Bekoboddagi bog‘cha faoliyati vaqtincha to‘xtatildi, mas’ullarga chora ko‘riladi

Shu yilning 27 sentyabr kuni Toshkent viloyatining Bekobod shahrida joylashgan maktabgacha ta’lim tashkilotida 11 nafar tarbiyalanuvchining ovqatdan zaharlangani haqida xabar bergandik.

Mazkur voqea haqidagi xabar yetib kelishi bilan Bekobodga Maktabgacha ta’lim vazirligi hamda Sog‘liqni saqlash vazirligi mutaxassislaridan iborat ishchi guruhi jo‘natilgan.

Ishchi guruh Bekoboddagi 15-sonli MTTdagi oziq-ovqatdan zaharlanish holatini o‘rganib chiqdi. Qayd etilishicha, zaharlanish sababini aniqlash maqsadida suv, oziq-ovqat, oshxona jihozlari, xodimlar qo‘li va kiyimlaridan surtmalar, ovqatning sutkalik namunasi, shuningdek, kasalxonaga yotqizilgan bolalardan tahlillar olingan. Barcha materiallar Davlat Sanitariya-epidemiologiya nazorat markaziga yuborilgan.

O‘rganish jarayonida quyidagilar aniqlandi:

  • MTT yangi maishiy muzlatgichlar bilan jihozlangan va ular ishchi holatida;
  • xodimlar tibbiy ko‘rikdan o‘tgan va sanitar kitobchasiga ega;
  • MTT suv ta’minotida uzilishlar bo‘lib turadi. "Ariston" suv isitkichi ishchi holatida emas;
  • dezinfeksiya va yuvish vositalarining zaxirasi mavjud bo‘lishiga qaramasdan, xodimlar ularni ishlatishmaydi;
  • guruhlarda emallangan idish-tovoq yetarli emas;
  • guruhlarga ichimlik suvi qo‘yilmagan;
  • 27 sentyabr kunning taomnomasiga bir-biriga mos kelmaydigan taomlar kiritilgan (bodring va kisel, quyultirilgan sut va olma);

O‘tkazilgan tekshiruv jarayoni ovqat tayyorlash bloki hamda guruhlarda sanitariya qoidalariga rioya qilinmaganini ko‘rsatdi.

MTT faoliyati va epidemiologik tekshiruv natijalari asosida rahbar, hamshira va oziq-ovqat bloki mas’ul xodimlariga nisbatan lavozimdan ozod etishgacha bo‘lgan ma’muriy choralar ko‘rilishi mumkin.

Ayni vaqtda Bekobodning 15-MTT faoliyati vaqtincha to‘xtatilgan. Tashkilotda yuvish va dezinfeksiya tadbirlari amalga oshirilmoqda.