Bugun tug‘ilgan kun
Taniqli tilshunos olim Bozor O‘rinboyev hayot bo‘lganida bugun 84 yoshga kirardi.
B.O‘rinboyev 1936 yil 3 iyunda Jomboy tumani G‘azira qishlog‘ida tug‘ildi. Maktabni bitirib, Samarqand tojik pedagogika oliy yurtiga, 1954 yilda Samarqand davlat universitetining o‘zbek filologiyasi fakultetiga imtixonsiz qabul qilindi. Diplom olgach, Jomboy tumani maktablarida o‘qituvchi, ilmiy bo‘lim mudiri va direktor bo‘lib ishladi. Keyinchalik SamDU aspiranti, katta laborant, Qarshi pedagogika instituti dotsenti, Samarqand pedagogika instituti dotsenti, kafedra mudiri, dekan, prorektor va rektor lavozimlarida ishladi.
Jizzax pedagogika instituti rektori bo‘lib ishlagach, 1992 yilda Samarqandga qaytdi va SamDU, Samarqand kooperativ instituti, Samarqand chet tillar institutlarida kafedra mudiri bo‘lib ishladi, bu davrda o‘zbek tili rivojiga katta hissa qo‘shdi.
Olimning xizmatlari davlatimiz tomonidan munosib taqdirlangan. «Shavqatli mehnati uchun», «Mehnat Qizil Bayrog‘i», «Oktyabr inqilobi» ordenlari, O‘zbekiston va SSSR xalq ta’limi a’lochisi sohibi bo‘lgan.
2014 yilda vafot etgan.
Yaqinda domlaning qizi Dilbar O‘rinboyeva bizga olimning o‘zbek tili haqida so‘nggi bor yozgan qoralamasini keltirdi. Quyida ushbu maqolani e’tiboringizga havola qilamiz.
Til – millat boyligi
Dunyoda katta va kichik 5651 til bor, shuning 60 tasida yer yuzi aholisining ko‘pchiligi gaplashadi. Ana shu 60 tilning ichida o‘zbek tili ham bor.
Tillarning har biri muayyan bir xalq ruhining xolis ko‘zgusi sifatida yashab keladi. Bu ko‘zgu xira tortsa, xalq ruhi ham xira tortadi, so‘nadi. Ana shunday ahvolning oldini olish maqsadida 1989 yil 21 oktyabrda O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida»gi qonuni qabul qilindi. Qonunning 1-moddasida «O‘zbekiston Respublikasining davlat tili o‘zbek tilidir», deb bitilgan.
Mustaqilligimiz ona tilimizning mavqeini tiklash, uning jamiyatimiz hayotida davlat tili sifatida amal qilishi uchun keng imkoniyatlar yaratdi. O‘tgan vaqt davomida o‘zbek tilining nufuzi oshdi, uning amal qilish doirasi kengaydi. O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilishi to‘g‘risida Qonun qabul qilinganligi xalqimiz ongida va qalbida katta o‘zgarishlarni vujudga keltirdi. Millatimizda ona tiliga nisbatan jo‘shqin mehr va g‘urur uyg‘ondi. Bu mehr va g‘urur shu darajada kuchayib ketdiki, hatto ayrimlar zo‘rma-zo‘raki ravishda ayrim so‘zlarni tilimizga kiritishga harakat qildilar. Ma’lumki, o‘zbek tili asrlar davomida arab, fors, tojik, rus tillari bilan hamkorlikda bo‘lgan. Juda ko‘p so‘zlarni qabul qilib olgan, ularning ko‘pchiligi tilimiz boyligi va imkoniyatiga aylangan. Masalan, «konstitutsiya» so‘zi lotincha so‘z bo‘lib, «tartib», «tuzilish» ma’nolarini anglatadi. Jahonning barcha mamlakatlarida «konstitutsiya» davlatning Asosiy Qonuni tarzida tushuniladi. Bunday xalqaro so‘zlar xalqlarni o‘zaro yaqinlashtiradi. Siyosatda, iqtisodiyotda, huquqshunoslikda qanchadan-qancha atamalar mavjudki, ular hamma yerda bir xil tushuniladi. Bunday so‘zlarni o‘zgartirmasdan qo‘llash tilimiz imkoniyatlarini kengaytiradi.
XXI axborot asrida jamiyatning o‘zgarishi, sanoat va san’at sohalarining rivojlanishi, tilimizga kompyuter, texnologiya, menejer, fermer, aksiya, kompaniya, Lasetti, Isuzi kabi so‘z va atamalar oqimi kirib kela boshladiki, ular ommaviy muomalaga singib ketdi. Demak, tillar hamkorligi, tilimizning jahon standartlari qatoriga ko‘tarilish jarayonini boshdan kechirmoqda. Bundan tashqari, til islohotidagi oqilona o‘zgarishlardan biri shu bo‘ldiki, o‘zbek tilida mavjud, ammo keyinchalik ruscha so‘zlar bilan almashtirilgan bir qator tarixiy so‘zlar o‘z o‘rniga qaytdi. Masalan: avtonomiya o‘rnida muxtoriyat, administratsiya o‘rnida ma’muriyat, analiz o‘rnida tahlil, broshyura o‘rnida risola, vznos o‘rnida badal, doklad o‘rnida ma’ruza kabi so‘zlar qayta tiklandi.
O‘zbek tilida qo‘llanilayotgan ayrim so‘zlarning muqobillari o‘rinli ishlatila boshlandi: invalid o‘rnida nogiron, kliyent o‘rnida mijoz, tablitsa o‘rnida jadval, kontrol o‘rnida nazorat. Ayrim so‘zlarning muqobili sifatida yangi so‘zlar yasaldi: kosmonavt o‘rnida fazokor, anketa o‘rnida so‘rovnoma, struktura o‘rnida tuzilma kabilar. O‘zga tillarning hamkorligi natijasida ayrim so‘zlarning muqobili sifatida o‘zga tillarga murojaat qilindi: ofitser – zobit, student - talaba, sekretar – kotiba. «O‘zbek tilining izohli lug‘ati»da institut, attestatsiya, aeroport, deputat, klub, notarius, samolyot, fakultet, transport kabi so‘zlar tilimizga singib ketgan. Shu sababli ularni oliygoh, ilmgoh (institut), tayyoragoh, qo‘nalg‘a (aeroport), tajribaxona (laboratoriya), nusxakash (notarius), kulliyot (fakultet), jumhuriyat (respublika) tarzida almashtirilishini ommaviy muomala qabul qilmadi. Bu hayot, jamiyat taraqqiyoti, davr tilga o‘z ta’sirini ko‘rsatib, unga yangiliklarni ato etib, takomillashtirib boraverishidan darak. Faqat bu jarayonni, avvalo, ommaviy muomala, qolaversa, olimlar aql-idrok bilan oqilona boshqarishi lozim, xolos.