Bolalar pedagogikasi, ruhiyatining professori

Maktabgacha ta’lim yo‘nalishining rivojlanishida munosib hissa qo‘shgan ustozimiz, olima O‘g‘iloy Otavaliyeva 1928 yili Namangan shahri yaqinidagi Xonobod qishlog‘ida dunyoga kelgan. Qatag‘on yillari O‘g‘iloy Otavaliyevaning ota-onasi uch nafar go‘dak va chaqalog‘i bilan Ukrainaga surgun etilgan. Ota-onasi ko‘p o‘tmay bu xo‘rlik va azob-uqubatlarga chiday olmay olamdan o‘tadi. Begona yurtda 4 nafar go‘dak yetim qoladi, ular Ukrainaning Nikolayev viloyatiga qarashli bolalar uyida tarbiyalanadi. 1941 yilning 15 avgustida O‘g‘iloy Otavaliyeva tarbiyalanayotgan bolalar uyi O‘zbekistonga evakuatsiya kilinadi va Namanganga qaytib kelib o‘z vatanida, bolalar uyida o‘qib, tarbiyalanadi. 

O‘g‘iloy Otavaliyeva bolalar uyida tarbiya olgach, keyingi o‘qish faoliyatini Namangan xotin-qizlar pedagogika bilim yurtida davom ettiradi. Namangandagi qizlar maktabi va o‘zi o‘qib bitirgan xotin-qizlar pedagogika bilim yurti o‘quvchilariga fizika va matematika fanidan dars beradi. 

1947 yilda Samarqandga ko‘chib kelib, shu yerdagi Alisher Navoiy nomidagi o‘rta maktabda dastlab kashshoflarga bosh, keyin fizika-matematika o‘qituvchisi, direktorning tarbiyaviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari lavozimlarida 1965 yilgacha faoliyat ko‘rsatadi. Keyinchalik Samarqand davlat pedagogika institutining fizika-matematika fakultetining sirtqi bo‘limiga o‘qishga kiradi.  

U 1965 yilda Samarqand davlat universitetining pedagogika-psixologiya kafedrasiga aspirant sifatida qabul qilinib, «Matematika fanini o‘qitish nazariyasi va metodikasi» ixtisosligi bo‘yicha professor A.Yefimovning ilmiy rahbarligida ilmiy-tadqiqot ishlarini boshlab yuboradi. 1967 yili aspirantura muddati tugagach, O‘g‘iloy Otavaliyeva o‘sha kafedrada o‘qituvchi bo‘lib ishlay boshladi va nomzodlik dissertatsiyasi bo‘yicha ishini davom ettirdi. 1968 yilda pedagogika fanlari nomzodi ilmiy darajasini oladi. Shundan so‘ng Samarqand shahrida yangi tashkil qilingan Samarqand davlat pedagogika institutining pedagogika-psixologiya kafedrasiga taklif etilib, u yerda kafedra mudiri, maktabgacha ta’lim fakulteti dekani va professori lavozimlarida faoliyat ko‘rsatdi.

Olima O‘g‘iloy Otavaliyeva 1995 yilda Samarqand davlat chet tillar institutiga taklif qilinib, maktabgacha tarbiya fakulteti dekanining muovini, keyinchalik professor-o‘qituvchi lavozimlarida ishlab keldi. 

Professor O‘g‘iloy Otavaliyeva qariyb 60 yillik ish faoliyati davrida qayerda ishlamasin, barcha jamoa, talaba va o‘qituvchilarning hurmatini qozondi, obro‘ orttirdi. Darhaqiqat, u iqtidorli pedagog va tarbiyachi, talabchan ustoz va murabbiy, faol tashkilotchi, mehnatkash, irodali, halol-pokiza pedagog-olimadir.

O‘g‘iloy Otavaliyeva ilmiy-ijodiy faoliyati davomida yuzlab ilmiy maqolalar, uslubiy tavsiyanomalar, risola va o‘quv qo‘llanmalar yozib, nashr ettirdi. U ilmiy ishlarini pedagogika, oila pedagogikasi va psixologiya kabi fanlarni bir-biri bilan uzviy bog‘lagan holda olib bordi. Olimaning ilmiy ijodi 1990 yillardan keyin samarali bo‘ldi. Uning 1994 yili nashr etilgan «Bola tarbiyasida bog‘cha va oila hamkorligi» qo‘llanmasida maktabgacha tarbiya muassasasi va mudirasining ota-onalar bilan hamkorlikdagi ishining mazmuni, shakl va usullari, ota-onalar qo‘mitasi va uning jamoatchilik bilan hamkorlikda ishlashi kabi muammolar yoritilgan. Ilova qismida bog‘cha mudiralari va murabbiyalar, ota-onalar qo‘mitasi ishlariga doir amaliy materiallar (rejalar, to‘garaklar) ta’lim-tarbiyaviy ishlarda bola hayotini kuzatish, ko‘rgazmalar, ota-onalar dorulfununining mashg‘ulot rejalari berilgan. 

Professor O‘.Otavaliyeva 2003 yili ikki qismdan iborat „Bolalar psixologiyasi“ o‘quv qo‘llanmasini yaratdi. Unda bola ruhiy taraqqiyotining asosiy qonuniyatlari hamda bola tug‘ilganidan ilk yoshi oxirigacha bo‘lgan davrdagi uning asosiy o‘ziga xos xususiyatlari va ruhiy jarayonlarining rivojlanishi o‘z ifodasini topgan. Shuningdek, qo‘llanmada bog‘cha yoshidagi bolalar rivojlanishining psixologik va konuniy xususiyatlari, ruhiy jarayonlarining o‘zgarib borishi, bog‘cha yoshidagi bolalar faoliyati va uning turlari, bola shaxsining shakllanishida individual-psixologik xususiyatlarning tarkib topishi va bola rivojlanishidagi muhim jarayonlarni ifoda etgan.

Ustozimiz, professor O‘g‘iloy Otavaliyeva o‘zining aql-zakovati, mehnatsevarligi, talabchanligi, to‘g‘riso‘zligi, kasbiga sadoqati, mas’uliyati bilan, oilaparvar, fidoiy inson sifatida qalbimizda abadiy muhrlanib qoladi. 

Gulnoza Kattayeva,

SamDU maktabgacha ta’lim pedagogika va psixologiya kafedrasi o‘qituvchisi.