Salomatlik marafoni yakunlandi, lekin sog‘lom turmush targ‘iboti tadbirlari davom etadi

Aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish, kasalliklarni erta aniqlash va tibbiy profilaktika maqsadida shu yil 17 noyabrdan 17 dekabrga qadar Samarqand shahrida “Salomatlik marafoni” o‘tkazildi.

Dastlab, oktyabr oyida Nukus shahrida bo‘lib o‘tgan va ijobiy samara bergan marafonning uzviy davomi sifatida bu gal ko‘hna kentda tashkil etilgan mazkur ommaviy tadbir ikki bosqichda – shahardagi 20 ta oilaviy poliklinika va 3 ta maxsus poliklinikada hamda respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi viloyat filialida bo‘lib o‘tdi.

Poliklinikalarda 18 turdagi laborator hamda 29 turdagi instrumental tekshiruvlar o‘tkazish uchun tibbiy asbob-uskunalar ajratildi. Jumladan 2 ta mobil mammograf va 2 ta mobil angiograf olib kelindi. Respublika ilmiy-amaliy tibbiyot markazlarining 18 yo‘nalishdagi yetakchi mutaxassislari ishtirokida aholi chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi.

– Marafondan ko‘zlangan asosiy maqsad aholini skring dasturlari bilan qamrab olish, maqsadli tibbiy ko‘riklarni tashkil etish va ushbu ko‘riklar davomida aniqlangan kasalliklarni davolash, xalqimiz o‘rtasida sog‘lom turmush tarzi, sog‘lom ovqatlanish madaniyatini targ‘ib qilish edi, – deydi viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘ining tibbiy yordamni tashkil etish bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Jamshid Jiyanov. – Bir oy davomida viloyatimiz hamda respublika ixtisoslashgan markazlarining malakali mutaxassislari jalb qilingan holda Samarqand shahrida bu vazifalarni amalga oshirishga erishdik. O‘tgan vaqt mobaynida 175 mingdan ziyod aholi skring dasturlari bilan qamrab olindi, 40 mingga yaqini maqsadli tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Bu tadbirlar natijasida 200 dan ziyod fuqaroni operativ yo‘l bilan davolashga erishildi. 56 nafar bemorda yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlari o‘tkazildi. Bu bemorlarning aksariyatini kam ta’minlangan oilalar vakillari, nogironligi bo‘lgan shaxslar hamda keksalar tashkil etdi. Shahardagi 2, 6 va 9-poliklinkalarda tor soha mutaxassislari tomonidan o‘tkazilgan ko‘riklarda 1210 nafar aholi angiografiya tekshiruvidan o‘tkazildi va natijada 221 kishida stentlashga, 128 kishida aorta koronar shuntlashga ko‘rsatma aniqlandi. 6000 nafardan ortiq ayollar ko‘krak bezi saratoni va bachadon bo‘yni saratonini erta aniqlash uchun ultratovush tekshiruvi va mammografiya ko‘rigiga jalb qilindi. 111 nafar ayollar xavfli o‘sma kasalligiga gumon qilinib, ularning 8 nafarida bachadon bo‘yni va 9 nafarida ko‘krak bezi saratoni tashxisi tasdiqlandi. Ularni davolash choralari ko‘rilmoqda.

Marafon davomida shahardagi aholi ko‘p to‘planadigan joylarda salomatlik nuqtalari tashkil etildi. Ushbu maskanlarda aholi instrumental tekshiruvlardan o‘tkazildi, ya’ni vazni, bo‘yi, semizlik darajasi aniqlandi va tibbiyot xodimlari tomonidan zarur tavsiyalar berildi, sog‘lom turmush tarzi targ‘ibotiga oid ko‘rgazmali vositalar tarqatildi. Bu tadbirlar orqali ma’lum darajada, Samarqand shahar aholisining tibbiy xizmatdan roziligiga erishildi. Tarmoq reja bo‘yicha viloyat miqyosidagi shunday salomatlik marafonlarini Kattaqo‘rg‘on shahar va Urgut tumanida o‘tkazish ko‘zda tutilgan. Umuman, 2026 yil davomida viloyatning barcha tuman va shaharlarida bu kabi tadbirlar o‘tkazish rejalashtirilgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, salomatlik marafoni davomida Samarqand shahridagi oilaviy poliklinikalarga 175 mingga yaqin aholi murojaat qilib, 263 mingta qabul amalga oshirildi. Ushbu qabullar natijasi asosida ko‘p tarmoqli poliklinikaga yo‘naltirilgan 38 mingdan ortiq aholi respublika va viloyat tibbiy muassasalarining malakali mutaxassislari tomonidan tekshiruvdan o‘tkazilib, 1400 nafariga statsionar, 22 ming nafariga ambulator muolajalar tavsiya etildi. Oilaviy poliklinikalarga murojaat qilgan aholi 7 turdagi skrining tekshiruvlaridan o‘tkazildi. Tekshiruvlar yakunlari DMED yagona elektron axborot tizimiga kiritildi va bu fuqarolar salomatligini doimiy monitoring qilish, kasalliklarni erta aniqlash, ularning oldini olish va davolash samaradorligini oshirishga katta turtki beradi.

– Respublikamizda birinchi “Salomatlik marafoni” Nukus shahrida o‘tkazilib, tibbiy xizmatga ehtiyoji yuqori keng aholi qatlami qamrab olingan edi, – deydi Samarqand shahar sog‘liqni saqlash bo‘limi boshlig‘i Ahmadjon Bobojonov. – Undan keyin Samarqand shahrida tashkil etilgan marafon ko‘lami ham yanada kengayib, nafaqat shahar tibbiy muassasalari xodimlari, balki viloyat, respublikadan malakali mutaxassislar qatnashdi. Ular yordamida eng chekka mahallalardagi tibbiy yordamga muhtoj, salomatligida muammosi bo‘lgan aholigacha borilib, hatto uyida yotgan bemorlar ham malakali vrachlar tomonidan ko‘rikdan o‘tkazilib, tavsiyalar berildi. Respublika ixtisoslashgan tibbiy markazlari rahbarlarigacha shahrimizga kelib, maqsadli tibbiy ko‘riklarni tashkil etish va o‘tkazishga yaqindan yordam berishdi.

Nima uchun Nukusdan keyin Samarqand shahri tanlandi, degan savol ko‘pchilikni qiziqtirishi mumkin. Davlatimiz rahbarining shu yil 19 mayda qabul qilingan “Respublikada sog‘liqni saqlash tizimini va aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish tamoyillarini takomillashtirish orqali sohani isloh qilishni izchil davom ettirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga ko‘ra, bu yil mamlakatimizdagi 15 ta tuman va shahar qatorida Samarqand shahrida tajriba-sinov tariqasida sog‘liqni saqlash tizimini tashkil etishning yangi modeli joriy qilindi. Sog‘liqni saqlash tizimini eng ilg‘or xorijiy tajriba asosida isloh qilish, aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifatini oshirish, birlamchi tibbiy-sanitariya yordami ko‘rsatishning zamonaviy tizimini shakllantirish, yangicha boshqaruv tamoyillarini yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilgan yangi model asosida shahar sog‘liqni saqlash tizimi faoliyati raqamlashtirildi, DMED tizimi, elektron poliklinika, elektron retsept joriy etildi.

– O‘ttiz yillik tajribaga ega tibbiyot xodimi sifatida aytishim mumkinki, biz yilning ikkinchi yarmidan boshlab, yangi tizimda ishlab, uning avvalo, aholi, qolaversa, tibbiyot xodimlari uchun ham juda qulayligini o‘z faoliyatimizda ko‘ryapmiz, – deya so‘zida davom etadi A.Bobojonov. – Ortiqcha qozog‘bozliklar kamaydi, barcha ma’lumotlar elektron ko‘rinishga keldi. Poliklinikalardagi aholining tibbiy daftarchalari ham elektron shaklga keltirilib, tizimga kiritildi. Hozir bir shaharning har mahallasida aholining salomatlik ko‘rsatkichlari, xavf guruhidagilar va dispanser ro‘yxatida turganlar haqida aniq ma’lumotlarga egamiz. Aholi qaysi tibbiy muassasaga borib, ko‘rikdan o‘tadigan yoki davolanadigan bo‘lsa, DMED tizimi orqali uning tibbiy kartasidagi ma’lumotlar bilan tanishib, shunga qarab tashxis qo‘yish yoki muolaja tayinlash mumkin. Bu tizim marafonda ham juda qo‘l keldi. Biz birinchi navbatda kimlarni mutaxassis ko‘rigidan o‘tkazish zarurligini aniqlab oldik va shu asosda viloyat, poytaxtdagi tibbiy markazlardan mutaxassislarni taklif etib, maqsadli ko‘riklarni tashkil etdik. Bemorlar, kambag‘al oilalar va kasallik kelib chiqishi ehtimoli yuqori bo‘lgan xavf guruhlari bilan manzilli ish olib borildi. Eng ko‘p uchraydigan kasalliklar yuzasidan bemorlar marshrutlari ishlab chiqildi va shifokor taktikasi bo‘yicha qisqa muddatli o‘quvlar –  “workshop”lar o‘tkazildi. Birinchi bosqichda respublika mutaxassislari tomonidan shahrimizdagi 20 ta oilaviy poliklinikaning 75 nafar tibbiyot xodim – oilaviy shifokor, amaliyotchi hamshira va oila hamshiralari o‘qitilib, mahalliy trenerlar tayyorlandi. Keyingi bosqichda mahalliy trenerlar tomonidan 168 ta tibbiyot brigadalaridagi 679 nafar xodimning kasbiy malakasi oshirildi. Qandli diabet, yurak qon-tomir kasalliklari, ayollarda xavfli o‘sma kasalliklari, reproduktiv salomatlik va bolalar parvarishi, DMED-savodxonlik bo‘yicha “workshop”lar tashkil etildi. Bu ishlar natijasida bugun poliklinikalarimizdagi shifokor va patronaj hamshiralar qaysi oilada qanday tibbiy xizmatga ehtiyoji borligi, bemorlar to‘g‘risida aniq ma’lumotga va ularga qanday yordam ko‘rsatish bo‘yicha ko‘nikmaga ega. Eng muhimi, “Salomatlik marafoni” bu ishlarni tizimli yo‘lga qo‘yish imkoniyatini berdi.

Marafon davomida Yoshlar ishlari agentligi va Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan hamkorlikda Samarqand shahridagi 92 ta o‘rta ta’lim maktabida faoliyat olib boruvchi 84 nafar maktab hamshiralariga reproduktiv salomatlik asoslari, zararli odatlardan voz kechish, sog‘lom turmush tarzi asoslari, aholining tibbiy savodxonligini oshirish bo‘yicha “Oila salomatligi maktabi” mashg‘ulotlari o‘tkazildi. Maktab hamshiralarining lavozim yo‘riqnomalari yangidan ishlab chiqildi. Bunda, hamshiralar shifokorgacha birlamchi tibbiy yordam ko‘rsatish, DMED dasturi orqali bolalar vaksinatsiyasini monitoring qilish,

sanitar-gigiyenik holatlar nazorati, o‘quvchilar orasida sog‘lom turmush tarzi bo‘yicha targ‘ibot tadbirlarini o‘tkazish va o‘quvchilarning ruhiy holatini monitoring qilishi nazarda tutilgan.

G‘olib Hasanov,

Alisher Isroilov (surat).