Bizda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar yaratilganmi?

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 18-moddasiga binoan O‘zbekiston Respublikasida barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinliklarga ega bo‘lib, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqeidan qat’i nazar, qonun oldida tengdirlar, deb belgilangan.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi qonuni qabul qilingan bo‘lib, qonun 7 bob, 32 moddani o‘z ichiga olgan. Qonunning maqsadi xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlash sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.

Qonunning xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlash sohasini tartibga solish bobining 9-moddasiga binoan “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlash sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari” belgilab berilgan.

Mazkur Qonun bilan “Davlat xizmati sohasida xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari”, “Saylov huquqlarini amalga oshirishda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari”, “Iqtisodiy va ijtimoiy sohalarda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari” va “Ta’lim, ilm-fan, madaniyat hamda sog‘liqni saqlash sohasida xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari” bo‘yicha aniq huquq va majburiyatlar belgilab qo‘yilgan.

Jumladan, davlat xizmatiga qabul qilish chog‘ida va uni o‘tash davrida jins bo‘yicha bevosita va bilvosita kamsitishga yo‘l qo‘yilmasligi;

- xotin-qizlar va erkaklar hokimiyat vakillik organlariga saylash va saylanishda teng huquqlarga ega ekanliklarini;

- davlat organlari va mulk shaklidan qat’i nazar tashkilotlar rahbarlari jamiyatning iqtisodiy resurslaridan, shu jumladan ko‘char va ko‘chmas mol-mulk, yer, moliyaviy aktivlar, kreditlar, ijtimoiy jamg‘armalardan, shuningdek tadbirkorlik faoliyatining erkin tanlangan turlaridan xotin-qizlar va erkaklarning teng foydalanishini ta’minlashi shartligi, davlat xotin-qizlar va erkaklarga tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishda teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlashligi;

- xotin-qizlar va erkaklar ijtimoiy imtiyozlardan foydalanishda teng huquqlarga ega ekanliklari, davlat ta’lim olish huquqini amalga oshirishda xotin-qizlar va erkaklarga teng imkoniyatlar yaratilishini ta’minlashligi;

- uy mehnatida jins bo‘yicha bevosita yoki bilvosita kamsitish uchun asos bo‘lishi mumkin emasligi, u ayollar va erkaklar tomonidan teng darajada amalga oshirilishi qonun normalarida belgilab qo‘yilgan.

Bundan ko‘rinadiki, respublikamizda olib borilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy yo‘nalishlar bo‘yicha avvalambor xotin-qizlarga nisbatan keng ahamiyatli ishlar olib borilayotganligi, jamiyatda xotin-qizlarning tutgan o‘rni, xotin-qizlarga nisbatan o‘tkazilgan tayziq va adolatsizliklar bo‘yicha qonun muqarrarligi barcha qonun hujjatlarimizda aks etgan.

Furqat Anorov,

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Qarshi tumanlararo sudi sudyasi.