MDH doirasida imkoniyati cheklangan bolalar spartakiadasi o‘tkaziladi

Bu haqda bugun Samarqand shahrida o‘tkazilgan Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi tashqi ishlar vazirlari kengashining kengaytirilgan tarkibdagi yig‘ilishida ma’lum qilindi.

Hamdo‘stlik davlatlari o‘rtasidagi madaniy-gumanitar aloqalarni yanada mustahkamlash maqsadida salomatlik nuqtai nazaridan imkoniyat cheklangan bolalar o‘rtasida spartakiada o‘tkazishga qaror qilindi.

Mazkur musobaqalar to‘rt yilda bir marta o‘tkaziladi va dastlabki spartakiada 2024 yilda Rossiya Federatsiyasida tashkil etilishi belgilandi.

Yig‘ilish qatnashchilari 2018 yilda MDH mamlakatlari sportchilari o‘rtasida olimpiya sport turlari bo‘yicha spartakiada o‘tkazish tashabbusi ilgari surilib, 2021 yilda bu bellashuvlar ilk bor Qozon shahrida muvaffaqiyatli o‘tkazilganini qayd etdi. Bu yil mazkur musobaqalar Belarus Respublikasining o‘ndan ortiq shaharlarida o‘tkaziladi. Shu munosabat bilan Minsk shahri 2023 yilda hamdo‘stlikning sport poytaxti deb e’lon qilindi.