“Bizni tojikistonliklar ham kuzatyapti!”

Teleekran orqali ko‘rsatuv tomosha qilganingizda yoki radio orqali eshittirish tinglaganingizda ularning tayyorlanish jarayoni ortida qanday mehnat yotganini bilasizmi? Ba’zida 20 daqiqalik ko‘rsatuv tayyorlash uchun 20 soat vaqt sarflanishi mumkin. Ssenariy yozilishidan efirga uzatilishigacha bo‘lgan jarayonda 20 nafarga yaqin texnik va ijodiy xodim ishlaydi.
Birgina misol, Samarqand viloyat telekanalida efirga uzatiladigan “Bolalar vaqti” ko‘rsatuvi tayyorlanishida nafaqat teleradiokompaniya xodimlari, balki viloyat qo‘g‘irchoq teatri aktyorlari ham ishtirok etib kelyapti.
Har bir ishning o‘ziga yarasha mashaqqati va zavqi bor, - deydi jurnalist Dinora Jumaboyeva. – Ko‘rsatuvimiz bilan AOKA tomonidan tashkil etilgan "Bolalar uchun mo‘ljallangan eng yaxshi tele va radioloyihalar" tanlovida g‘oliblikni qo‘lga kiritdik. Bu loyiha bazaviy hisoblash miqdorining 300 baravari miqdoridamoliyalashtiriladigan bo‘ldi. Ko‘rsatuvni yosh ijodkor Kumush Toyirova bilan hammualliflikda tayyorlaymiz. Unga Dilorom Bekmurodova, Jasmina Jo‘rayeva kabi iste’dodli yoshlar hamda qo‘g‘irchoq teatri aktyorlari boshlovchilik qiladi. Mahoratli operator Mehroj Ahrorov tasvirga olsa, San’at O‘rinov, Dildor Odilovalar montaj ishlari bilan shug‘ullanadi. Haftaning shanba va yakshanba kunlari efirga uzatiladigan bu ko‘rsatuvni tayyorlashda muharrir Zohir Yusupov hamda rejissyor Dilobar Ro‘ziyevalarning hissasi katta. Ahamiyatlisi, unda surdo tarjimon ham ishtirok etadi.
Bugungi kunda viloyat teleradiokanalida 80 nafarga yaqin xodim faoliyat olib boryapti. Samarqand telekanalining bir kunlik efiri 18 soatni tashkil etadi. 30 nomda teledasturlar tayyorlanib, tomoshabinlarga namoyish etilyapti.
- Bir hafta davomida 11 soatlik jonli efirimiz bor, - deydi telekanal bosh muharriri Zohir Yusupov. – Bundan 5 yil ilgari ko‘rsatuvlarimizni viloyatimizning ayrim tumanlarida ko‘rish imkoniyati cheklangandi. Tizimda olib borilgan ishlar natijasida ayni paytda nafaqat viloyatimiz, balki qo‘shni Navoiy, Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, hatto Sirdaryo viloyatining ayrim hududlarida ham telekanalimizni kuzatish imkoni tug‘ildi. Bundan tashqari, Tojikiston Respublikasining So‘g‘d tumanidagi ayrim mahallalarda ham tomoshabinlarimiz borligi quvonarli.
Viloyat radiokanalida ham bir kunlik efir 18 soat davom etadi. Har kuni 2 soatlik dastur jonli uzatiladi.
- Ish boshlaganimizda bugungidek sharoitlar yo‘q edi, - deydi radiojurnalist Hulkar Nurmatova. – Tasmali qurilmalardan foydalanardik. Ovozni montaj qilish kerak bo‘lsa, tasmadan xato ketgan joyini kesib tashlab, qolganini bir-biriga skotch orqali ulaganmiz. Hozirgi zamonaviy diktofon yoki telefon apparatlari o‘rniga og‘irligi 10 kilogramm bo‘lgan reportyorlarni ko‘tarib yurardik. Uzoq safarga chiqadigan bo‘lsak, uning mikrofoni, simlari, ortiqcha kassetalari, akkumlyatorlari va quvvatlash qurilmasini ham olib borishga majbur edik. Bugun esa ularni gapirishning o‘zi bir ertak.
Teleradiokanal xodimlari mashaqqatli, ammo zavqli mehnati bilan ko‘plab yutuqlarni qo‘lga kiritib kelyapti. Bardavom bo‘lsin!.
To‘lqin SIDDIQOV,
Dilnoza AHMADOVA,
Baxtiyor MUSTANOV (foto).