Birinchi MDH o‘yinlari Qozon shahrida o‘tkaziladi
Rossiyaning Qozon shahrida I Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi o‘yinlarini o‘tkazish masalalariga bag‘ishlangan videokonferensiya o‘tkazildi.
Unda O‘zbekiston jismoniy tarbiya va sport vazirining birinchi o‘rinbosari Ravshan Ermatov hamda vazirlikning boshqarma boshliqlari ham qatnashdi, deya xabar bermoqda vazirlik matbuot xizmati.
Hozirda butun dunyoda koronavirus pandemiyasi sababli sport o‘yinlarini o‘tkazishda muammolar tug‘ilmoqda. Rossiyadagi mavjud sanitariya-epidemiologik vaziyat tufayli ayni paytda ilk marotaba tashkil etilayotgan sport o‘yinlarini 2020 yil 4 sentyabrdan 11 sentyabrgacha o‘tkazish imkoniyati ko‘rib chiqilmoqda. Videokonferensiyada sport o‘yinlarini o‘tkazish tartibi, xavfsizlik choralari, tibbiy yordam ko‘rsatish masalalari muhokama etildi.
Ta’kidlash joiz, I Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi o‘yinlarida sportning 22 turi bo‘yicha bellashuvlar o‘tkaziladi. Boks, sohil voleyboli, stol tennisi, badiiy gimnastika, suv polosi shular jumlasidan. Sportchilar bellashuvlarda 284 ta medallar jamlanmasi uchun kurash olib borishadi.
Musobaqalarda 14 yoshdan 23 yoshgacha bo‘lgan sportchilar ishtirok etadi. Hozircha sport o‘yinlarida MDHga a’zo 7 mamlakatdan ming nafardan ziyod delegatlar qatnashishi kutilmoqda. Barcha delegatsiya a’zolarini ro‘yxatdan o‘tkazish jarayoni onlayn tarzda akkreditatsiya tizimida amalga oshiriladi.
O‘yinlar Qozon shahrining 14 ta sport inshootida bo‘lib o‘tadi.
Sport o‘yinlari davomida “Sportchilar qishlog‘i”da ishtirokchilar uchun tibbiy markaz tashkil etilib, sport inshootlaridagi doping nazorat punktlari ochiladi.
Mamlakatimizda joriy yilning 1 avgustiga qadar karantin qoidalari joriy etilgani bois mavjud sanitariya-epidemiologik vaziyatni hisobga olgan holda sportchilarimizning musobaqada ishtirok etishlari buyicha yakuniy qarorni Respublika maxsus komissiyasi qabul qiladi.