Bosh prokuratura "UzAuto Motors"ga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atishni rad etdi
Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi tomonidan o‘tkazilgan tekshiruv yakunlari bo‘yicha “UzAutoMotors” AJda qonunchilik hujjatlarining buzilishi, korrupsion holatlar va iste’molchilarning huquqlariga putur yetkazish kabi alomatlar ko‘rinayotganligi sababli, bir guruh deputatlar (R.Kusherboyev, D.G‘aniyev, N.Jumayev, B.Eshmurzayev, Z.Jalolov, A.Temirov) mazkur masalani Bosh prokuratura tomonidan o‘rganilib, huquqiy baho berilishi va jinoyat alomatlari bor yoki yo‘qligi yuzasidan o‘z nuqtai nazarini bayon etishni so‘rab, joriy yilning 21 avgust kuni Bosh prokurorga «Deputatlik so‘rovi» yuborgan edik, deya ma’lum qilmoqda deputat Rasul Kusherboyev.
"Ko‘pchilik saylovchilarni qiziqtirayotgan so‘rov yuzasidan shu yilning 4 noyabr kuni Bosh prokuror o‘rinbosari imzosi bilan xabarnoma shaklida javob xati oldik. Bosh prokuratura tomonidan 2020 yil 28 oktyabr sanasi bilan ro‘yxatdan o‘tkazilgan xabarnomada “UzAutoMotors” AJda o‘tkazilgan tekshirishda jinoiy hodisa yuz bermaganligi sababli jinoyat ishi qo‘zg‘atish rad etilganligi, agar tekshirishdan norozi bo‘lsak, qaror ustidan shikoyat qilishimiz mumkinligi ma’lum qilingan.
Ma’lumot uchun: «Parlament nazorati to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 15-moddasiga muvofiq davlat organlarining, xo‘jalik boshqaruvi organlarining mansabdor shaxslari Qonunchilik palatasi deputatining, Senat a’zosining so‘roviga, agar boshqa muddat belgilangan bo‘lmasa, so‘rov olingan kundan e’tiboran o‘n kundan kechiktirmay yozma javob yuborishi, so‘rovga javob o‘z nomiga so‘rov yuborilgan mansabdor shaxs yoki uning vazifalarini vaqtincha bajarayotgan shaxs tomonidan imzolanishi belgilangan.
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 193-moddasiga muvofiq, mansabdor shaxslar tomonidan parlament so‘rovini, deputat, senator so‘rovini ko‘rib chiqmasdan qoldirish yoki ularni ko‘rib chiqish muddatlarini uzrli sabablarsiz buzish yoxud ular yuzasidan bila turib noto‘g‘ri ma’lumotlarni qasddan taqdim etish, mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining uch baravaridan yetti baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi", deydi deputat.