Bir g‘azal sharhi: Navoiyning “Oqqo‘yunli muxlislar devoni”dan boshqa devonlarida uchramaydigan g‘azali

Hazrat Alisher Navoiyning faqat “Oqqo‘yunli muxlislar devoni”dagina uchraydigan mazkur g‘azali turkona, deb tilga olinadigan ramal bahrining ramali musammani mahzuf vaznida bitilgan. Mazmuniga ko‘ra ishqiy g‘azaldir. Baytlarda ayrim so‘zlar o‘g‘uz lahjasiga xos tarzda (fonetik o‘zgachalik: dilamazman – tilamasman, ko‘ran – ko‘rgan, edar – etar, o‘lmaz – bo‘lmas, o‘lmas, dopgach – topgach; leksik o‘zgachalik: digar – o‘zga, boshqa, o‘la – bo‘ladi) berilgan. Asar besh baytdan iborat va matla’dan keyingi baytning o‘zaro qofiyalanganini inobatga olib, husni matla’ (zebi matla’)li g‘azal, deb ayta olamiz. G‘azalda tazod (har dam – dame, g‘am – nishot, zaxm – marham, mahram – nomahram...), tanosub (gul, sabo, bulbul), husni ta’lil (Yoring, ey gul, gar sabodur, nola bulbuldin ne ayb), ishtiqoq (mahram, nomahram), radd ul- ibtido ilal-zarb (Olame hayron manga, manda xud o‘zga olame), tamsil (...yozsa, o‘lmaz xat, varaq dopgach name) kabi qator poetik san’atlardan unumli va o‘rinli foydalanilgan.
Munchakim har dam yetar jismuma hajringdin g‘ame,
Ro‘zi o‘lmasun mango sensiz nishot etmak dame.
G‘azalning birinchi baytida har lahza jismimga hijroning sababli qanchalar g‘am yetishadi. Shunday bo‘lsa-da, istaymanki, menga sensiz bir lahza ham xursandchilik nasib etmasin, degan ma’noni anglash mumkin. Garchi, sevikli yori hijronidan tinimsiz g‘am yetib tursa-da, lirik qahramonning bundan shikoyat qilmasligi va hattoki, yorisiz bir lahza ham xursandchilik nasib etmasligini so‘rab iltijo qilishi o‘quvchi ko‘z o‘ngida chin fidoyi oshiqni, Hazrat Navoiyning o‘z ta’birlari bilan aytganda, tolibi sodiqni gavdalantiradi.
Zahmkim qildi xadanging, rashku g‘ayratdin dame,
Billah, ar o‘lsam, dilamazmanki, digar marhame.
Ikkinchi baytda esa yorning o‘qlari (kiprigi) oshiqni jarohatlagani, ammo shu jarohat agar uning o‘limiga sabab bo‘lsa ham ayni o‘sha o‘qlardan o‘zga malham istamasligini aytib ont ichishi, yori tomonidan paydo qilingan yarani hatto malhamdan qizg‘anishi o‘quvchi qalbini hayajonga soladi.
Yoring, ey gul, gar sabodur, nola bulbuldin ne ayb,
Toqatim yo‘qdurki, o‘la mahraming nomahrame.
Ey gul, agar sabo yoring bo‘lsa, bulbulning nola chekishi tabiiydir. Xuddi shunday, men ham nomahramning hamdaming bo‘lishiga sira toqat qilolmayman. Uchinchi baytga kelib esa lirik qahramon andak shikoyat qilishga botinadi va yorining yonida g‘ayrning hozirligiga toqat qilolmasligini izhor qilar ekan, gulga sabo yor bo‘lsa, bulbulning nola qilishi ayb emas, deya o‘zining ruhiy holati va xatti-harakatini chiroyli dalillaydi.
Voykim, o‘lar meni majnun seni ko‘ran zamon,
Olame hayron manga, manda xud o‘zga olame.
G‘azalning to‘rtinchi baytida: “Ey, voh, men telba seni ko‘rgan paytda o‘lib qolaman. Butun olam menga hayron, mening ichimda esa tamoman o‘zga olam bor”, degan ma’noni anglash mumkin. Ushbu misralarda oshiqning haddi a’losiga yetgan iztirobi va uning jamiyat kishilari bilan orasidagi farqi yaqqol ko‘zga tashlanadi. Lirik qahramonning jununvor ishqi, sog‘inchi shu darajaga yetganki, u nogahon ma’shuqasini ko‘rib qolsa, visol shiddatiga tob keltirolmay o‘lib qoladi. Uning bunday holatini ko‘rgan olam ahli hayron qolishadi. Chunki oshiqning ko‘nglida o‘zga dunyo – olam ahli bilmagan, his qilmagan va ehtimolki, butun umr his qilolmay o‘tadigan bir olam mavjud. Lirik qahramonning holatiga tushmagan, u boshdan kechirgan hijron, rashk azoblarini bevosita o‘z boshidan o‘tkazmagan, yori visoliga bu qadar zor bo‘lmagan kishi bu olamni idrok qilolmasligi tayin.
Mehringiz ko‘z pardasi uzra Navoiy naqsh edar,
Har nechakim yozsa, o‘lmaz xat, varaq dopgach name.
Asar qahramoni sevikli yoriga nisbatan tuygan mehru muhabbatini ko‘z pardasiga (chunki ko‘z pardasidan ko‘ra sofroq, aziz va sifatliroq lavh mavjud emas!) chiroyli, naqshinkor qilib bitmoqchi bo‘ladi. Ammo uning firoqda mudom yosh to‘kib, namlanib turgan ko‘zi pardasiga-da tuyg‘ularini to‘la-to‘kis aks ettirib bo‘lmaydi. Demakki, qalbidagi musaffo hislari, kechinmalari ko‘ngli tubida qolib ketaveradi. Zero, chindan nam tortgan varoqqa yozib bo‘lmaydi.
Mazkur ishqiy g‘azalda oshiqning hasbi holi, ko‘ngil kechinmalari, ma’shuqiga samimiy, shu bilan birga, otashin muhabbati o‘ziga xos jozibali tasvirlar, diloshub lavhalar vositasida ifodalangan. Sinchiklab nazar tashlasak, g‘azaldagi har bir obraz, har bir so‘z Hazrat Navoiyning badiiy maqsadlari yo‘lida bekamu ko‘st xizmat qilganini ko‘ramiz.
Alisher SABRIY,
SamDU magistranti.