Bosh vazir o‘rinbosari Urgutda yig‘ilish o‘tkazdi. Tumanda ta’lim sifati oshadimi?
Urgut tumanidagi 149-umumiy o‘rta ta’lim maktabida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari B. Musayev rahbarligida yig‘ilish o‘tkazildi.
Viloyat va tuman hokimligi mas’ullari, ta’lim sohasi xodimlari, viloyatlari oliy ta’lim muassasalari rektorlari, maktab direktorlari ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilishda Samarqand viloyati xalq ta’limi tizimidagi muammolar, jumladan, viloyat hamda respublikada eng quyi o‘rinlarda bo‘lgan Urgut tuman xalq ta’limi sohasi tanqidiy-tahlil etildi.
Qayd etilishicha, Urgut tumani xalq ta’limi bo‘limi tasarrufida 143 umumiy o‘rta ta’lim maktabi, 14 maktab filiali mavjud. Mazkur maktablarda 6463 nafar o‘qituvchi 104 mingdan ortiq o‘quvchiga ta’lim-tarbiya berib kelmoqda. Biroq tuman maktablarida malakali o‘qituvchilarning yetishmasligi, kadrlar qo‘nimsizligi, o‘quvchilar hamda ularning ota-onalarining mamlakatimizda amaldagi qonunlarimizga muvofiq joriy etilgan majburiy ta’limga sovuqqonlik bilan munosabati tufayli ta’lim sifati va samaradorligining yildan-yilga pasayib ketishi kuzatilmoqda. Buni Urgut tumani maktablaridagi ta’lim sifati ko‘rsatkichlari nafaqat viloyatda, balki respublikada ham eng oxirgi o‘rinlarda ekanligi ham tasdiqlaydi.
Jumladan, 2019/2020 o‘quv yilida tumandagi 111 maktabning 346 nafar bitiruvchisi yoki 4,7 foizi oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirganligi, 17 maktab yoki 22 foiz maktab bitiruvchisi oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirmaganligi, ayrim maktablarda ikki yil davomida birorta ham bitiruvchisi oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirmaganligi, umumta’lim maktablarida ta’lim sifati va samaradorligini oshirish borasida yetarlicha ishlar olib borilmaganligi muhokama qilindi.
Mazkur muammolarning asosiy yechimi sifatida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 6 noyabrda qabul qilingan farmon va qarorlarini tumanda keng hayotga tatbiq etish, ularning mazmun-mohiyatini pedagoglar orasida targ‘ib qilish yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirining o‘rinbosari Ibrohim Jo‘rayev, oliy ta’lim muassasalari rektorlari, viloyat xalq ta’limi boshqarmasi rahbar-xodimlari hamda maktab direktorlari o‘z takliflari, fikr-mulohazalarini bildirishdi.
Boshqarma axborot xizmatining ma’lum qilishicha, B.Musayev faoliyati davomida mas’uliyatsizlikka yo‘l qo‘ygan maktab direktorlari, mas’ul rahbarlarning faoliyatini qayta ko‘rib chiqish, maktab va oliy ta’lim muassasalari hamkorligini mustahkamlash, yuzaki yondashuvlardan holi tarzda, aniq maqsad belgilab, amaliy natijaga erishish yuzasidan taklif va tashabbuslarini bildirdi. Bu borada mas’ullarga aniq topshiriqlar berdi.