Biz suv ichgan daryolar

Samarqand davlat chet tillar instituti sharq tillari fakultetida o‘tkazilgan ijodiy uchrashuvda aynan ana shu "daryo"lar haqida gapirildi.

Institut professor-o‘qituvchilari va talabalarining bu galgi mehmoni O‘zbekiston Jurnalistlar va Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, jurnalist va shoir Yor Muhammad bo‘ldi.

Dastlab tadbirda filologiya fanlari doktori, professor Erkin Musurmonov Yor Muhammad ijodining o‘ziga xos jihatlari, shoir asarlarida ilgari surilgan g‘oyalar haqida to‘xtaldi.

– Publitsist va shoir ijodida o‘tmish va bugun, zamondoshlarimizning o‘y-kechinmalari, intilishlari, dardi va armonlari badiiy jihatdan juda teran ifoda etilgan, - dedi E.Musurmonov. – Ijodkor bir qalamkash sifatida zahmatkash, qadoq qo‘lli odamlar oldidagi burchi va mas’uliyatini yurakdan his eta oladi. Muallifning “O‘zbek ishlayveradi”, “Yangi O‘zbekiston bu...”, “Samarqand”, “Shoir”, “Osiyoda bir diyor bor”, “Turg‘unlik yillari” kabi she’rlari hamda yumorga boy hazil she’r va masallari fikrimizning yorqin dalilidir.

- Kitobxon bilan yuzma-yuz bo‘lib, uning o‘z ijoding haqidagi mulohazalarini tinglash har qanday ijodkor uchun katta quvonch va mas’uliyatdir, - dedi Yor Muhammad. – Bunday imkoniyatni taqdim etganlari uchun institut jamoasidan cheksiz minnatdorman. Qolaversa, ijod, haqiqiy iste’dod chegara, millat va vaqtdan xoli. Shu tufayli  hazrat Navoiy, Bobur, Maxtumquli va boshqa buyuk zotlarning asarlari necha asrlar osha hamon avlodlar tomonidan o‘qilmoqda, yod etilmoqda. Demak, ular bebaho asarlari orqali o‘zlarining ikkinchi umrini yashayapti. Bu umrga esa nihoya yo‘q. Chunki u mangulikka daxldordir. Qolaversa, bu ulug‘lar biz suv ichgan daryolardir.

Uchrashuvda Yor Muhammad o‘zining publitsistik maqola, ocherk va she’rlaridan namunalar o‘qib berdi va tadbirda faol ishtirok etgan o‘qituvchi hamda talabalarga kitoblar sovg‘a qildi.

Hafiza ASLANOVA.