Kattaqo‘rg‘ondagi yangi korxona muammosi, uni “O‘zenergoinspeksiya” bartaraf etdimi?

Yaqinda Kattaqo‘rg‘on tumanida “ZARINA FAYZ KELAJAGI” mas’uliyati cheklangan jamiyati tashkil etilib, korxonada Xitoydan keltirilgan zamonaviy uskunalar yordamida karton qutilar ishlab chiqarila boshladi. Natijada “Temir daftar” va “Yoshlar daftari”da ro‘yxatda turgan 15 nafar ishsiz fuqaroning bandligi ta’minlandi.

- Loyihani amalga oshirish uchun 490 ming AQSh dollari miqdorida mablag‘ sarflandi, - deydi jamiyat rahbari Oybek To‘xtayev. – Korxona kuniga 20 ming dona quti ishlab chiqarish quvvatiga ega. Faoliyatimiz boshlanishi arafasida zaxira elektr ta’minoti bo‘yicha bir muammo yuzaga keldi. Ushbu masalada “O‘zenergoinspeksiya” Samarqand hududiy bo‘limiga murojaat qildik va  muammoga o‘z vaqtida yechim topildi.

- Korxona rahbari zaxira elektr ta’minotida muammoga duch kelganligi bo‘yicha bo‘limimizga murojaat qildi, - deydi “O‘zenergoinspeksiya” Samarqand hududiy bo‘limi mutaxassisi Bekmurod Siddiqov. – Unda “Samarqand hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” aksiyadorlik jamiyati tomonidan korxona uchun berilgan texnik shartda ulanish nuqtasi sifatida ko‘rsatilgan elektr uzatish tarmog‘i uzoqligidan norozi ekanligi aytilgan. Murojaat asosida inspeksiya tomonidan o‘rganish o‘tkazildi va korxona yaqindan o‘tgan elektr uzatish tarmog‘iga ulanishga texnik imkoniyatlar mavjud bo‘lganligi sababli, texnik shartda ko‘rsatilgan ulanish nuqtasi o‘zgartirildi. Inspeksiya tomonidan korxona elektr ta’minotiga tegishli bo‘lgan xujjatlarning rasmiylashtirilishi alohida nazoratga olindi.

To‘lqin Siddiqov,

Baxtiyor Mustanov.