O‘zbekiston global ochlik indeksida 9 pog‘ona ko‘tarildi

BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi agentligi (FAO) tomonidan 2021 yil uchun Global ochlik indeksida (Global Hunger Index) eng yaxshi deb topilgan mamlakatlar reytingi e’lon qilindi.

2021 yil Global ochlik indeksida 116 ta mamlakat ishtirok etdi. Belarus, Bosniya va Gersegovina, Braziliya, Chili davlatlari reytingda eng yuqori pog‘onada bo‘lsa, eng kichik ko‘rsatkichlar Somali, Suriya va Janubiy Sudan mamlakatlarida kuzatilmoqda.

Respublika Oziq-ovqat sanoatini rivojlantirish bosh boshqarmasi xodimi O.Pirmonovning ma’lum qilishicha, mazkur indeksda O‘zbekiston eng yaxshi deb topilgan. Mamlakatimiz 9 pog‘ona yaxshilanib, 49 ta mamlakat orasida 5,9 ball bilan 21-o‘rinni egalladi. Ushbu ma’lumot Global ochlik indeksi rasmiy saytida taqdim etilgan.

Bu indeks har bir mamlakat uchun to‘rtta ko‘rsatkichni jamlash orqali aniqlanadi:
- to‘yib ovqatlanmaydigan aholi ulushi;
- besh yoshgacha bo‘lgan vazni me’yordan past bolalar ulushi;
- besh yoshgacha bo‘lgan bo‘yi me’yordan past bolalar ulushi;
- besh yoshgacha bo‘lgan bolalarning o‘lim darajasi.
2020 yilda O‘zbekiston ushbu reytingda 6,7 ball bilan 30-o‘rinda ko‘rsatilgan edi.

MDH davlatlari quyidagi o‘rinlarda:
1. Belarus — 1;
2. O‘zbekiston — 21;
3. Rossiya — 25;
4. Gruziya — 27;
5. Qozog‘iston — 28;
6. Ukraina — 29;
7. Armaniston — 32;
8. Ozarbayjon — 33;
9. Qirg‘iziston — 40;
10. Turkmaniston — 48.