Biron bir mamlakat konstitutsiyasida bo‘lmagan normalar Bosh qomusimizda mavjud - bu ota-onaning farzandlar, voyaga yetgan farzandlarning esa ota-ona oldidagi majburiyati
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 1992 yil 8 dekabrda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining o‘n ikkinchi chaqiriq o‘n birinchi sessiyasida qabul qilingan.
Tuzilishiga ko‘ra, muqaddima, 6 bo‘lim, 26 bob, 128 ta moddadan iborat Bosh qomusimizga 1992 yildan 2020 yilga qadar 14 marotaba o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilgan. Oxirgi o‘zgartirishlar qonunchilikda saylov qoidalarining takomillashtirilishi munosabati bilan 2019 yildagi O‘RQ-563-sonli Qonun orqali 96-, 117-moddalarga kiritilgan.
Milliy konstitutsiyaning yaratilishi
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga yurtimiz mustaqillikka erishishidan biroz oldinroq tamal toshi qo‘yilgan edi.
1990 yilning 21 iyunida O‘zbekiston Respublikasining (o‘sha vaqtda –O‘zbekiston SSR) Birinchi prezidenti Islom Karimovning tashabbusi asosida O‘zbekiston SSR Oliy Kengashining qarori qabul qilingan. Ushbu qarorga muvofiq, Islom Karimov boshchiligida turli sohadagi davlat arboblari, jumladan, huquqshunos va iqtisodchilarni o‘z ichiga olgan 64 nafar a’zodan iborat konstitutsiyaviy komissiya tuzildi. Qariyb 2,5 yil ish olib borgan konstitutsiyaviy komissiya tarkibida O‘zbekiston Respublikasining bugungi kundagi Prezidenti Sh.Mirziyoyev, O‘zbekiston Respublikasining Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markazi direktori A.Saidov kabi insonlar ham bor edi.
Komissiya tomonidan tuzilgan Konstitutsiya loyihasi dastlab hajman nisbatan yirik bo‘lib, 2 marta xalq muhokamasiga qo‘yish va keng jamoatchilik, ilmiy doira munosabati va xalq fikrini o‘rganish asosida ancha ixchamlashtirildi.
Konstitutsiyaning nafaqat tuzilmaviy birliklarini, balki moddalarini tuzish bo‘yicha xalqaro huquqning tan olingan prinsip va normalari, xususan, BMT va boshqa xalqaro tashkilotlarning insonparvarlik, demokratik g‘oyalariga hamohang normalari asos qilib olindi.
Bosh Qomusimizning qaysi jihatlari xorij davlatlari konstitutsiyasidan farq qiladi?
O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi sifatida aytishim mumkinki, Konstitutsiyamizning ikki jihati bilan dunyo davlatlari oldida maqtana olamiz. Bu shunday jihatlarki, Bosh qomusimiz qabul qilingan vaqtda deyarli biron bir davlat konstitutsiyasida bu kabi xususiyatlar uchramas edi.
Birinchidan, Konstitutsiyamizda dunyo davlatlari konstitutsiyalarida mavjud barcha muhim masalalar tartibga solingan holda, hajmi juda ham ixcham qilib (jami 7,5 mingdan ortiq so‘z) yaratildi.
Ko‘pchilik davlatlarning konstitutsiyalarida havolaki normalar ko‘p uchraydi va hujjatning hajmi kengayib ketadi. Masalan, Hindiston konstitutsiyasi hajm jihatidan dunyodagi eng yirigi hisoblanadi. Konstitutsiyamiz loyihasini tayyorlashda bu kabi holatlardan qochildi.
Ikkinchidan, biron bir mamlakatning konstitutsiyasida mavjud bo‘lmagan 2 norma, ya’ni “Ota-onalar o‘z farzandlarini voyaga yetgunlariga qadar boqish va tarbiyalashga majbur” ekanligi (64-modda) va “Voyaga yetgan, mehnatga layoqatli farzandlar o‘z ota-onalari haqida g‘amxo‘rlik qilishga majbur” ekanligi belgilab qo‘yildi. Bunda, shubhasiz, an’anaviy o‘zbek jamiyatidagi oilaning muqaddasligi tamoyillari mustahkamlab qo‘yildi.
Nurmuhammadxon ABULSAIDOV,
Tayloq tumanlararo iqtisodiy sudi sudya yordamchisi.