Bir yomonning yaxshisi... yoki karantinga minnatdorlik
Karantin paytida vaqt bormi yoki davr taqozo etdimi, ishqilib, deyarli har kuni hayotimiz mohiyati xususida ko‘proq o‘ylaydigan bo‘ldim.
Birni ko‘rib fikr qil, birni ko‘rib shukr qil, degan gap bor. Bugungi kamtarona, hokisorona, ehtiyotkorona, ozodagina hayotimizni ko‘rib, oldingi hayotimizga taqqoslasak, ancha haddimizdan oshib ketganimiz ayon bo‘ladi. Tashqi dunyo o‘z yo‘liga, o‘z yurtimizning kechagi va bugungi kunini tahlil qilamiz.
Ertalab shosha-pisha nonushta qilib, kattalarning ishga, bolalarning maktabga shoshilishi ham katta baxt ekan. Ko‘chadagi avtobuslar tiqilinchligi, mashinalar tirbandligi ham yaxshi ekan. Tushlikda va kechqurun restoran, kafe va turli oshxonalarda joy yetishmasdi. Vaholanki uyda ham shirin ovqatlar pishirilarkan.
To‘ylarimizni eslab ko‘raylik. Yillar davomida kurashsak-da hashamatli to‘y-hashamlarni yengolmayotgan, orzu-havaslarimizni cheklolmayotgandik. Ko‘zga ko‘rinmas virus tartibga soldi-qo‘ydi. Nahorgi oshga 1000-1500 odam aytilishi va shuncha odam kelishi oddiy hol edi! Kechki bazmlarga hashamatli restoranda 500-800 ta joy hozirlagan to‘y sohiblari «joy yetarmikin» deya xavotirlanib turishardi!
To‘yxonalar dasturxonga uch-to‘rt qavat noz-ne’mat joylashtirib, “bir odam narxini” 150-200 ming so‘m va undan ziyodga chiqarishgandi. Albatta, noz-ne’matning uchdan birini ham tanovvul qilishning imkoni yo‘q. Demak, kesilgan, to‘g‘ralgan bu mahsulotlar isrof edi!
Odamlar vaqtining katta qismi to‘ylarda qatnashishda o‘tayotgan ekan. Bir kunda uch-to‘rttalab, ba’zida ko‘proq to‘yga taklifnoma kelardi. Odamgarchilik, bormasa bo‘lmaydi. Har tongda uydan chiqib, ish vaqtigacha ikki-uch nahor oshga kirib chiqishga ulgurardik. Yana ayrim paytlar bir kunda aytilgan to‘ylar boshqa-boshqa tumanlarda, hatto viloyatlarda bo‘lib qolardi. Ayniqsa, yoz-kuz oylarida to‘ydan ortgan vaqtimiz ishlardik. Buyoqda, tug‘ilgan kunlar, yubileylar, gap-gashtaklar, qirq kun davom etadigan ta’ziya-ma’rakalar...
Oila davrasida nonushta qilish, kechki ovqatda oila bilan birga bo‘lish erkaklar uchun o‘ta kamyob hodisa edi.
O‘sha to‘ylarda 40-50 kishi bilan qo‘l olib ko‘rishilardi, ayrimlari bilan quchoqlashib omonlashardik. Ayniqsa, ayollar bir-biri bilan o‘pishib to‘ymasdi. Uzoqdan turib qo‘lni ko‘ksiga qo‘yib ko‘rishish ham mumkin ekan.
Bir yili Qoraqalpog‘istondan mehmonga kelgan do‘stim bilan qishloqqa to‘yga bordik. To‘yxonaga kiraverishda qator turgan mezbonlar bilan birma-bir qo‘l olib ko‘rishib to‘yga kirdik. Bir stolga do‘stlar yig‘ilib qolgan ekanmiz, ayrimlar qo‘shqo‘llab, ayrimlar bilan quchoqlashib ko‘rishdik... Osh tortildi. Oshga ishtaha bilan qo‘l bilan uzatdik. Oshni, ayniqsa to‘y oshini qo‘lda yeyishga nima yetsin! E’tibor qilsam, mehmon oshga ham, dasturxonga ham qo‘l urmadi. Bir-ikki marta mulozamat qildim...
Tashqariga chiqqanimizdan keyin so‘radim:
- Nega hech narsa yemadingiz?
- Shuncha odam bilan ko‘rishgandan keyin qanday qilib biror narsa yeyman? Qaysi birining qo‘li tozaligiga kafolat berasiz? Shuncha odamning qo‘lidan olgan illatlarni ichimga solaymi? Buning ustiga ichkarida qo‘l yuvmadik, hatto osh yeyishga qoshiq ham qo‘yilmagan...
- Ha endi, qishloqning to‘yi-da... – dedim nima deyishni bilmay.
Hozir ayni bahor. Shu kunlarda hamma tog‘larga, dala-dashtlarga otlanardi. Oilalar, do‘stlar guruhlari, sinfdoshlar, kursdoshlar, ishxona jamoa, gashtakchilar... Guruh-guruh bo‘lib boriladigan bu sayru sayohatlarning asl mazmun-mohiyati o‘zgarib ketdi. Ilgari lola sayliga chiqqanlar baland tog‘larga chiqishardi, tabiatdan bahra olishardi. Qishda dimiqqan tana uyg‘onish faslidan rohatlanardi. Hozirgisi esa faqat maishatbozlikdan boshqa narsa emas. Ko‘proq yeyish, ko‘proq ichkilikbozlik qilish... xullas, biiir mazza qilish. Natijada, ona tabiatimizning so‘lim go‘shalari bo‘sh shishalar, yelim idish va paketlar, boshqa chiqindilarga to‘lib ketardi. O‘tlar payhon bo‘lardi, archalar shoxi sinardi, suvlar ifloslanardi. Bu yil tabiat ham dam olayapti. Shahar ham dam olayapti. Insoniyat ham dam olayapti.
Karantindan yaxshi tomonga ancha o‘zgarib chiqamiz. Ehtiyotkor, e’tiborli, ozodaroq bo‘lamiz. Hayotni, yaqinlarimizni ko‘proq qadrlaydigan bo‘lamiz. Ota-onamizning ziyoratiga borishga go‘yoki vaqt topolmasdik, endi har qancha sog‘insakda borolmay mo‘ltirab o‘tiribmiz. Aka-uka, opa-singillar bilan telefonda gaplashayapmiz. Lekin bu diydor emas, ko‘ngil to‘lmaydi.
Karantinning foydalarini yana uzoq gapirish mumkin. Chunki u turmushimizning barcha qatlamiga kirib bordi. Faqat xato-kamchiliklarimizni batafsil tahlil qilib, tegishli xulosalar chiqarib, yaxshi tomonga o‘zgarib chiqishimiz kerak.
Sadriddin NABIYeV.