Bugungi kunning fidoyilari
Har gal “Zarafshon”ni qo‘lga olar ekanman, quvonaman. Chunki gazeta sahifalaridagi maqolalarni o‘qib, ularning qahramonlari bilan suhbatlashganday, sirlashganday bo‘laman.
Aqlimni tanibmanki, matbuot mening eng yaqin hamrohim. Quvvai-hofizam yetganicha ommaviy axborot vositalarida ijod namunalarim, maqolalarim bilan faol ishtirok etib kelyapman.
O‘zim qo‘shni Navoiy viloyatidan bo‘lganim uchun “Zarafshon” gazetasi bilan yaqin hamkorlik qilayotganimga ko‘p bo‘lgani yo‘q. Ammo keyingi 7-8 yilda tarixiy va diniy-ma’rifiy mavzulardagi maqolalarim bosilib turibdi. Rosti, shu tufayli odamlar, o‘quvchilar, gazetxonlar o‘rtasida e’tibor topdim, ko‘plab ajoyib insonlar orasidan do‘st-birodarlar orttirdim. Bir so‘z bilan aytganda, “Zarafshon” gazetasi bilan hamkorlik qilib kam bo‘lmadim.
AQShning taniqli siyosiy arbobi Tomas Jefferson: “Xalq hukumatsiz yashashi mumkin, ammo gazetasiz yashay olmaydi”, degan ekan. Menimcha ham bu havoyi so‘zlar emas, balki ayni haqiqat. Ba’zilar: “Ota-bobolarimiz gazeta-jurnallar bo‘lmagan davrlarda ham yashashgan-ku”, deyishadi. To‘g‘ri, o‘sha qadim davrlarda matbuot bugungi shakl-u shamoyilda bo‘lmagandir. Lekin amr-farmon hamda turli xabarlarni xalqqa yetkazib turuvchi jarchilar, odamlar orasida targ‘ibot-tashviqot olib boruvchi maddoh-u voizlar, xalqning ijtimoiy fikrini o‘rganuvchi xufya-darakchilar va, nihoyat, har xil mol-matolarni reklama qiluvchi dallol-u dalolatchilar yetarli bo‘lgan.
Xulosa qilib aytganda, axborot olish ehtiyoji hamma davrlarda bo‘lgan. Nazarimda, hatto g‘orlardagi qadimiy suratlarni ham olis ajdodlarimiz shunchaki ermak uchun chizishmagan. Balki o‘sha suratlar orqali ovlagan o‘ljalari haqida xabar berishgan yoki uni reklama qilib maqtashgan. Faqat davr o‘tishi bilan axborot olish va tarqatish usuli o‘zgarib borgan.
Mamlakatimizning keksa nashri - “Zarafshon” bu yil 110 yillik to‘yini nishonlaydi. Shuncha yildan buyon gazetada fikr yuritishga undaydigan va ma’naviy olamga bahra beradigan maqolalar bosilyapti. Tahririyatda mashaqqatli mehnatlaridan nolimay, charchamay, tolmay o‘z ijod-ishini sharaf bilan uddalaydigan qalamkashlar bor.
Bugungi kun gazetachilarini chin ma’nodagi fidoyilar, deyilsa aslo mubolag‘a yo‘q. Bu haqiqatni anglagan oddiy bir qalamkash sifatida dil so‘zim: Borlaringizga shukr, hormang va tolmang, “Zarafshon”chilar!
Suyundik Mustafo Nurotoiy.