Bozorchilarga soliqqa tortishning yangi tartibi o‘rgatildi
Samarqand shahridagi “Siyob dehqon bozori” mas’uliyati cheklangan jamiyatida Samarqand davlat soliq boshqarmasi tomonidan yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksiga asosan bozorlarni soliqqa tortishning yangi tartibi yuzasidan uchrashuv o‘tkazildi.
Uchrashuvda “Siyob dehqon bozori” mas’uliyati cheklangan jamiyati vakillari va tadbirkorlarga yangi tahrirdagi Soliq kodeksining mazmun-mohiyati, bozorlarni soliqqa tortishning yangi tartibi, shuningdek, sohadagi yangilik va o‘zgarishlar xususida batafsil ma’lumotlar berildi. Bozor ma’muriyati vakillari va tadbirkorlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi. Muhimi, davlat soliq xizmati organlari xodimlarining bevosita joylarga chiqib, tushuntirish berayotgani tadbir ishtirokchilariga manzur bo‘ldi.
– Yangi tahrirdagi Soliq kodeksining mazmun-mohiyati va bozorlarni soliqqa tortishning yangi tartibi xususida bevosita “Siyob dehqon bozori” mas’uliyati cheklangan jamiyati hamda shu yerda faoliyat olib borayotgan tadbirkorlar bilan bevosita muloqot qildik, – deydi Samarqand viloyati davlat soliq boshqarmasi xodimi Valisher Temirov. – Tadbirkorlarga soliq sohasida amaliyotga kiritilgan o‘zgarishlar aks ettirilgan bukletlarni taqdim etdik. Eng muhimi, tadbir ishtirokchilari sohadagi o‘zgarishlarga befarq emasligiga guvoh bo‘ldik. Zero, ular har bir o‘zgarish va yangilik xususida atroflicha ma’lumotga ega bo‘lish istagida o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat etdi. O‘ylaymanki, bu kabi uchrashuvlar avvalo, tadbirkorlarning faoliyatida juda muhim ahamiyatga ega. Soliq sohasi bo‘yicha puxta bilimga ega bo‘lgan tadbirkorlarning faoliyati samarali bo‘ladi.
Umid ALIMOV,
Samarqand viloyati davlat soliq boshqarmasi axborot xizmati xodimi.