Samarqandda “AKFA” so‘zidan foydalangan 54 ta korxonaga chora ko‘rilgan

So‘nggi vaqtlarda mahsulot sifati hamda standart talablarga javob berishi bilan nom qozongan brend va logotiplarning boshqa korxona va tashkilotlar tomonidan “o‘g‘irlanishi” ham kuzatilmoqda.

Bu raqobatning nohalol bo‘lishiga, iste’molchilar o‘rtasida o‘sha brend mahsulotlariga ishonchsizlikning shakllanishiga olib keladi.

“Raqobat to‘g‘risida”gi Qonunning 4-moddasiga asosan insofsiz raqobat xo‘jalik yurituvchi sub’yekt yoki shaxslar guruhining iqtisodiy faoliyatni amalga oshirishda afzalliklarga ega bo‘lishga qaratilgan, qonun hujjatlariga, ish muomalasi odatlariga zid bo‘lgan hamda boshqa xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarga (raqobatchilarga) zarar, ishchanlik obro‘siga putur yetkazadigan yoki zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan harakatlar deb e’tirof etilgan. Mazkur qonunning 13-moddasiga asosan insofsiz raqobat taqiqlangan.

Insofsiz raqobatda tovarni xo‘jalik yurituvchi sub’yektning (raqobatchining) tovar belgisiga, firma nomiga o‘xshash bo‘lgan belgidan o‘zining tovarlari, etiketkalari, o‘rovlarda joylashtirish mumkin emas.

Shu sababli, intellektual mulkni muhofaza qilish muhim vazifa hisoblanadi. Tadbirkorlar buni yaxshi anglagan holda huquqbuzilishi holatlariga duch kelganliklarida qonun yo‘li bilan o‘z huquqlarini himoya qilish uchun monopoliyaga qarshi organga murojaat qilmoqda.

Tushgan murojaatlar asosan, huquqiy himoyaga olingan tovar belgisini takrorlash, maxsulot qadog‘idan nusxa ko‘chirish orqali qalbakilashtirish va tovar belgilarini firma nomlarida ko‘rsatish holatlari bo‘yicha kelib tushmoqda.

Jumladan, “Societe des Produits Nestle S.A.” kompaniyasi (Shveysariya)ning muzqaymoq mahsulotlari ishlab chiqarish va uning savdosi bo‘yicha yo‘llagan murojaati o‘rganib chiqilganda, unda “KIT KAT” tovar belgisi “Societe des Produits Nestle S.A.” kompaniyasi tegishli ekanligi qayd etilgan. Ammo Samarqand shahrida joylashgan tadbirkorlik sub’yekti o‘sha tovar belgisiga o‘xshash “KIT KIT” tovar belgili muzqaymoq ishlab chiqarib, sotgan va insofsiz raqobatga yo‘l qo‘ygan.

Viloyatdagi “ayrim” tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan “ROTBAND” tovar belgisiga o‘xshash bo‘lgan “ROTBANT”, "NUTS” tovar belgisiga o‘xshash “NATSS” tovar belgisidan foydalanish holatlari aniqlanib, amalga oshirilgan ishlar natijasida qonunbuzilish holatlari bartaraf etilgan.

Bundan tashqari, hududiy boshqarma tomonidan olib borilgan ishlar natijasida firma nomlarida “AKFA” so‘zidan foydalangan 54 ta korxonaning, “ARTEL” so‘zidan foydalangan 5 ta korxonaning firma nomlarini o‘zgartirish choralari ko‘rildi.

Hududiy boshqarmaga tushgan murojaatlarni o‘rganish natijasi bo‘yicha qonunbuzilish holatlariga yo‘l qo‘ygan korxonalarga qonunbuzilish holatini to‘xtatish va kelgusida yo‘l qo‘ymaslik to‘g‘risida ko‘rsatmalar berilib, tovar belgisi egasining intellektual mulk huquqlarining himoya qilinishi ta’minlandi.

Azamat Hamroqulov,

Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish hududiy boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i o‘rinbosari.