Hurmatli Pastdarg‘om tumani aholisi va aziz mehmonlari!
Assalomu aleykum!
Tuman hududida jinoyatchilikning barvaqt oldini olish va huquqbuzarlikka qarshi kurashish bo‘yicha joriy yilning o‘tgan davrida muayyan ishlar amalga oshirildi.
Natijada, nomusga tegish jinoyatlari 56 foizga, talonchilik 67 foizga, yengil tan jarohati yetkazish 13 foizga, yoshlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar 0,8 foizga, mast holda sodir qilingan jinoyatlar 5,7 foizga, muqaddam sudlanmaganlar tomonidan sodir qilingan jinoyatlar 48 foizga, ishsizlar tomonidan sodir qilingan jinoyatlar 85 foizga kamayishiga erishilgan.
Biroq, amalga oshirilgan profilaktik chora tadbirlarga qaramasdan tumanda oilaviy zo‘ravonlik 66 foizga, o‘g‘rilik 52,1 foizga, og‘ir tan jarohati yetkazish 86 foizga o‘rtacha og‘irlikdagi tan jarohati yetkazish 48 foizga, bosqinchilik 50 foizga bezorilik 189 foizga, qotillik 40 foizga, talonchilik 66 foizga, transport vositasini olib qochish 100 foizga, firibgarlik 32 foizga, shuningdek, guruh tarkibida sodir qilingan jinoyatlar 50 foizga, voyaga yetmaganlar tomonidan sodir qilingan jinoyatlar 47 foizga, ayollar tomonidan soddir qilingan jinoyatlar 157 foizga oshdi.
Tumandagi 100 ta mahallalardan 8 tasi “qizil”, 59 tasi “sariq”,
33 tasi “yashil” toifaga kiritilgan.
Bundan tashqari, axborot texnologiyalaridan foydalanib sodir qilingan jinoyatlar 81 foizga oshdi va oshib borishda shiddat bilan davom etib, yangi usullar qo‘llanilmoqda.
Shu sababli, hurmatli fuqarolar telegram, vatsap va boshqa internet tarmoqlari orqali turli ko‘rinishlarda, misol uchun taklifnoma, tabriknoma, mobil qurilma dasturi va shu kabi “.apk” formatida kelgan fayllarni zinhor ocha ko‘rmang.
Shuningdek, Sizni pullaringizni osongina ko‘paytirib berish haqidagi takliflar kelib tushganda, bilingki bu Sizni pul mablag‘laringizni o‘zlashtirish uchun qo‘yilgan tuzoqdir, zero hech kim Sizga biron bir harakatsiz pullaringizni ko‘paytirib bermaydi.
Hurmatli fuqarolar !!!
E’tiboringizni og‘riqli nuqtaga qaratmoqchiman.
O‘tgan davrda tumandagi 126 nafar yoshlar tomonidan 127 ta jinoyatlar sodir etildi.
Jinoyat sodir etgan 126 nafar yoshlarning 12 nafarini xotin qizlar, 5 nafarini sudlanganlar, 3 nafari maktab o‘quvchilari, 3 nafari oliy o‘quv yurti talabalari, 4 nafari bandligi ta’minlanmagan yoshlarni tashkil etib, 3 nafari mast holatda, 43 nafari esa guruh tarkibida jinoyat sodir qilishgan.
Yoshlar tomonidan sodir qilingan oldini olish mumkin bo‘lgan
127 ta jinoyatni turlari bo‘yicha tahlil qiladigan bo‘lsak, shundan 1 tasi qasddan odam o‘ldirish, 5 tasi qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish,
11 tasi qasddan badanga o‘rtacha og‘ir shikast yetkazish, 9 tasi qasddan badanga yengil shikast yetkazish, 2 tasi o‘ldirish yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish, 3 tasi nomusga tegish, 3 tasi o‘n olti yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinisiy aloqa qilish, 3 tasi oilaviy zo‘ravonlik, 1 tasi tuhmat qilish, 3 tasi haqorat qilish, 2 tasi bosqinchilik, 1 tasi talonchilik, 5 tasi firibgarlik, 18 tasi o‘g‘rilik, 32 tasi yo‘l transport hodisasi 3 tasi transport vositasini olib qochish, 17 tasi bezorilik hamda 8 tasini boshqa jinoyatlar tashkil qiladi.
Misol uchun, 02.09.2003 yilda tug‘ilgan P.Urunov bilan yetarlicha profilaktik tadbirlar tashkillashtirilmganligi, kasbga o‘qitish choralari ko‘rilmaganligi va bandligi ta’minlanmaganligi bois, giyovandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish jinoyatini sodir qilib, JIB Pastdarg‘om tuman sudining 12.02.2024 yildagi hukmi bilan JKning 273-moddasi 3-qismi
“b” bandi bilan aybli deb topilgan va tegishli jazo chorasi qo‘llanilgan.
Muqaddam sudlangan P.Urunov yana e’tibordan chetda qolgan.
Natijada, P.Urunov o‘zganing mulkini ochiqdan-ochiq talon-toroj qilish maqsadida tanishlari voyaga yetmagan 21.09.2007 yilda tug‘ilgan R.Ravshanov va fuqaro S.Daminovlar bilan oldindan jinoiy til biriktirib, bir guruh bo‘lishib, joriy yilning 31 avgust kuni soat 13:00 da tumanning “Sanchiqul” mahallasida yashovchi fuqaro Ch.Jurayevning yashash uyining orqasidagi bedapoyada bog‘langan bo‘lgan bozor bahosi 7 mln. so‘mlik 2 bosh qo‘ylarini ochiqdan-ochiq talon-toroj qilib, voqea joyidan yashiringan.
Shu sababli, har birimiz kelajagimiz hisoblangan yoshlarning tarbiyasizga, oilaviy, manaviy va ma’rifiy muhitning sog‘lomligiga
va albatta ularning bandligini ta’minlash masalalariga alohida e’tibor berishimiz darkor.
Joriy yilning 11 oyida jami 107 (57) ta o‘g‘rilik jinoyatlari sodir etilib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 87,7 foizga oshgan.
Sodir qilingan o‘g‘rilik jinoyatlarini tahlil qilganimizda
21 tasi xonadon o‘g‘riligi, 4 tasi savdo shaxobchalaridan o‘g‘rilik, 15 tasi hayvon o‘g‘riligi, 7 tasi tranport vositasidan o‘g‘rilik, 7 tasi kissavurlik, 8 tasi telefon o‘g‘riligi, 2 tasi velosiped o‘g‘riligi,
16 tasi axborot texnolgogiyalaridan foydalanib sodir qilingan o‘g‘irliklarni tashkil etadi.
Jinoyat sabablari o‘rganilganida fuqarolarning uy-joyidagi moddiy qimmatliklar, uy-jihozlari ochiq holda saqlanishi, chorva mollarini ochiq dala maydonlariga tashlab kelishini oldini olish choralari ko‘rilmaganligi, bu borada tushuntirish ishlari olib borilmaganligi oqibatida ushbu jinoyatlarning sodir qilinishiga sharoit yaratilganligi aniqlandi.
Negaki, hozirda tumanimiz fuqarolari o‘zining mol-mulklarini ya’ni, uy-hayvonlarini qarovsiz qoldirishi oqibatida o‘g‘rilik jinoyati ham ko‘payib bormoqda.
Shu sababli, Siz tumanimiz aholisidan yashash joylaringizni Qo‘riqlash xizmatiga texnik qo‘riqlovga topshirish, videokuzatuv vositalari o‘rnatish hamda uy-hayvonlariningizni dalalarda qarovsiz qoldirmasliklaringizni so‘rayman.
Aziz hamtumanlar, tuman hududida sodir etilayotgan jinoyatlarni oldini olishda olib borilayotgan profilaktik ishlarga bee’tibor bo‘lmang, ushbu tadbirlarda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yaqindan yordamingizni ayamang, qonunlarga rioya qiling.