Bemormisiz? Sizga bepul dori berishdimi?
23 iyul kuni ertalab telegram kanalimiz orqali “Koronavirusga chalingan bemorlar bepul dori-darmon bilan ta’minlanishi belgilangan. Siz bu imkoniyatdan foydalandingizmi?” degan savol bilan ijtimoiy so‘rov e’lon qilgandik.
Kecha soat 18:00 ga qadar so‘rovnomada 884 nafar kishi ishtirok etib, ularning 504 nafari, ya’ni 57 foizi “yo‘q, bu haqda eshitmadim” degan javobni tanlagan.
Ishtirokchilarning 225 nafari “o‘zim dori sotib olyapman”, degan javobga to‘xtalgan bo‘lsa, 98 kishi esa “poliklinika (QVP)ga, oilaviy shifokorga murojaat qilganman, lekin natija yo‘q”, deb javob bergan.
“Ha, dori-darmon berishdi” deganlar esa atigi 58 nafarni yoki jami respondentlarning 7 foizini tashkil etyapti.
Bundan ko‘rinib turibdiki, aksariyat yurtdoshlarimiz respublika maxsus komissiyasining koronavirus bilan kasallangan va uyida davolanayotgan bemorlarni bepul dori-darmon bilan ta’minlash xususidagi qaroridan bexabar. Demak, bu borada xalqimizga keng ma’lumot berish, bu dori-darmonlarni olish tartiblarini tushuntirish lozim.
Umid qilamizki, viloyat komissiyasi, sog‘liqni saqlash boshqarmasi mas’ullari bu haqda aholiga, OAVga ma’lumot taqdim etadi.