Bizga Turon emas, Arpaariq ma’qul: Mahallamizga aholining roziligisiz nom berilgan
Oqdaryo tumanidagi Turon mahallasining avvalgi nomi Arpaariq edi. Arpaariq tarixiy nom bo‘lib, mahallamizda shu nom bilan ataluvchi ariq bor. Arpaariqning o‘zi bizga qanchalik qadrli bo‘lsa, nomi ham shunday.
Biroq 2017 yilda mahallamizning nomi aholining fikri va takliflarisiz Turonga o‘zgartirildi. Mahalla ahli esa bundan norozi. To‘g‘ri, Turon tarixiy geografik atama bo‘lishi mumkin, lekin bu so‘z “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”da yo‘q. Xo‘p, mahalla nomini o‘zgartirish kerak bo‘lsa, nega unda shu hudud fuqarolari bilan maslahatlashilmadi, aholining fikri so‘ralmadi. Vaholanki, «Geografik ob’yektlarning nomlari to‘g‘risida»gi Qonunda geografik ob’yektlarga nom berishda mahalliy aholining fikrini hisobga olish belgilangan.
Mazkur masala yuzasidan tuman hokimligiga bir necha marta murojaat qildik. Murojaatimiz viloyat hokimligiga yuborilishi va komissiya qaroridan so‘ng mahallaning nomi Arpaariqqa o‘zgartirilishi aytilgan edi. Ammo masala suvga cho‘kkan tosh kabi jimib ketdi. Darvoqe, xalq tilida “Shahidtepa” nomi bilan ataladigan mahallamiz qabristoniga ham ikki yil oldin “Turon” nomi berilgan ekan. Bundan ham yaqinda xabar topdik. Xo‘sh, yashab turgan makonimizga yangi nom beriladi-yu, nega biz bilmaymiz?
Mavridi kelganda aytay, yon-atrofimizdagi qishloqlarning ham tarixiy nomi o‘zgartirilib, bir xil nomlar ko‘p berilgan. Misol uchun, "Toshkent-Buxoro" magistral yo‘li yoqasida joylashgan Qarqarali qishlog‘ining nomi Zarbdorga, Zarafshon daryosining bo‘linish irmog‘i – Qoradaryo yoqasidagi Sarka qishlog‘ining nomi esa Mustaqillikka o‘zgartirilgan. Bu bilan tumanimizda shu nomdagi bir xil qishloqlar soni ko‘paydi, xolos. Bizningcha, ayrim qadimiy geografik nomlar ahamiyatini yo‘qotmasligi uchun o‘sha hudud aholisi bilan kelishib, o‘zgartirish yoki o‘z holicha kelajak avlodga yetkazgan ma’qul emasmi?
Xullas, mahallamiz va qabristonga nega aholining roziligisiz Turon nomi berildi, mahallamizning avvalgi nomi qaytariladimi, yo‘qmi? Bunga javob beradigan mas’ullar bormi?
To‘ychi ESANOV.