Biznes-ombudsman tadbirkorni qanday himoya qilyapti?

Keyingi yillarda yurtimizda kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish yo‘lidagi to‘siq va cheklovlarni bartaraf etish, soha sub’yektlarini har tomonlama himoya qilish borasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub’yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil (Biznes-ombudsman) tomonidan bir qator ishlar amalga oshirilyapti.

Biznes-ombudsmanning viloyatda faoliyat ko‘rsatuvchi xodimlariga tadbirkorlik sub’yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini buzayotgan davlat organlarining va boshqa tashkilotlarning qarorlari, ular mansabdor shaxslarining harakatlari (harakatsizligi) ustidan joriy yilning 8 oyi mobaynida  450 ta murojaat kelib tushdi. Ularning 440 tasi ko‘rib chiqildi va murojaat mualliflariga belgilangan tartibda javob xatlari yuborildi. Murojaatlarning asosiy qismi, ya’ni 18 foizini soliq, 14 foizini yer, kadastr, arxitektura, 11 foizini bank, moliya va kredit, 9 foizini davlat idoralarining qarorlari yoki mansabdor shaxslarning xatti-harakati yuzasidan hamda 8 foizini infratuzilmaga oid va boshqa masalalar bo‘yicha murojaatlar tashkil qildi. Murojaatlarni o‘rganish jarayonida ularda keltirilgan vajlarni chuqur o‘rganish hamda imkon qadar qanoatlantirish va tadbirkorlarning buzilgan huquqlarini tiklashga e’tibor qaratilmoqda.

Xususan, joriy yilning avgust oyida Paxtachi tumanida faoliyat yurituvchi “Ko‘k gumbaz” MChJning (nomi o‘zgartirilgan) elektron-onlayn auksion orqali sotib olgan ob’yektiga nisbatan kadastr hujjatlari to‘rt yildan beri rasmiylashtirib berilmayotganidan norozi bo‘lib yo‘llagan murojaati o‘rganildi.

Aniqlanishicha, tadbirkor 2021 yilda elektron-onlayn auksion orqali avval "Hududgazta’minot" AJga tegishli bo‘lgan binoni sotib olgan. Biroq sobiq balansda saqlovchining qarzlari borligi sababli binoga qo‘yilgan taqiq va bandlar yechilmagan. Natijada tadbirkorning daromad topish maqsadida xarid qilgan mulkiga egalik qilish, undan foydalanish va tasarruf etish huquqi cheklangan.

Murojaatni o‘rganib chiqish natijasida majburiy ijro byurosi organlariga xulosa kiritilib, qo‘yilgan barcha taqiq bekor qilinishi ta’minlandi va jamiyat nomiga kadastr hujjatlari tayyorlanib, mulk huquqi davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi ta’minlandi.

Tadbirkorlik sub’yektlarining murojaatlarini kechayu kunduz qabul qilish, hal etish va ushbu jarayonlarni nazorat qilish, tadbirkorlik faoliyatiga to‘sqinlik qilayotgan tizimli muammolarni aniqlash va ularni bartaraf etish bo‘yicha takliflarni shakllantirish, qonunchilikni takomillashtirish yuzasidan tadbirkorlik sub’yektlarining jamoaviy murojaatlarini qabul qilish maqsadida “Tadbirkorlar virtual ofisi” axborot portali faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.

Joriy yilning 8 oyida mazkur axborot portaliga viloyatda faoliyat yurituvchi tadbirkorlardan 689 ta masala yuzasidan 649 ta murojaat kelib tushdi. Mazkur murojaatlar asosida tadbirkorlarga 1,5 milliard so‘mdan ortiq kredit ajratilishida, 2,5 milliard so‘m pul mablag‘lari undirilishida, 1,6 milliard so‘m soliq summalari qaytarilishi va hisobdan chiqarilishida, 525 million so‘m kommunal xizmatlar uchun asossiz hisoblangan qarzdorliklar olib tashlanishida, 98 million so‘m noqonuniy hisoblangan jarima va boshqa ta’sir choralari bekor qilinishida yordam ko‘rsatildi.

“Tadbirkorlar virtual ofisi” axborot portali orqali kelib tushgan murojaatlarni ko‘rib chiqish tartibi va muddati ustidan Biznes-ombudsman tomonidan doimiy nazorat o‘rnatilgan bo‘lib, o‘tgan davrda portal orqali yuborilgan murojaatlarni ko‘rib chiqish tartibi va muddatiga rioya qilmaganligi bois 6 nafar mansabdor shaxslarga nisbatan ma’muriy jazo choralari ko‘rilishi ta’minlandi.

Bundan tashqari, qonunchilikka muvofiq, Biznes-ombudsmanga tadbirkorlik sub’yektlarining manfaatlarini ko‘zlab arizalar, da’volar va shikoyatlar bilan sudlarga davlat boji to‘lamasdan murojaat etish huquqi berilgan. Shunga ko‘ra, joriy yilning o‘tgan davrida Biznes-ombudsman devonining viloyatda faoliyat yurituvchi xodimlari tomonidan sudlarga kiritilgan da’vo arizalari orqali davlat idoralaridan tadbirkorlik sub’yektlari foydasiga 2 milliard 300 million so‘mdan ortiq mablag‘ undirib berildi. Misol uchun, Past Darg‘om tumanida faoliyat yurituvchi “Haqiqat” MChJning (nomi o‘zgartirilgan) murojaatini o‘rganish davomida tadbirkor viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi bilan shartnoma tuzib, mahsulotlarni yetkazish va xizmatlarni ko‘rsatish majburiyatini olganligi va ushbu shartnomaga muvofiq o‘z majburiyatlarini to‘liq bajarganligi, ammo buyurtmachi ish, xizmatlar va mahsulotlar to‘liq qiymatini pul ko‘chirish yo‘li bilan to‘liq miqdorda to‘lab berish majburiyatini olgan bo‘lsa-da, uzoq vaqt mobaynida tadbirkorning pullarini bermay kelayotganligi aniqlandi va ushbu qarzdorlikni undirish haqida sudga da’vo arizasi kiritildi. Samarqand shahar iqtisodiy sudining 2025 yil iyun oyidagi hal qiluv qarori bilan buyurtmachidan tadbirkor foydasiga 1 milliard 27 million so‘m undirilishi ta’minlandi.

Tadbirkorlarning huquqlarini o‘z vaqtida himoya qilinishini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub’yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil hamda uning devoni xodimlariga ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 9 moddasi bo‘yicha ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish vakolati berilgan. Ushbu vakolatdan foydalanilgan holda davlat idoralari faoliyatida o‘tkazilgan o‘rganishlar va tahlillar, shuningdek, murojaatlarni ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha joriy yilning 8 oyida tadbirkorlik sub’yektlarining huquqlarini buzgan 115 nafar shaxsni ma’muriy javobgarlikka tortish haqida to‘g‘ridan-to‘g‘ri qarorlar qabul qilindi. Shuningdek, davlat idoralarida faoliyat yurituvchi 58 nafar shaxsga nisbatan MJtKning tegishli moddalari bilan rasmiylashtirilgan ma’muriy ishlar ko‘rib chiqish uchun sud va boshqa idoralarga yuborildi.

O‘tgan davrda tadbirkorlarning murojaatlarini ko‘rib chiqishda qonunbuzilishga yo‘l qo‘yganligi uchun 76 nafar, tadbirkorlik sub’yektlari faoliyatini tekshirish va moliya-xo‘jalik faoliyatini taftish qilish tartibini buzganligi uchun 64 nafar, davlat xizmatlari ko‘rsatish sohasidagi qonun hujjatlarini buzganligi uchun 24 nafar, litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillari to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganligi uchun 8 nafar, vakil devoni xodimlari qonuniy faoliyatiga to‘sqinlik qilganligi uchun 2 nafar, tadbirkorning faoliyatini noqonuniy to‘xtatib qo‘yganligi uchun va tadbirkorning pul mablag‘larini o‘z vaqtida qaytarmaganligi uchun 1 nafar mansabdor shaxsga nisbatan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida bayonnomalar rasmiylashtirildi.

Umuman olganda, joriy yilning o‘tgan davri mobaynida ma’muriy huquqbuzarlik sodir qilgan davlat idoralari xodimlariga nisbatan jami 892 million so‘mdan ortiq ma’muriy jarimalar tayinlandi.

Jasur TURSUNOV,

Biznes-ombudsman devonining Samarqand viloyati shu’basi yetakchi inspektori.