Bola qurol emas yoxud “Kassandra tamg‘asi” bugunning bashoratimidi?
Psixologiyada zo‘ravonlik holati aynan oilada shakllanadi, degan tushuncha bor. Xo‘sh, bu tushunchani kengroq tahlil qilsak, aynan qaysi holatlar bola ruhiyatiga ta’sir etadi, qanday oila zo‘ravonlik uchun muhit yaratadi?
- Qaysi uyda zo‘ravonlik sodir bo‘lgani haqida gap ketsa, avvalo o‘sha oila muhiti o‘rganiladi, - deydi SamDU psixologiya kafedrasi katta o‘qituvchisi, amaliyotchi psixolog Abira Bahromova. - Ota-onaning ma’naviy axloqi yetarli darajada shakllanmagan, oilada sog‘lom muhiti bo‘lmagan, psixologik muvozanat me’yori buzilgan holatlar kuzatilgan hududda kemtikliklar bo‘ladi. Deylik, oilada ota doimiy ravishda ayoliga qo‘l ko‘tarsa, bola buni normal holat deb qabul qila boshlaydi. Bu masalaning tarbiyaviy tomoni. Ruhiy jihatdan esa bolaning ongida falajlik yuzaga keladi. U bu paytda onasi tomonida bo‘ladi va unda butun dunyoga nisbatan nafrat uyg‘onadi, aybdorlikni his qiladi. Bunday oilada o‘sgan qiz bola ham bu holatni normal qabul qilib, keyinchalik hayotida shunday voqea sodir bo‘lsa bunga chidab yashash kerak, degan tushunchada qoladi. Psixikasida esa jiddiy nuqsonlar paydo bo‘ladi, o‘z ichki meni shakllana olmay qoladi. Va kelgusida o‘z turmush o‘rtog‘iga ham baxt berolmaydi. Alohida ta’kidlashni istardim, biz asosan zo‘ravonlikni ko‘rib ulg‘ayish faqat o‘g‘il bolalarga yomon ta’sir qiladi, ular kelgusida o‘z ayoliga shunday munosabatda bo‘ladi, deb o‘ylaymiz. Aslida qiz bola uchun ham bu jiddiy ziyon. Ya’ni u turmushga chiqqach, oiladagi muhit sabab o‘z shaxsiyatini shakllantira olmagach, turmush o‘rtog‘iga ham yetarlicha baxt berolmaydi, ya’ni uning ham oxir oqibat quyushqondan chiqishiga sababchi bo‘lib qoladi.
Keling, shu o‘rinda zo‘ravonlik tushunchasiga kengroq to‘xtalsak. Zo‘ravonlik jismoniy, ruhiy, jinsiy, iqtisodiy ta’sir o‘tkazish yoki shunday ta’sir o‘tkazish orqali insonlarning hayoti, sog‘lig‘i, jinsiy daxlsizligi, qadr-qimmati va qonun bilan himoya qilinadigan barcha erk va huquqlariga tajovuz harakati, deb aytiladi. Moliyaviy cheklab qo‘yish, ya’ni hayot uchun zarur bo‘lgan elementar moddiylik ta’minlanmasa iqtisodiy bosim deyiladi. Ruhiy bosim o‘tkazib, kamsitib, laqab qo‘yib, inson o‘rinda ko‘rmasa bu - psixologik zo‘ravonlik. Jinsiy ehtiyojlarini noan’aviy tarzda qondirish, bolalarning nomusiga tegish, kaltaklash va hokazolar jismoniy zo‘ravonlikka kiradi.
Ko‘pincha biz asosan erkaklar zo‘ravon, deb ayyuhannos solamiz. Agar uning ildiziga borib qarasak, bu bolalikdagi qalb jarohatlari bilan bog‘liq bo‘lsa (oiladagi notekisliklar, nosog‘lom muhit, janjal bo‘lmasada, ammo ota-ona bee’tibor, bemehr bo‘lgan oilada ulg‘aygan bolalar), ikkinchi tomondan onaning bola qalbiga o‘z vaqtida yo‘l topa olmagani, unga mehr ko‘rsatmagani bilan ham bog‘liqdir.
Ayollar zo‘ravonligi jismoniy bo‘lmaydi, lekin ta’sir kuchi kuchli bo‘ladi. Ya’ni erkak kishini tushunmaslik, uning ruhiyatiga doimiy ravishda ta’sir ko‘rsatish ham bir kun vulqon bo‘lib otilishi mumkin. Qolaversa, ba’zida kichik kelishmovchiliklarda ham ayollarda bolani qurol qilish holati ham bor. Afsuski, bugun ba’zi idoralar vakillarining biz har qanday holatda ham ona tomondamiz, deyishi noto‘g‘ri. Bunday fikr ayollarda men bolani qurol qilib olishim mumkin, u meni bolam, istaganimni qilaman, degan tushunchaning yanada mustahkamlanishiga zamin yaratadi. Bugun ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan farzandi va o‘zining joniga qasd qilishga uringan ayollarning ham o‘tmishida kemtikliklar bor.
Qizlarni oilaga tayyorlash deganda biz faqatgina ularni ro‘zg‘or ishlarini bajarishga tayyorlashni emas, balki dunyoqarashini kengaytirishga ko‘proq e’tibor berishimiz kerak. Juda ko‘p uchratganman, dunyoqarashi keng, hunari, ilmi bor ayollar oilada muammoga duch kelsa, vaziyatdan chiqib ketishning o‘nlab usuli haqida bosh qotiradi. Ammo qo‘liga kitob ushlamagan, oilani faqat yaxshi taom tayyorlash va er, qaynona xizmatini qilish deb tushungan qizlar zo‘ravonlikka chidab yuradi yoki o‘ziga, farzandiga jismoniy, ruhiy shikast yetkazadi.
Meni past, dunyoqarashi haminqadar ayol nafaqat o‘zini, yonidagi turmush o‘rtog‘ini ham baxtsiz qiladi.
***
...Filofey fazodagi maxsus laboratoriya imkoniyatlaridan foydalanib, yana bir dahshatli ixtiro qiladi: homilador ayollar qornidagi zurriyotlar o‘zlari haqida tovush-belgi berayotganligini aniqlaydi, homilalar bilan maxsus nur orqali aloqa o‘rnatadi. Ular isyonini tinglaydi: “Erkim o‘zimda bo‘lganida tug‘ilgandan ko‘ra tug‘ilmaslikni afzal ko‘rardim. Yashashni istamayman, dunyoga kelishni xohlamayman. Bordi-yu meni tug‘ilishga majbur etsalar, unda mening taqdirim peshonamga yozilganidek bo‘ladi. O‘ylanglar, hal qilinglar, eng avvalo onam hal qilsin…”
Ya’ni homila o‘zining kelajagi haqida aniq ma’lumotga ega! U dunyoga kelgach, qanday shafqatsizliklarga ro‘baro‘ bo‘lishi, ota-onasining munosabatlari, adolatsizliklar, hatto o‘zi ham gunoh ishlarga qo‘l urishidan xabardor. Hali tug‘ilmagan homilaning onasi peshonasida ana shu isyon belgisi – tamg‘a paydo bo‘ladi. U o‘z ixtirosidan o‘zi dahshatga tushib, Yerga xaloskor qidirib murojaat etadi. O‘sha chinqirayotgan zurriyot umrini sun’iy ravishda tugatish uchun homilani olib tashlash kerak! Ammo bu – Yaratganning irodasiga qarshi chiqish deganiku. Lekin tug‘iladigan go‘dakning ayanchli taqdirini ko‘rib-bilib turib, xotirjam yuraverish-chi? Buning o‘zi ham jinoyat emasmi?!
Bu savollarning javobidan dahshatga tushgan Filofey shu bilganlari haqda Insoniyatga maktub yozadi. Insonlar esa bu maktubni qo‘rquv bilan emas, aksincha shovqin bilan qarshi oladi. “Bizning qornimizdagi bola bilan kimning nima ishi bor?!” deydi onalar. Maktubni e’lon qilgan odamni burdalab tashlashadi. Bulardan xabardor Filofey azaliy qismat, taqdir oldida ojizligini tan oladi. Orbital stansiyadagi barcha hujjatlarni, tadqiqot natijalarini, kassandra-embrionlar sirini yo‘q qilib, Yer bilan o‘tkazgan telemuloqoti so‘nggida ochiq fazoga sakrab, bo‘shliqqa singib ketadi.
Yechim bor
Badiiy kitobda asar qahramoni yoki muammolarning o‘zi ham yo‘qlikka mahkum bo‘lishi mumkin. Ammo real hayotda unday emas. Mavjud muammoga albatta yechim izlanishi, imkon boricha uni bartaraf etish usullari qo‘llanilishi shart. Yaqinda “Xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi. Ushbu qonuning yuzaga kelishi uchun omillar ko‘p. Unda aytilishcha, bugungi kunda huquqni qo‘llash amaliyotida xotin-qizlarning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish bilan bog‘liq masalalarda bir qator muammolar mavjud. Xususan, xotin-qizlar va bolalar huquqlariga daxl qiluvchi jinoiy qilmishlar uchun mutanosib sanksiyalar belgilanmagan, xotin-qizlarni shilqimlik va zo‘ravonlikdan himoya qilishning huquqiy kafolatlari mavjud emas, tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan shaxsga davlat himoyasini taqdim etuvchi orderning amal qilish muddati (o‘ttiz kun) xotin-qizlarning huquqlari hamda qonuniy manfaatlarini yetarli darajada ta’minlash imkonini bermaydi.
- Qonunchilikda keyingi yillarda xotin-qizlarni turli tazyiq va zo‘ravonliklardan himoya qilish masalasida o‘zgarishlar bo‘lmoqda, - deydi advokat Zamira Ishanova. – Xususan, zo‘ravonlikka uchragani aniqlangan ayollarga himoya orderlari berilishi ilgari tizimda kuzatilmagan edi. Endilikda ushbu huquqbuzarliklar yanada aniqroq kvalifikatsiya qilingan holda, jumladan, oila a’zolariga nisbatan jismoniy zo‘ravonlik ishlatilishi, shilqimlik qilish, maishiy zo‘ravonlik, bolalar, voyaga yetmagan qizlarga nisbatan turli jinsiy tajovuz va boshqa holatlar aniq belgilanib, jazo choralari ham yanada qat’iylashtirildi. Qonunchilikdagi bu o‘zgarishlar jamiyatda shakllanib qolgan qator tushunchalar, ya’ni bir ikki shapaloq bilan hech narsa bo‘lmaydi, erning tayog‘ini yemagan xotin bormi kabi fikrlarga barham berishda muhim ahamiyat kasb etadi. Tabiiyki, bu qonunning amaliyotda adolatli qo‘llanilishi odamlar orasida oiladagi zo‘ravonlik tushunchasiga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantiradi. Biron bir davlat oiladagi zo‘ravonlikni qat’iy qonunchilik normalarisiz amalga oshirmagan, buning imkoni ham yo‘q.
O‘z tajribamdan kelib chiqib aytadigan bo‘lsak, bir necha yillar davomida doimiy ravishda jismoniy zo‘ravonlikka uchrab kelgan ayollar orasida oxir oqibat turmush o‘rtog‘ining hayotiga nuqta qo‘yishga uringanlari uchragan. Afsuski, bunday ayollarga jazo tayinlashda ularning muntazam tahqirlangani, ruhiy holati muvozanatdan chiqib ketgani e’tiborga olinmaydi. Chunki bu ayollar hayot shu ekan, deya hech kimga murojaat qilmagan, oiladagi zo‘ravonlikdan ba’zi qarindoshlaridan boshqa hech kim xabar topmagan.
Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish masalasidagi qonunchilikdagi o‘zgarishlar maishiy zo‘ravonlikka ham qat’iy jazo choralari belgilangani bilan ahamiyatli. Endilikda tegishli tashkilotlar hamkorligida bu masalalar o‘z o‘zani bilan joyida hal etilsa va adolatli yechim topsa, yillar o‘tib, ushbu huquqbuzarlik bugungi keng ko‘lamdan torroq doiraga aylanadi.
Darvoqe, mazkur qonunga o‘zgartirishlar ijtimoiy tarmoqlarda, ayniqsa, kuchli jins vakillari o‘rtasida biroz kinoyaga olindi. Ya’ni, endi xotinni urganga falon yil, o‘ldirganga pismadoncha yil, qabilida luqmalar tashlandi. Agar yuqoridagi ekspertlarimiz fikriga tayaniladigan bo‘lsa, oiladagi zo‘ravonlik birinchi navbatda o‘g‘il bolalar hayotiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi, ular voyaga yetganlarida ham o‘zlarini kemtik his qiladi yoki zo‘ravonlikka moyil bo‘lishadi. Olim Filofey tashvishlangandek, notinch oilalarda, notich jamiyatda homilalar dunyoga kelishni istamaydi. Hali tug‘ilmasidanoq bu hayot zo‘ravonliklariga, adolatsizligiga qarshi chiqishdan dahshatliroq hodisa bo‘lmasa kerak dunyoda. Dunyodagi illatlar esa jamiyatning kichik bo‘g‘ini – oiladan boshlanadi. Biz butun dunyodan haqiqat izlashdan avval bu illatlarga oilada chek qo‘yishimiz kerak.
Gulruh MO‘MINOVA.