Bolalar quvonchidan zavq olgan "bog‘cha opa"

Ko‘pincha bolalar bog‘chaga bormayman, deb xarxasha qiladi. Ammo bu bog‘chada unday emas...

Samarqand tumani Dehnav mahallasidagi “Dilnura Angelina” davlat-xususiy sheriklikdagi hamda Chorshanba mahallasidagi 14-davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti mudirasi Dilafruz Qobilovaning bolalarga mehri o‘zgacha. Ertalab bog‘chaga kirib, avvalo, tarbiyalanuvchilardan hol-ahvol so‘raydi.

- Bolalar mehrga tashna bo‘ladi. Yodimda, bog‘chada har tong mudira opa bizlarni yuzida tabassum, mehr bilan bag‘riga bosib kutib olardi, - deydi Dilafruz Qobilova. – O‘sha vaqtlar dilimda katta bo‘lsam tarbiyachi bo‘laman, degan niyat tug‘ilgan. SamDUning pedagogika-psixologiya fakultetini tugatib, bir muddat maktab o‘qituvchisi bo‘lib ishladim. Ammo baribir bolalikdagi niyatimni amalga oshirish maqsadi tinch qo‘ymadi. Dastlab tumanimizdagi 15-bog‘chada tarbiyachi bo‘lib faoliyat yuritdim. Keyin 30-bog‘chada mudiralik qildim.  U vaqtlar bog‘chalarda hozirgidek bolalar qayerda deysiz? Har birida 15 bola bo‘lgan ikki guruh bo‘lardi. Endi 25 yoshga kirgan bo‘lsam-da, ota-onalar oldiga borib, uyma-uy kirib, bog‘chaning bolalar kelajagida ahamiyati katta ekanligiga ishontirdim. Ta’lim-tarbiya sifatiga alohida ahamiyat berardim. Tarbiyachilardan ham shuni talab qildim. Bizga bo‘lgan ishonch juda muhim edi. Asta-sekin guruhlar soni 4 taga yetdi.

2000 yilda 14-bog‘cha-maktabda mudira bo‘lib ishlay boshladim. Bu yerda bolalar bog‘chaga kelib, 4-sinfgacha tarbiyalanardi. Maktabdan keyin tarbiyachilar bolalar bilan mashg‘ulotlar olib borardi. Bu ishlayotgan ota-onalar uchun har tomonlama qulay edi. Bugun bog‘chamiz ta’mirtalab, binolari eski. Ammo farzandini bog‘chaga beraman, degan ota-onalar ko‘p. Tarbiyachilar bolalar bilan birga yasagan bezaklar bog‘chaning nuqsonlarini yashiradi.

30 yildan buyon bolalarga ta’lim-tarbiya berib kelayotgan Dilafruz opaning maqsadi katta. Imkon qadar Samarqand tumanidagi bolalarni bog‘chaga qamrab olsam, deydi. Davlatimiz tomonidan berilgan imkoniyat va imtiyozlardan foydalanib, davlat-xususiy sheriklikda tumanda birinchilardan bo‘lib bog‘cha ochgan ham shu kishi.

- Mahallamizda bog‘cha yo‘q, ishlaydigan onalar 3 kilometr uzoqdagi bog‘chaga farzandini olib boradi, - deydi D.Qobilova. - Doim “Mahallamiz bolalari nega zamonaviy bog‘chalarda ta’lim olmasligi kerak?”, deya o‘zimga savol berardim. Shukurki, maktabgacha ta’lim tizimiga e’tibor kun sayin oshyapti. Shu bilan birga, imkoniyatlar ham. 2018 yilda imtiyozli kredit olib, davlat-xususiy sheriklik asosida 100 o‘rinli bog‘cha ochdik. Bog‘cha loyihasi ustida uzoq vaqt ishlashga to‘g‘ri keldi. Sababi, biz tashkil etgan bog‘chada bolalarning sifatli ta’lim-tarbiya olishi uchun barcha sharoit yaratilishi kerak edi.  Menimcha, bunga erishdik. Turmush o‘rtog‘im agronom bo‘lishiga qaramay, bu jarayonda menga har tomonlama ko‘mak berdi. Yaxshi niyatlar bilan mevali daraxtlar parvarishlayapti, 4 sotix yerga issiqxona ham barpo etganmiz. Badiiy gimnastika, shaxmat,  ingliz tili, musiqa, tasviriy san’at kabi to‘garaklarimiz ham bor. Bolalar o‘z qiziqishlariga qarab mashg‘ulotlarga jalb qilinadi. Gapirishida nuqsoni bor bolalar uchun defektolog-tarbiyachi faoliyat yuritadi.

Bog‘chada guvoh bo‘lganimiz, mudira - "bog‘cha opa"ni ko‘rganda unga talpingan, ko‘zlariga mehr ingan bolalar. Ularga qarab xayolimizdan, balki kelajakda ulardan ham Dilafruz opaga o‘xshash fidoyi tarbiyachilar kamol topsa ajab emas, degan o‘y o‘tdi.

Nasiba Jonto‘rayeva.