Samarqandda Qozog‘iston kapitali ishtirokida 18 ta korxona ishlayapti
Qozog‘iston - O‘zbekistonning eng yaqin iqtisodiy hamkorlaridan biri. Samarqandlik ishbilarmonlar qo‘shni davlat tadbirkorlari bilan birga bir qator loyihalarni amalga oshirmoqda.
Viloyat investitsiyalar va tashqi savdo boshqarmasining Zarnews’ga xabar berishicha, ayni paytda Samarqandda Qozog‘iston kompaniyalari kapitali ishtirokida 14 ta qo‘shma korxona, 4 ta xorijiy korxona faoliyat yuritmoqda.
Jumladan, Qo‘shrabot tumanidagi “OSPAN - KAR INVEST” xorijiy korxonasida poyabzal ishlab chiqarilmoqda. Past Darg‘om tumanidagi “PET OIL” korxonasida esa neft mahsulotlari tayyorlanmoqda. Oqdaryo tumanida qozog‘istonlik hamkorlar ko‘magida tashkil etilgan “MEGANUT FOOD DRIED FRUITS IMPORT-EXSPORT TRADING LTD” mas’uliyati cheklangan jamiyati meva-sabzavot mahsulotlari eksporti bilan shug‘ullanmoqda.
2019-2020 yillarda viloyatda investitsiya loyihalarini amalga oshirish doirasida Qozog‘istondan 786,6 ming dollar miqdorida xorijiy investitsiya o‘zlashtirildi. Joriy yilning birinchi yarmida Bulung‘ur tumanida “FOZIL MING CHINOR TOMORQA XIZMATI” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan chorvachilikni tashkil etish loyihasi uchun Qozog‘iston davlatidan 13,6 ming dollarlik investitsiya kiritildi.