Korxonaning hisob raqami nega sud tomonidan yopildi?
Samarqand viloyati davlat soliq boshqarmasi da’vo ariza bilan murojaat qilib, “Baxtiyor agro dalasi” fermer xo‘jaligining banklardagi hisobvaraqlar bo‘yicha operatsiyalarini to‘xtatib turishni so‘ragan.
Soliq kodeksining 82-moddasiga asosan soliq hisoboti soliq to‘lovchi hisobga olingan joydagi soliq organiga belgilangan shaklda qog‘oz yoki elektron shaklda ushbu Kodeksga muvofiq soliq hisobotiga ilova qilinishi lozim bo‘lgan hujjatlar bilan birga taqdim etilishi belgilangan.
Soliq kodeksining 273-moddasida soliq to‘lovchilar agar ushbu bobda boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, soliq hisobotini o‘zlari soliq hisobida turgan joydagi soliq organiga o‘tgan soliq davridan keyingi oyning yigirmanchi kunidan kechiktirilmagan muddatda taqdim etishi shartligi qayd etilgan.
Aniqlanishicha, javobgar tomonidan 2020 yil may oyi uchun qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha soliq hisobotini joriy yilning 25 sentyabr kuniga qadar taqdim etmagan.
Mazkur holat yuzasidan soliq organi tomonidan javobgarning shaxsiy kabinetiga elektron shaklda sabablarini ko‘rsatgan holda, belgilangan muddatlarda soliq hisobotini taqdim etishi va banklardagi hisobraqamlari bo‘yicha operatsiyalari to‘xtatib turilishi haqida 2020 yilning 13 iyul kuni xabarnoma va ogohlantirish xati yuborilgan bo‘lsa-da, ushbu talabnoma oqibatsiz qoldirilgan.
Shu munosabat bilan viloyat davlat soliq boshqarmasi tomonidan 2020 yilning 22 iyul kuni qabul qilingan qarorga ko‘ra, javobgarning banklardagi barcha hisobvaraqlari bo‘yicha chiqim operatsiyalari o‘n kunga to‘xtatilgan.
Shunga qaramasdan, javobgar hisobotlarni 2020 yilning 25 sentyabr kuniga qadar ham taqdim etmagan.
Soliq to‘lovchining (soliq agentining) bankdagi hisobvaraqlari bo‘yicha operatsiyalarni o‘n kundan ko‘p bo‘lmagan muddatga to‘xtatib turish to‘g‘risidagi qaror soliq organining iltimosnomasiga asosan sud tomonidan qabul qilinishi mumkin. Bunda soliq to‘lovchining (soliq agentining) bank hisobvaraqlari bo‘yicha operatsiyalari sud tomonidan qaror qabul qilinguniga qadar to‘xtatib turiladi.
Sud yuqorida bayon etilgan ish holatlari va qonun normalariga muvofiq sud majlisi kuniga qadar ham javobgar tomonidan huquqbuzarlik bartaraf etilmasdan soliq hisobotlari davlat soliq inspeksiyasiga taqdim etilmaganligi sababli arizani qanoatlantirib, javobgar tomonidan Soliq kodeksida belgilangan tartibda davlat soliq xizmati oraganiga soliq hisobotlarini topshirish orqali huquqbuzarlikni bartaraf etgunga qadar uning bank muassasasidagi barcha hisobvaraqlari bo‘yicha operatsiyalarning chiqim qismi to‘xtatildi.
Bundan tashqari, javobgar hisobidan viloyat davlat soliq boshqarmasi foydasiga ixtiyoriy to‘lab chiqilgan 17 ming 840 so‘m pochta xarajati undirildi.
Doston XUDOYBERDIYeV,
Jomboy tumanlararo iqtisodiy sudi devonxona mudiri.