Bolalarda ko‘p uchrayotgan ortopedik kasalliklar - son suyaklari tug‘ma displaziyasi va tug‘ma chiqishi

Mutaxassislarning fikricha, dunyo travmatizmi (kishilarda sodir bo‘ladigan travmalar)da oxirgi yillar ko‘tarilish tendensiyasi kuzatilmoqda. Mamlakatimizda ham intensiv ko‘rsatkichlar bo‘yicha travmatizm darajasi ortmoqda.

Xususan, 2013 yilda har 100 ming aholiga 3 ming 160 ta shikastlanish ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lsa, 2019 yil yakuni bo‘yicha bu ko‘rsatkich 3 ming 184 tani tashkil etdi. Ta’kidlash lozimki, travmatizm holatlari bo‘yicha aholi zich va asosan yirik shaharlarda, texnologik rivojlangan hududlarda yuqori ko‘rsatkichlar qayd etiladi. Misol uchun, yurtimizda bu boradagi eng yuqori ko‘rsatkich Toshkent shahri, Buxoro, Namangan va Xorazm viloyatlari hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Shunday bo‘lsa-da, mamlakatimizdagi umumiy holat MDH mamlakatlaridagi ko‘rsatkichlardan sezilarli darajada past ekani e’tiborga molik.

Kattalar  o‘rtasida kuzatilayotgan ortopedik kasalliklar tahlili shuni ko‘rsatmoqdaki, so‘nggi yillarda yirik bo‘g‘imlar artrozlari, umurtqa pog‘onasi osteoxondrozi va uning oqibatlari eng ko‘p qayd etilmoqda. Son suyagining tug‘ma chiqishi, tug‘ma bo‘yin qiyshiqligi va tug‘ma maymoqlik esa bolalarda uchrovchi tug‘ma nuqsonlarning katta ulushiga to‘g‘ri keladi.

Bolalarda eng ko‘p uchraydigan ortopedik kasalliklarining respublika bo‘yicha hisobga olinganlari quyidagilarni tashkil qiladi:

– son suyaklari tug‘ma displaziyasi va tug‘ma chiqishi – 4721 ta;

– tug‘ma bo‘yin qiyshiqligi – 1478 ta;

– tug‘ma maymoqlik – 1570 ta;

– skolioz – 1056 ta;

– ko‘krak qafasi deformatsiyasi – 1210 ta.

Shuningdek, orttirilgan patologiyalardan oyoq panjalarining statik deformatsiyalari va tizzalar deformatsiyalari eng ko‘p uchramoqda.

E’tiborlisi, ayni paytda Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi xodimlari tomonidan ortopedik kasalliklarning yagona reyestrini shakllantirish bo‘yicha ishlar olib borilyapti, deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati ma’lumotida.