Bola o‘g‘rilari chiqqani rostmi?
Keyingi vaqtda ijtimoiy tarmoqlarda eng «trend»ga chiqqan mavzu shu: «Bola o‘g‘risi chiqibdi...».
Qayerdan chiqqani, ushlangan bo‘lsa, jazoga tortilgan yoki yo‘qligi haqida ma’lumot topa olmaysiz. Faqat vahimali video va rasmlar tarqatiladi. Maqsad nima, ma’lum bir kanallardagi kuzatuvchilar sonini ko‘paytirishmi yoki aholi o‘rtasida qo‘rquv hissini uyg‘otish?
Shu mavzuda mulohaza qilib o‘tirganimda, bir tanishim kelib, qishlog‘ida kuni kecha bo‘lib o‘tgan voqeani aytib qoldi. Unga ko‘ra, bir nechta qishloq bolasi yo‘lda turgan «Jiguli»dan qochgan. Buni ko‘rgan «katta»lar «bola o‘g‘risi», deya mashinaning ortidan quvib, to‘xtatishgan. Keyin ma’lum bo‘lishicha, o‘sha bolalar «Jiguli»ga tosh otib, bir burchagini pachoq qilib qochgan ekan. Aslida ijtimoiy tarmoqda tarqatilayotgan shu mazmundagi mediaaxborotlar ortidan surishtiruv olib borsangiz, aksariyati umuman boshqa mazmunga ega ekanligini topasiz.
Viloyat ichki ishlar boshqarmasining rasmiy telegram kanalida ayni mavzuda qisqaroq bo‘lsa-da, izoh berib o‘tilgan ekan. Unda jumladan shunday deyiladi: «So‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand viloyati hududida bola o‘g‘rilari aniqlangani to‘g‘risidagi turli xabarlar tarqalmoqda. Shuni ma’lum qilamizki, ushbu xabarlar yuzasidan mas’ullar tomonidan o‘rganish ishlari olib borildi. O‘rganishlar natijasi ushbu xabarlar asossiz va haqiqatdan yiroq ekanligini ko‘rsatmoqda».
Xususan, keng jamoatchilik muhokamalariga sabab bo‘lgan bola o‘g‘irlamoqchi bo‘linganligi haqidagi shunday xabarlardan biri o‘rganilganda, voqea 2024 yilning 13 may kuni soat 21:00lar atrofida Jomboy tumanida sodir bo‘lganligi, unda aslida toshkentlik erkak ijtimoiy tarmoqlar orqali tanishgan ayolining uyiga kelganida ayolning yaqinlari tomonidan ushlanib, «samosud» qilingani ma’lum bo‘ldi. Bu mavzu «moda»dan biroz qolgan shekilli, ijtimoiy tarmoq «faol»lari uning mazmunini o‘zgartirib, olovga benzin sepishgan, xolos.
O‘ylab ko‘rsak, «bola o‘g‘rilari» mavzusi deyarli har yili bir ko‘tariladigan va doim jamoatchilik e’tiborida bo‘ladigan navbatchi mavzuga aylanib qolgan. Afsuski, bu borada huquqni muhofaza qiluvchi idoralar haligacha kengroq munosabat yoki izoh berganini ko‘rmadik. Tarqatilayotgan axborotlar yolg‘on bo‘lsa, brifing yoki matbuot anjumani shaklida tadbir o‘tkazib, keng jamoatchilikni ogoh qilish, bunday harakatlarning maqsadi va ijtimoiy xavfini tushuntirish kerak emasmi? Agar shunday bo‘lganida, balki odamlarimiz «Jiguli»larning ortidan quvishgacha bormasdi.
Asqar Barotov.