Yil yakuni bilan yalpi hududiy mahsulot hajmi 43 trillion so‘mga yetkaziladi - rejalar qanday?
Jamshid O‘ROQOV,
viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari:
- Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash borasida yil yakuniga qadar amalga oshiriladigan aniq rejalar va erishiladigan maqsadli ko‘rsatkichlar belgilab olinib, shu asosda har bir hududning ijtimoiy-iqtisodiy ko‘rsatkichlari qayta ko‘rib chiqildi.
Xususan, yil yakuni bilan YaHM hajmini 43,3 trillion so‘m (109,2 foiz), sanoat mahsulotlari hajmini 20,8 trillion so‘m (108,5 foiz), qishloq xo‘jalik mahsulotlari hajmini 36,2 trillion so‘m (105,7 foiz) va xizmat ko‘rsatish hajmini 19,6 trillion so‘m (127,1 foiz)ga yetkazish belgilab olindi.
Shuningdek, yil yakunida 12,4 trillion so‘mlik (113,5 foiz) investitsiya o‘zlashtirilib, hududiy investitsiya dasturi doirasida 1 368 ta, qiymati 5 086,5 milliard so‘mlik loyihalar ishga tushiriladi va 12 888 ta ish o‘rni yaratiladi. Hududiy eksport hajmi 500 million dollar (175,2 foiz)ga yetkaziladi.
Sanoatda ishlab chiqarish quvvatidan to‘liq foydalanmayotgan 152 ta korxona quvvatini oshirish hisobiga ishlab chiqarish hajmi 158,8 milliard so‘mga ko‘payadi. Sanoatda jami 357 ta umumiy qiymati 2 116,3 milliard so‘mlik yangi loyihalar ishga tushadi.
Jumladan, “Urgut” erkin iqtisodiy zonasida joriy yil 26 ta loyihada 1 249 ta ish o‘rni yaratilishi hamda 543 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilishi kutilmoqda. Kichik sanoat zonalarida 516 milliard so‘mlik 82 ta loyihada 1 234 ta yangi ish o‘rni va 829 milliard so‘mlik qo‘shimcha hajm yaratiladi. Paxta-to‘qimachilik klaster korxonalari tomonidan 4 ta loyihada qo‘shimcha 362 milliard so‘mlik hajmlar yaratiladi. Qishloq xo‘jaligida umumiy qiymati 2 trillion so‘mlik jami 337 ta, jumladan, qoramolchilikda 68 ta, parrandachilikda 26 ta, issiqxona 84 ta, baliqchilikda 12 ta va boshqa yo‘nalishda 147 ta yangi loyiha ishga tushiriladi.
Yil yakuni bilan dehqonchilikda 18,3 trillion (105,6 foiz), chorvachilikda 15,4 trillion so‘m (103,1 foiz)lik mahsulot yetishtirish kutilmoqda. Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash natijasida yil yakuni bilan 10 866 ta (126 foiz) yangi kichik biznes sub’yektlari tashkil etiladi.