yashagan xonadonga sayohati uyushtirildi.
Ozoda NORIMOVA,
O‘zMTDP viloyat kengashi devoni bosh mutaxassisi.