Birinchi yarim yillikda Samarqandda 4127 ta yangi korxona-tashkilot tashkil etildi
Korxona va tashkilotlarning yagona davlat registri ma’lumotlar bazasiga (KTYaDR) asosan 37 ming 19 ta korxona va tashkilot (dehqon va fermerlarsiz) ro‘yxatga olingan, shundan 34 ming 790 tasi (94 foizi) faoliyat ko‘rsatmoqda. Joriy yil yanvar-iyun oylarida 4127 ta yangi korxona va tashkilot tashkil etildi.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan olti oyda viloyatning sanoat korxonalari tomonidan 7551,3 milliard so‘mlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarilgan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan sanoat ishlab chiqarish fizik hajm indeksi 86,4 foizni tashkil etdi.
Hisobot davrida xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalar tomonidan 2808 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilib, jami sanoat ishlab chiqarishdagi ulushi 37,2 foizni tashkil etdi.
Joriy yilning yanvar-iyun oylarida viloyat bo‘yicha jami 2744,9 milliard so‘mlik qurilish ishlari bajarilib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 101,4 foizni tashkil qildi. Amalga oshirilgan qurilish ishlari mulkchilik shakliga ko‘ra, davlat va nodavlat shakliga bo‘linib, bajarilgan qurilish ishlari hajmida davlat ulushi 3,2 foizni hamda nodavlat ulushi 96,8 foizni tashkil qilmoqda.
Fazlulloh Eshonqulov,
viloyat statistika boshqarmasi axborot xizmati xodimi.